19:26 / 20.02.2025
517

Yangi tadqiqot: dunyo muzliklarining erishi tezlashmoqda

Yangi tadqiqot: dunyo muzliklarining erishi tezlashmoqda
Foto: tovima
Global muzliklarning erishi tezlashmoqda, kelgusi yillarda bu dengiz sathining koʻtarilishiga olib kelishi mumkin. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi soʻnggi oʻn yilda muz erishining keskin koʻpayganini aniqladi, deb yozadi Daryo nashri.

2012 yildan 2023 yilgacha boʻlgan davrda 2000 yildan 2011 yilgacha boʻlgan davrga nisbatan taxminan 36 foiz koʻproq muz erigan.

Tsyurix universitetining professori va tadqiqot hammuallifi Maykl Zemp natijalar kutilmagan boʻlmasa-da, “hayratlanarli” ekanini ta'kidladi. Kichikroq muzliklarga ega boʻlgan hududlar ularni tezroq yoʻqotmoqda va koʻpchiligi “joriy asrda saqlanib qolmaydi”.

Shu sababli biz asr oxirigacha dengiz sathining ilgari kutilganidan ham yuqoriroq koʻtarilishi bilan yuzma-yuz turibmiz, dedi Zemp.
U muzliklarning yoʻqolishi, ayniqsa, Markaziy Osiyo va Markaziy And togʻlarida chuchuk suv ta'minotiga ham ta'sir koʻrsatishini ta'kidladi.

Tadqiqotchilar muzliklar asr boshidan beri oʻz hajmining besh foizini yoʻqotganini aniqladi. Bu koʻrsatkich mintaqalar boʻyicha sezilarli farq qiladi: Antarktidada ikki foizdan Evropa Alplarida esa 40 foizgacha yoʻqotish kuzatilgan.

Olimlarga koʻra, oʻrtacha hisobda har yili taxminan 273 milliard tonna muz yoʻqotilmoqda. Bu miqdor butun dunyo aholisining 30 yil davomidagi suv iste'moliga teng.

Tadqiqot Butunjahon muzliklarni kuzatish xizmati (WGMS), Edinburg universiteti va Earthwave tadqiqot guruhi tomonidan olib borilgan.

Tadqiqotda ishtirok etmagan Ekseter universiteti professori Martin Zigert ushbu izlanishni “tashvishli” deb baholadi. Chunki bu muzliklarning yanada koʻproq yoʻqolishini prognoz qiladi.

"Muz qatlamlari massasini tezlashgan sur'atda yoʻqotmoqda — 30 yil avvalgiga nisbatan olti barobar koʻproq. Bu oʻzgarganda biz santimetrlar haqida emas, balki metrlar haqida gaplasha boshlaymiz", dedi Zigert.

Zemp ogohlantirganidek, dunyo muzliklarini saqlab qolish uchun “issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish kerak, bu shunchalik oddiy va ayni paytda murakkab masala”.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo