
Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq Kutubxonasi bundan roppa-rossa besh yil avval ochilgan boʻlib, oʻzining mahobati, boy kitob fondi, konferentsiya va trening xonalari hamda xalqaro hamkorliklari bilan Turkiyaning butun dunuyoga ochiq ma'rifat oynasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Kutubxonaning tantanali ochilish marosimi 2020 yilning 20 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyip Erdoʻgʻon mezbonligida va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda 2500 nafar akademik, olim-u yozuvchilar, davlat va jamoat arboblari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

Oʻsha kundan e'tiboran Xalq kutubxonasi haftada 7 kun 24 soat davomida turli yoshdagi kitobxon va tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatmoqda.
Kutubxona 2 million 500 ming bosma kitob fondi, 23 ming 400 jurnalga tegishli 2 million 900 ming davriy nashr va jami 5 million 400 ming bosma manbaga ega.
136 mamlakatdan 140 tilda kitoblar mavjud!
Prezidentlik Bosh Kotibiyatining Kutubxonalar boʻlimi boshligʻi Ayhan Tugʻlu kutubxona tashkil etilganidan buyon davlat rahbarlari, elchilar bilan birga qariyb 7 million ziyoratchi tashrif buyurganini va oʻtgan yili kunlik oʻrtacha 5 ming kishi kelganini bildirdi.
«Hozirda 5,5 million bosma manbaga erishdik. Kutubxonamiz ham dunyoning turli davlatlaridan olingan maxsus kollektsiyalar bilan boyitildi. Jihannuma zalida 136 davlatdan 140 tildagi kitoblar mavjud», dedi Tugʻlu Xalq kutubxonasining Turkiyadagi eng katta kutubxona ekanligini ta'kidlab.

Tugʻlu tadbirlar faoliyatiga toʻxtalar ekan, dam olish kunlarida 4 guruhga moʻljallangan «tajriba seminarlari», hafta davomida ASELSAN tomonidan robot yordamida sun'iy intellekt darslari, Raqamli Transformatsiya idorasining sun'iy intellekt, tadbirkorlik va kiberxavfsizlik boʻyicha oʻtkazayotgan treninglari hamda oʻz imkoniyatlari doirasida tashkil etgan 30ga yaqin oʻquv mashgʻulotlarining davom etayotgani haqida ma'lumot berdi.
«Kutubxonamiz butun dunyoga tanila boshladi»
Xalq kutubxonasining xorijda ham qiziqish bilan kuzatilayotganini va kutubxonaning, ayniqsa AQShda «Erdoʻgʻan kutubxonasi» sifatida tanilganligligiga e'tibor qaratgan Tugʻlu quyidagilarni qayd etdi:
«Bu joy hozir Turkiyada kutubxonachilikni boshqaradigan markazga aylandi. Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdoʻgʻanning qarashlari tufayli shu darajaga etdik. Kutubxonamiz dunyo miqyosida tanila boshladi. Evropaning koʻplab davlatlari bilan hamkorligimiz bor. Xususan kutubxonamiz Turkiy davlatlardagi ba'zi kutubxonalarga andaza boʻlib xizmat qildi. Noyabr oyida kutubxonaning 5 yilligiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazishni rejalashtirganmiz».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar