
AQSH prezidenti Donald Trampning maslahatchilari 2026 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardan keyin, agar demokratlar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritsa, unga qarshi uchinchi marta impichment e’lon qilinishi mumkinligini hisobga olib, tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Axios nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Tramp ma’muriyati impichment tahdidi paydo bo‘lguncha o‘z taklif va loyihalarini Kongress orqali imkon qadar tezroq amalga oshirishga harakat qiladi. Ayniqsa, asosiy maqsadlardan biri – soliqlarni pasaytirish bo‘ladi.
Hozirda Vakillar palatasi respublikachilar tomonidan nazorat qilinayotgan bo‘lsa-da, oraliq saylovlar natijasiga ko‘ra bu vaziyat o‘zgarishi mumkin. Shu sababdan, demokratlar allaqachon Trampga qarshi uchinchi marta impichment jarayoni boshlashga tayyor ekanliklarini bildirib kelishmoqda. Xususan, Michigan shtatidan bo‘lgan kongressmen Shri Tanedar 28 aprel kuni bu haqda ochiqchasiga ma’lum qilgan.
Trampning saylov kampaniyasi rahbari Jon Maklaflin, saylovlarga qadar ma’muriyat uchun eng asosiy vazifa iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ekanligini qayd etdi: «Biz soliqlarni kamaytirish va iqtisodiy retsessiyadan qochishimiz shart».
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent ham oldinroq oraliq saylovlardan so‘ng impichment xavfi haqida gapirgan edi: «Agar oraliq saylovlarda yutqazsak, demokratlar darhol bizga qarshi biror sabab topib, impichment e’lon qilishga shoshilishadi».
Ma’lumki, Tramp AQSH tarixida ikki marta impichment e’lon qilingan yagona prezident hisoblanadi. Shu bois Axios nashrining ta’kidlashicha, prezident va uning maslahatchilari bu jarayon qanchalik og‘ir va murakkab bo‘lishini yaxshi bilishadi.
Biroq, Trampning yaqin maslahatchilaridan biri, prezidentning impichment jarayoniga nisbatan yondashuvi o‘zgarganini aytib o‘tdi: «Oh, yana impichmentmi? Ular buni ikki marta e’lon qilishdi va natijaga erisholmadi. Demak, bu holatdan yana o‘tish mumkin», deb javob qaytargan.
Ma’lumot uchun, AQSH prezidentiga impichment e’lon qilinishi uchun Vakillar palatasida oddiy ko‘pchilik ovoz talab etiladi, lekin prezidentni lavozimidan chetlatish uchun 100 nafar senatordan 67 nafari ovoz berishi lozim. Bunday holat esa AQSH tarixida hech qachon ro‘y bermagan.
O'zbekiston yangiliklari TrampningImpichmentiOqUyBoshqaruviDemokratlarSaylovlariSoliqlarniPasaytirishIqtisodiyBarqarorlikOraliqSaylovlar2026 Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar