date

Isroilda Tramp nutqi: tinchlik haqida katta bayonot...

Isroilda Tramp nutqi: tinchlik haqida katta bayonot...

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp 13 oktabr kuni Isroil parlamenti — Knessetda chiqish qildi. Uning nutqi zalda o‘tirgan deputatlar tomonidan qarsaklar bilan kutib olindi, deb xabar berdi Jerusalem Post. Tramp bu tashrifni “o‘z hayotidagi katta sharflardan biri” sifatida ta’rifladi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, HAMAS tinchlik kelishuvida ko‘zda tutilgan qurolsizlanish bandini qabul qilgan. «HAMAS qurolsizlanish rejasini amalga oshirishga rozi bo‘ldi. Bu — tinchlikning boshlanishi», dedi Tramp. Uning ta’kidlashicha, G‘azo sektoridagi uzoq yillik mojaro endi tugagan va mintaqada yangi davr boshlanmoqda.

Knesset spikeri Amir Ohana nutqdan so‘ng Trampga yuksak baho berdi. «Biz AQSh Kongressi spikeri Mayk Jonson bilan birga, kelgusi yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzodingizni ilgari surishni taklif etamiz. Bunga munosib shaxs yo‘q, janob prezident», dedi u.

Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid ham yig‘ilishda so‘z olib, «Bu dunyoda ezgulik va yovuzlik bor. Agar kimdir HAMAS yoki Eron rejimi tarafida bo‘lsa, u zulm tarafida. Isroil tarafida bo‘lsangiz — adolat tarafidasiz», deya qayd etdi.

Shu paytda ikki deputat — Ayman Odeh va Ofer Kassiv — Tramp so‘zlayotgan vaqtda “genotsid” yozuvi tushirilgan plakat ko‘targani uchun zalda chiqarib yuborildi.

Tramp nutqida Isroilga ko‘rsatilgan harbiy yordam haqida ham to‘xtaldi. «Biz Isroilga ko‘p qurol yetkazib berdik. Bibi (Netanyahu) menga qo‘ng‘iroq qilib, kerakli qurollarni so‘raganida, men ularni tayyorlab jo‘natganman. Ular eng zamonaviy va samarali qurollar bo‘lib, aynan ular tinchlikka yo‘l ochdi», dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoni demilitarizatsiya qilish rejasi mintaqadagi ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. «HAMAS qurolsizlantiriladi. Isroil xavfsizligiga endi hech qanday tahdid bo‘lmaydi», dedi Tramp.

Avvalroq HAMAS garovda bo‘lganlarni bosqichma-bosqich ozod qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Birinchi guruhda 7 nafar, ikkinchi guruhda esa 13 nafar kishi Isroilga qaytarilgan.

Tuzilgan bitimga ko‘ra, garovda bo‘lganlar evaziga Isroil qamoqxonalaridan 250 nafar umrbod jazoga hukm qilingan falastinlik mahbus va urush boshlanganidan beri hibsda bo‘lgan 1700 kishi ozod etilishi kerak.

Shu tariqa, Donald Trampning Isroildagi nutqi nafaqat diplomatik jarayon, balki jahon siyosiy sahnasida yangi tarixiy bosqich sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilda Tramp nutqi: tinchlik haqida katta bayonot...