G‘azo sektoridagi urushni rasmiy ravishda qoralayotgan arab davlatlari oxirgi yillarda Isroil bilan xavfsizlik sohasida faol hamkorlik qilib kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Amerika nashri The Washington Post o‘z manbalari va qo‘lga kiritilgan maxfiy hujjatlarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hamda olti arab mamlakati — Bahrayn, Misr, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari AQSh ko‘magida “Mintaqaviy xavfsizlik tuzilmasi” (Regional Security Construct) deb nomlangan yangi tizimni tashkil etgan. Kuvayt va Ummon esa kelgusida qo‘shilishi mumkin bo‘lgan hamkorlar sifatida ko‘rilgan.
Ushbu tuzilmaning asosiy vazifasi — Yaqin Sharqdagi razvedka ma’lumotlarini almashish, raketa va dron hujumlariga qarshi kurashni muvofiqlashtirish, shuningdek, Eron va unga yaqin guruhlarga qarshi umumiy xavfsizlik strategiyasini shakllantirish bo‘lgan. Hujjatlarda Eron va uning ta’siridagi tashkilotlar “yovuzlik o‘qi” sifatida ta’riflangani qayd etilgan.
The Washington Post ma’lumoticha, 2022–2025 yillar davomida Isroil va mazkur davlatlar AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) shafeligida Bahrayn, Misr, Iordaniya va Qatarda bir necha maxfiy uchrashuvlar o‘tkazgan.
Hamkorlik doirasida ishtirokchi davlatlar Eronning raketalari va dronlariga qarshi yagona mudofaa tizimini integratsiya qilgan. Saudiya Arabistoni bu jarayonda Isroilga va boshqa qo‘shni davlatlarga razvedka ma’lumotlarini taqdim etib, asosiy rolni bajargan.
2024 yilda tayyorlangan hujjatda esa 2026 yilga qadar Yaqin Sharqda yagona kiberxavfsizlik markazi tashkil etish rejalashtirilgani yozilgan. Bu markaz nafaqat ma’lumot almashish, balki kiberhimoya bo‘yicha qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazish maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil iyun oyida Bahrayn poytaxti Manama shahrida arab davlatlari qo‘mondonlari Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari, general Hertsi Halevi bilan uchrashgan edi.
Shu bilan birga, rasmiy arab davlatlari G‘azodagi qonli to‘qnashuvlarni qorlab kelayotganini aytishsa-da, amalda Tel-Aviv bilan aloqalarni uzmagani haqida bir qator xalqaro manbalar yozgan. Masalan, Axios nashri parda ortidagi muloqot va maxfiy hamkorlik hali ham davom etayotganini ta’kidlagan.
Germaniyaning Bild gazetasi ham 2023 yil dekabrda arab davlatlari jamoatchilik oldida Isroilning G‘azodagi harakatlarini tanqid qilgan bo‘lsa-da, aslida uni HAMASga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
2023 yilning 11 noyabrida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti yig‘ilishida G‘azodagi qurbonlar uchun Isroilga qarshi amaliy choralar ko‘rish haqidagi taklif ham rad etilgan.
Uchrashuvda ayrim musulmon davlatlar Isroilga bosim o‘tkazish maqsadida neft embargosi joriy etish, diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni to‘xtatish, AQSh harbiy bazalari orqali qurol yetkazib berishni cheklash kabi choralarni taklif etgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Iordaniya, Bahrayn, Sudan va Jibuti bunday g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamagan.
Shunday qilib, rasmiy ritorika tinchlik haqida bo‘layotgan bir paytda, arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi maxfiy xavfsizlik hamkorligi mintaqa siyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!