date

Barqaror iqtisodiy taraqqiyot sirini ochgan olimlar Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi

Barqaror iqtisodiy taraqqiyot sirini ochgan olimlar Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi

2025 yildagi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti o‘z sohasining ilg‘or va ta’sirli olimlariga — amerikalik Joel Mokir, fransuz Filipp Agon va yana bir amerikalik Piter Hauitga berildi, deb xabar berdi Nobelprize.org.

Mukofot hakamlari uch iqtisodchining ishini “innovatsion iqtisodiy o‘sish jarayonini ilmiy asosda izohlagani” uchun e’tirof etdi. Ular yaratgan nazariya texnologiyadagi o‘zgarishlar va “bunyodkor buzgunchilik” deb ataluvchi jarayon mamlakatlarning uzoq muddatli farovonligiga qanday ta’sir qilishini ochib berdi.

Nobel qo‘mitasi izohida ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki asr ichida insoniyat ilk bor tarixda barqaror va tizimli iqtisodiy o‘sish davrini boshidan kechirdi. Bu jarayon millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqarishga yordam berdi va farovon jamiyatlar uchun poydevor yaratdi.

“Bu yilgi laureatlar — Mokir, Agon va Hauit — innovatsiyaning taraqqiyotga turtki beruvchi asosiy kuch ekanini isbotlab berdi. Ular insonzotni bir narsani anglashga undadi: barqaror o‘sish tabiiy hol emas, balki doimiy mehnat va izlanish natijasidir. Tarixdagi ko‘p davrlarda iqtisodiy o‘sish emas, turg‘unlik odatiy hol bo‘lgan. Shu bois, laureatlarning ishi bizga o‘sishga halal beruvchi tahdidlarni anglab, ularga qarshi chora ko‘rish zarurligini eslatadi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda Nobel iqtisodiyot mukofoti amerikalik tadqiqotchi Klaudiya Goldinga ayollarning mehnat bozoridagi o‘rni va rivojlanish tendensiyalarini o‘rganganligi uchun berilgan edi. Keyingi yil, 2024 yilda esa Massachusets texnologiyalar instituti olimlari Daron Ajemog‘li va Saymon Jonson hamda Chikago universiteti professori Jeyms Robinson “institutlarning shakllanishi va ularning iqtisodiy farovonlikka ta’siri” bo‘yicha ishlari uchun sovringa loyiq deb topilgan.

Bu yilgi mukofot, shubhasiz, insoniyatning innovatsiya orqali barqaror taraqqiyotga erishish sari intilishini yana bir bor namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Barqaror iqtisodiy taraqqiyot sirini ochgan olimlar Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi