
Oxirgi kunlarda Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarda yangidan-yangi muammoli vaziyatlar kuzatilmoqda. Boshqa yillarda o‘zaro hamkorlik va savdo munosabatlari bilan e’tirof etilgan Moskva va Boku so‘nggi voqealar ortidan bir-birini ochiq ayblash va tanqid qilishga o‘tdi.
Ko‘p yillar davomida Rossiya nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham Ozarbayjon ustidan ta’sirini saqlab qolishga intilgan edi. Ammo so‘nggi voqealar bu balanc o‘zgarganini ko‘rsatmoqda. 27 iyun kuni Yekaterinburgda ozarbayjonlik fuqarolarga nisbatan amalga oshirilgan keng ko‘lamli reydda Rossiya politsiyasi tomonidan 50 dan ziyod inson hibsga olindi. Migratsion operatsiya chog‘ida ikkita inson halok bo‘lgan, yana bir nechta fuqaro og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ozarbayjon rasmiy idoralari bu vaziyatni chuqur o‘rganib chiqishni talab qilib, Rossiya hukumatidan aybdorlarni javobgarlikka tortish va jabrlanuvchilarning yaqinlariga tovon to‘lashni qat’iy so‘radi. Bu bilan birga, Ozarbayjonning “Sputnik Ozarbayjon” ofisida ham maxsus reyd amalga oshirilib, ikki shaxs ushlangani Boku va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirdi.
Rossiyaning propaganda agentligi sifatida tanilgan ushbu ofisdagi ushlash operatsiyasi ortidan Ozarbayjon rasmiylari ushlanganlarni FSB agentlari sifatida ko‘rsatishga urindi. Bu harakatlarga javoban, Rossiyada ham bir nechta ozarbayjon diasporasiga mansub shaxslar hibsga olindi.
Muzokaralar va diplomatik tortishuvlar ortdan-ortga kechmoqda. Rossiya rasmiylari Bokuning keskin e’tirozini “demarsh” deb baholadi. Tahlilchilar Ozarbayjonning bu safar jiddiy to‘qnashuvga kirishgani, Moskva ta’sirida bo‘lishni istamasligi, xalqaro maydonda o‘zining real ovoziga ega davlatga aylanayotganini ta’kidlashmoqda.
Taranglik kuchayishiga yana bir sabab sifatida, 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida sodir bo‘lgan aviafalokat ham qayd etilmoqda. Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga qarashli Embraer 190 uchog‘i halokatga uchragan va undagi ko‘plab yo‘lovchilar hamda ekipaj halok bo‘lgan. Halokatdan so‘ng, uchoq Rossiya havo mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat Moskva va Boku munosabatiga yanada jiddiy soya tashladi — hatto Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi.
Ozarbayjon rasmiylari bu fojea uchun Rossiyadan kechirim so‘rash, aybdorlarni jazolash va jabrlanuvchilarning yaqinlariga tovon to‘lashni talab qilib kelmoqda. Bir paytlar xalqaro maydonda birgalikda harakat qilishga intilib, 2022 yil 22 fevral kuni ittifoqchilik haqidagi shartnomani imzolagan ikki davlat, bugun bir-biriga qarshi turli maydonlarda da’vo bildiryapti.
Iqtisodiy jihatdan Rossiya — Ozarbayjonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri. 2024 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 4,8 milliard dollarni tashkil etdi. Rossiya Ozarbayjonga 3,6 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, Ozarbayjondan 1,2 milliard dollarlik tovar import qilgan. Rossiya Ozarbayjon uchun Italiya va Turkiyadan keyingi eng muhim hamkor. Biroq Ozarbayjon Rossiya iqtisodiyotida atigi 0,6 foiz ulushga ega.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar Rossiya o‘z bozorlarini yopsa, Ozarbayjon yangi eksport yo‘nalishlarini izlashga majbur bo‘ladi, bu esa ichki iqtisodda muammolar va ishsizlik oshishiga olib kelishi mumkin. Boshqa tomondan, Rossiya sanksiyalarga uchragan zamonda, neft va gazini Yevropaga chiqarishda, texnik mahsulotlar va sanoat jihozlari yetkazib berishda Ozarbayjon hududidan keng foydalanadi. “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘nalishi orqali temiryo‘l va tranzit imkoniyatlari ham ushbu ikki davlat manfaatlarini bog‘lab turadi.
Geosiyosiy nuqtayi nazardan qaraganda, Ozarbayjon keyingi yillarda o‘z mustaqilligini va tashqi siyosatda erkinligini yanada namoyon eta boshladi. Vashingtondagi Kennan instituti va boshqa xalqaro tahlil markazlari eksperti Maksim Trudolyubov ta’kidlaganidek, Boku endi “ichki bozorga tobe va har narsaga rozi bo‘ladigan” kichik davlat rolini o‘ynashdan voz kechdi. Ozarbayjon endi Moskvaga ochiq e’tiroz bildirishdan cho‘chimaydi, hatto ularning ta’siriga qarshi turish uchun zarur choralar ko‘radi.
Tahlilchilar fikricha, Rossiya uchun Ozarbayjon bilan munosabatlar nafaqat savdo, balki siyosiy, harbiy va tranzit jihatdan ham o‘ta muhim. Ozarbayjon esa yangi bozorlar, yangi hamkorliklar va geosiyosiy erkinlik sari dadil qadam tashlamoqda. Bu jarayonda, Moskva ham o‘zining ta’sir maydonidagi raqiblariga kuchli “javob” berishga urinadi, lekin postsovet davlatlarining yangi mustaqil siyosat olib borishga intiluvchanligi yildan-yilga oshib bormoqda.
Joshua Kuchera kabi xalqaro tahlilchilar ta’kidlashicha, Boku va Moskva mafkuraviy jihatdan G‘arb ta’siriga qarshi umumiy pozitsiyada turgan bo‘lsa-da, real vaziyatda bir-biridan tobora uzoqlashmoqda. Rossiya uchun Ozarbayjon — texnik va iqtisodiy bog‘liqlik nuqtasida juda muhim bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, Ozarbayjon o‘zining yangi imkoniyatlarini kengaytirishda davom etmoqda.
Tarixiy jihatdan qaraganda, ikki davlat o‘rtasida imzolangan ittifoqchilik shartnomalari amalda doim ham yuzaga chiqmagan. Savdo va iqtisoddagi yaqinlik ortidan siyosiy va diplomatik qarama-qarshiliklar ham keskinlashmoqda.
Shunday ekan, Moskva va Boku munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan. Ozarbayjon bugun nafaqat mintaqada, balki xalqaro miqyosda ham o‘z so‘zini aytishga intilmoqda. Rossiya esa bu vaziyatga o‘z ta’sirini saqlab qolish uchun turli choralar ko‘rishga majbur bo‘layotgani ayon.
Mazkur ziddiyatning kelajakda qanday yechim topishi va bu diplomatik “sessiya”ning qay tarzda yakuniga yetishi butun mintaqa va jahon hamjamiyati uchun qiziqish uyg‘otmoqda. Zamin.uz esa, bu jarayonda barcha muhim voqealar va tahlillar bilan tezkor ravishda o‘quvchilarini xabardor qilib boradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar