date

Xitoyning yangi GESi: energiya revolyutsiyasimi yoki ekologik tahdidmi?

Xitoyning yangi GESi: energiya revolyutsiyasimi yoki ekologik tahdidmi?
Xitoyning yangi GESlari: energiyada o‘sish, xavotir va global e’tibor

Xitoy yana global energiya bozorida katta qadam tashladi: Davlat kengashi raisi Li Syan tomonidan Yarlung Sangpo daryosida beshta kaskadli gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlangani rasman e’lon qilindi, deb xabar berdi chinadaily.com.cn. Loyihani amalga oshirish uchun taxminan 167 milliard dollar sarflanishi rejalashtirilgan.

Tibet mintaqasidan oqib o‘tuvchi Yarlung Sangpo daryosi ustida barpo etiladigan inshootlar yiliga 300 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilayapti. Loyihaga China Yajiang Group mas’ul etib belgilandi. Mazkur energiya, avvalambor, Tibet aholisini energiya bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi, qolaversa, ortiqcha quvvat mamlakatning boshqa mintaqalariga yetkazib beriladi.

BBC ta’kidlashicha, bu inshootlar Xitoydagi mashhur «Uch dara» to‘g‘onidan uch barobar ko‘proq energiya ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa dunyo gidroenergetikasi tarixida yangi bosqich bo‘lishi kutilyapti.

Biroq, loyiha xalqaro miqyosda ham jiddiy munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Hindiston va Bangladesh kabi qo‘shni mamlakatlar rasmiylari Xitoyning bu qadamini mintaqaga bosim o‘tkazish, suv resurslarini nazorat qilish va yangi iqtisodiy ta’sir quroli sifatida baholamoqda. Ekologlar va mahalliy faollar, o‘z navbatida, yangi GES qurilishi ekotizimga va daryo oqimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda. Ayniqsa, suv toshqinlari yoki quyi oqimda suv tanqisligi ehtimoli ko‘tarilmoqda.

Loyiha joylashgan hududning geologik tavsifi ham turli xatarlarga yo‘liqtirishi mumkin. Ekspertlar ta’kidlashicha, bunday tor va chuqur darada damba qurilishi yer qimirlashlarini kuchaytirishi ehtimoldan holi emas. Zilzila yoki kuchli yer qimirlashi tufayli damba vayron bo‘lsa, bu nafaqat iqtisodiy, balki inson hayoti uchun katta falokatga aylanishi mumkin.

Shu sabab, bu mega-loyiha energetika sohasida yangi taraqqiyot va imkoniyatlarni ochayotgani barobarida, mintaqaviy xavotir va global xavflar mavzusini yanada dolzarb etib qo‘ymoqda. Endilikda barcha nazarlar Xitoyning yangi gidroelektr strategiyasi, uning oqibatlari va xalqaro munosabatlarga bo‘ladigan ta’sirida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyning yangi GESi: energiya revolyutsiyasimi yoki ekologik tahdidmi?