date

2026-yildan moped va skuter uchun «prava» olish ancha osonlashadi

2026-yildan moped va skuter uchun «prava» olish ancha osonlashadi

O‘zbekistonda moped va skuter egalari uchun haydovchilik guvohnomasi olish jarayoni endi ancha osonlashadi. Hukumat tegishli qarorni qabul qilib, haydovchilik tizimini soddalashtirish va aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan yangi tartiblarni joriy etdi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan moped va skuterlarni boshqarish uchun yangi «A1» kichik toifali guvohnoma joriy etiladi. Eng muhim yangilik — endi talabgorlar majburiy o‘quv kurslarini o‘tmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon topshira oladi. Ya’ni, 180 soatlik nazariy va 20 soatlik amaliy mashg‘ulotlarni o‘tash talab etilmaydi.

Talabgorlar o‘quv kurslarini istasa onlayn, istasa oflayn tarzda o‘zlashtirishi yoki mustaqil tayyorlanishi mumkin. Nazariy imtihonda 20 ta test savolining 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya bo‘ladi.

Shuningdek, «A», «B», «C» va «D» toifali guvohnomaga ega shaxslar alohida hujjat olmasdan ham «A1» toifali transportni boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Yangi tartib 2026-yil 1-fevraldan yanada kengaytiriladi — «A» va «B» toifalar uchun ham nazariy mashg‘ulotlarni mustaqil o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi. Bu nafaqat vaqtni, balki o‘quv xarajatlarini ham kamaytiradi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-apreldan yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish maqsadida avtomatik kamera tizimlari orqali qayd etiladigan 12 turdagi qoidabuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy qilinadi. Eng muhimi, ballar endilikda transport vositasi egasiga emas, balki aynan qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchiga yoziladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 2026-yildan moped va skuter uchun «prava» olish ancha osonlashadi