
Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi xodimlari poytaxt aholisi orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan shoqolni tutishdi. Yirtqich hayvon Mirzo Ulug‘bek tumanida qo‘lga olindi.
Hokimiyat ma’lum qilishicha, hayvon sog‘lom va yaqin orada Toshkent hayvonot bog‘iga topshiriladi. So‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda shoqolning poytaxt markazidagi turar-joy hududlari, xususan, Darxonda erkin harakatlanayotgani aks etgan foto va videolar tarqalgandi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shoqol odamlarga hujum qilmagan, biroq mushuklarni ovlagan. Taxminlarga ko‘ra, u och qolgan.
Ekologiya boshqarmasi vaziyatni nazorat qilayotganini ma’lum qildi. Idora fuqarolarga yirtqich hayvonga yaqinlashmaslikni va uni ko‘rganda zudlik bilan favqulodda xizmatlarga xabar berishni tavsiya qildi.
Hayvonlarni himoya qiluvchi faolchilar shoqolning paydo bo‘lishini ko‘chalardagi daydi itlarning ommaviy yo‘q qilinishi bilan bog‘lashmoqda. Ularning fikricha, aynan itlar yillar davomida shaharning tabiiy muhitini yovvoyi hayvonlardan himoya qilib kelgan.
"Bu to‘siq yo‘qolganda, uning o‘rnini bo‘rilar, shoqollar va tulkilar egallaydi", deydi faollar.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.