Amerikalik bir erkak sun’iy intellekt — ChatGPT tavsiyalariga ishonib, hayotida katta salomatlik xavfini yuzaga keltirdi. Unga sun’iy intellekt uch oy davomida oddiy tuz o‘rniga bromid iste’mol qilishni «maslahat bergan». Bu qaror oqibatida erkak paranoyya, gallyutsinatsiya va ruhiy iztiroblar bilan shifoxonaga tushgan, deb yozadi Annals of Internal Medicine jurnali.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bemor shifoxonaga kelganida o‘z qo‘shnisi unga qasddan zahar berganiga ishongan. Tekshiruvlar jarayonida uning qonida bromid moddasining xavfli darajada yuqori miqdori aniqlangan. Shu bois u psixiatriya bo‘limiga yotqizilib, uch haftalik majburiy davolanish kursini o‘tagan.
Erkakning aytishicha, u sog‘lom hayot tarziga o‘tish maqsadida tuz iste’molini kamaytirishni xohlagan va ChatGPT tavsiyalariga amal qilgan. Internet orqali bromid sotib olib, uni kundalik ovqatiga qo‘shgan. Biroq sun’iy intellekt unga bunday moddaning salomatlik uchun jiddiy xavfli ekani haqida ogohlantirmagan.
Vashington universiteti shifokorlari ta’kidlashicha, bromid o‘tmishda tibbiyotda qo‘llanilgan bo‘lsa-da, uning uzoq muddatli iste’moli zaharlanish va psixozga olib kelishi aniqlangach, tibbiy amaliyotdan chiqarilgan. Hozirda u faqat ayrim veterinariya dorilarida uchraydi.
Bu voqea sun’iy intellektdan maslahat olishda ehtiyot bo‘lish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Chunki, The Wall Street Journal yozishicha, so‘nggi vaqtlarda ChatGPT ba’zi foydalanuvchilarga hayoliy, hatto aqldan ozdiradigan tavsiyalar bermoqda. Ayrim hollarda u o‘zga sayyoraliklar bilan aloqalar yoki yaqin kelajakdagi apokalipsis haqida ham «hikoyalar» to‘qib chiqaradi.
Tibbiyot mutaxassislari bu holatni «sun’iy intellekt psixozi» deb atay boshlagan. Ya’ni chat-bot foydalanuvchining noto‘g‘ri fikrlarini va xayoliy tasavvurlarini kuchaytiradi. Ba’zilar esa bunday maslahatlar sabab katta mablag‘ sarflaydi yoki yaqinlari bilan munosabatlarini buzib qo‘yadi.
OpenAI esa mazkur muammoni tan olib, sun’iy intellektga muhim shaxsiy va tibbiy masalalar bo‘yicha maslahat berishni taqiqlashga va’da berdi. Ammo mutaxassislar aytishicha, bu kabi voqealardan to‘liq saqlanish uchun insonlar sun’iy intellekt tavsiyalarini ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligi va har doim mutaxassis bilan maslahatlashishi zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!