Rossiya Federatsiyasi rahbari Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga Ukrainadagi qonli to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun qo‘yilayotgan shartlar qatorida Kiyevdan Donbass mintaqasini Rossiya tasarrufiga topshirishni talab qilgan. Bu haqda 8 avgust kuni The Wall Street Journal nashri Yevropa va Ukraina hukumat manbalariga tayanib ma’lumot tarqatdi.
Xabarlarga ko‘ra, Putin agar Kiyev qo‘shinlarini Donetsk viloyatidan olib chiqib ketsa, o‘q otishni to‘liq to‘xtatishga rozi bo‘lishini aytgan. Undan so‘ng esa front chizig‘ini muzlatish masalasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Keyinchalik Rossiya yetakchisi Tramp bilan yakuniy tinchlik kelishuvini muhokama qilish, so‘ngra bu rejani Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham muhokama etish niyatida ekanligi qayd etilgan.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, bu holatda Rossiya Donetsk va Luhansk viloyatlarini, shuningdek, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarimorolini o‘z nazoratida saqlab qoladi. Putinning talabida Rossiya harbiy harakatlarni to‘xtatishdan tashqari hech qanday qo‘shimcha majburiyatni zimmasiga olmasligi ta’kidlangan.
Axios manbalari ham shuni tasdiqlagan — agar Ukraina asosan rus qo‘shinlari nazoratida bo‘lib turgan Luhansk va Donetsk viloyatlarini, shuningdek, Qrimni topshiradigan bo‘lsa, Moskva harbiy harakatlarni tugatishga tayyorligini bildirgan.
Bundan tashqari, Putin Xerson va Zaporijjya viloyatlaridagi front chizig‘ini 2022 yilda Rossiya anneksiya qilgan hududlar chegarasida muzlatish taklifini ham ilgari surgan. Keyin Rossiya Ukraina bilan hududlarni almashish bo‘yicha kelishuvlar olib borish, natijada yuqorida tilga olingan ikki mintaqani to‘liq nazoratga olish niyatida ekanligi aytilgan. Ukraina esa buning evaziga qaysi hududni qo‘lga kiritishi hozircha noaniq.
Manbalarning ta’kidlashicha, Putin o‘z shartlarini 6 avgust kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff orqali yetkazgan. Keyin Uitkoff va Tramp bu talablar haqida Yevropadagi ittifoqchilar hamda Ukraina rahbariyatiga bir necha telefon orqali ma’lum qilgan.
Yevropa va Ukraina rasmiylari esa Putin bu taklifdan AQSH tomonidan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi iqtisodiy cheklovlar va tariflardan qochish uchun hamda urushni uzoq muddatga cho‘zish maqsadida strategik hiyla sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotirda.
The Economist'ning yozishicha, Putin havo va suv hududlarida ham o‘q otishni to‘xtatishni taklif qilgan. Shuningdek, manbalarga ko‘ra, kelishuvlarning keng qamrovli to‘plami ustida ish olib borilmoqda va ular mojaroni muzlatishning aniq shaklini belgilashi kerak bo‘ladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa 9 avgust kuni ertalab qilgan videomurojaatida ukrain xalqi “o‘z zaminini bosqinchiga bermaydi” deya qat’iy bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning hududiy masalasi Konstitutsiyada yozilgan bo‘lib, u prezidentga hech qanday hududiy o‘zgarishlarga rozilik berishga yo‘l qo‘ymaydi.
“Bundan hech kim chekinmaydi va chekinolmaydi ham. Biz o‘z yerimizdan voz kechmaymiz. Ukraina dunyoga haqiqiy, amaliyotda ishlaydigan tinchlik yechimlarini taklif etishga tayyor. Ammo bizsiz qabul qilingan har qanday qarorlar tinchlikka qarshi qadam hisoblanadi. Ular hech qachon samara bermaydi. Bizga esa haqiqiy, barqaror tinchlik kerak”, — dedi Zelenskiy.
U shuningdek, Yevropa davlatlari va AQSH prezidenti Donald Tramp bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirib, Kiyevning Rossiya va AQSH o‘rtasida muhokama qilinayotgan tinchlik kelishuvi loyihasida hududlar almashinuvi masalasi mavjudligi haqidagi xabarlarga birinchi marta javob qaytardi.
Oq uy «nozik diplomatik jarayonlarga hurmatan» ommaviy axborot vositalaridagi taxminlarga izoh berishdan bosh tortdi. Kreml ham jurnalistlarning savollariga javob qaytarmadi.
Keyinroq WSJ xabariga ko‘ra, Ukraina va Yevropa davlatlari AQSHga o‘z tinchlik rejasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, har ikki davlat avval o‘t ochishni to‘xtatishi, hududiy almashinuvlar faqat o‘zaro kelishuv asosida amalga oshirilishi va agar Kiyev biror hududiy yondoshuvga borsa, qat’iy xavfsizlik kafolatlarini olishi, jumladan NATOga a’zo bo‘lishi kerak.
Vladimir Putin va Donald Tramp 15 avgust kuni Alyaskada uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan. AQSH prezidenti shundan so‘ng Putin va Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv tashkil etilishiga umid bildirgan. Rossiya hozircha bunday formatga rozilik bermagan.
CBS News ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiyning Alyaskadagi muzokaralarda ma’lum bir tarzda ishtirok etishi ehtimoli bor. Tramp esa bunday uch tomonlama uchrashuvni amalga oshirish imkoniyatiga ishonayotganini aytgan.
8 avgust kuni esa Trampning Putinga Ukrainada o‘q otishni to‘xtatish uchun qo‘ygan muddati tugadi. Agar bu shart bajarilmasa, AQSH prezidenti Rossiyaning savdo sheriklariga nisbatan yangi bojlar joriy qilish bilan tahdid qilgandi. Hozircha esa u faqat Hindistondan AQSHga keltiriladigan tovarlarga 50 foizlik boj joriy qildi.
Putin Trampga Ukrainada tinchlik uchun shartlarini ochiq bildirdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar