Janubiy Koreya poytaxti Seuldagi Xan daryosidan tushirilgan video butun internet foydalanuvchilarini hayrat va tahlikaga soldi. Videoda aks etgan noma’lum jonzot faqat mahalliy aholi emas, balki butun dunyodagi taniqli blogerlar va tahlilchilar orasida ham muhokamalarni avj oldirdi.
Bu voqea Youtubedagi Jungdam Story kanalida paydo bo‘lgan «Seuldagi Xan daryosidan haqiqiy monstr chiqdi» sarlavhali video orqali tarqaldi. Mazkur rolik bir necha soat ichida minglab ko‘rishlar va yuzlab izohlarga ega bo‘ldi.
Videoning muallifi kechasi baliq tutib o‘tirar ekan, suvda g‘alati harakatni payqab qoladi. Avvaliga bu katta baliq deb o‘ylaydi, ammo diqqat bilan qaraganda — undan ancha yirik va uzun jonzot ekanligi ayon bo‘ladi. Kadrlarda qorong‘i va uzun tanadagi maxluq suv yuzasida qimirlab kelayotgani ko‘rinadi. Qo‘rqib ketgan baliqchi buyumlarini tashlab, u yerdan tezda ketganini aytmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maxluq taxminan 20 daqiqa davomida suvda harakatda bo‘lgan. Uning uzunligi 10 metrgacha, tanasi esa insonga nisbatan ancha qalin bo‘lgan. Qizig‘i, baliqchi ikki xil harakatni ko‘rganini va ehtimol, bu ikki xil jonzot bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Videoni ko‘rgan foydalanuvchilar darhol turli taxminlarni ilgari sura boshlashdi:
- Katta piton yoki alligator;
- Suv kalamushi yoki vidra;
- Ba’zilar esa buni shunchaki illyuziya yoki kamera xatosi deb hisobladi;
- Kimlardir esa “Parazitlar” filmini eslab, baliqchiga u yerga qaytmaslikni maslahat berishdi;
- Yana boshqalar buni zamonaviy mifologiya va “o‘lmas” afsonalar jonlanayotgani deb baholadi.
Bu birinchi marta emas
Qizig‘i, bu kabi voqea avval ham kuzatilgan. 2022 yili ham shunga o‘xshash video tarmoqda tarqalgan edi. Ammo o‘sha holatda "monstr" deb taxmin qilingan jism oddiy suv buyi ekani aniqlangan. Ammo bu safargi videoda jonzot harakatlanayotgani ko‘rinib turgani bois, ish ancha jiddiy ko‘rinmoqda.