Angliya Premer-ligasining sobiq chempioni — “Manchester Siti” safida yosh hamda tajribani uyg‘unlashtirgan yetakchi o‘yinchilardan biri hisoblangan Rodri ayni damda transfer bozori markazida turibdi. Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola esa o‘zining eng ishonchli va strategik ahamiyatga ega futbolchisini yo‘qotish ehtimolidan jiddiy xavotirga tushgan.
Rodri ko‘p yillar davomida “shaharliklar”ning o‘yin tizimida markaziy rol o‘ynagan, jamoaning hujum va himoyadagi barqarorligini ta’minlab kelgan. Shu bois klub rahbariyati uning amaldagi shartnomasini yana ikki mavsumga — 2029 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirish taklifini tayyorlagan. Agar ispan yarim himoyachisi ushbu shartnomaga imzo chekishga rozi bo‘lsa, u Yevropada eng yuqori maosh oladigan yarim himoyachiga aylanishi mumkin.
Biroq bunday daromadli taklif ham Rodrining “Etixad”da qolishini mutlaq kafolatlay olmaydi. Sababi, uni olish niyatida Madridning mashhur “Real” klubi ham bor. “Qirollik klubi” prezidenti Florentino Peres zarurat tug‘ilsa, Rodri bilan shaxsan o‘zi uchrashib, muzokara olib borishini ochiq bildirgan.
Ayni paytda Rodri “Manchester Siti”ning yangi shartnomasiga hali javob bergani yo‘q. Futbol tahlilchilari va insayderlar 29 yoshli yarim himoyachi hali o‘z kelajagi borasida qat’iy qaror qabul qilmaganini ta’kidlamoqda.
Madrid klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso esa Rodrining jahon futbolidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Rodri darajasidagi universal va barqaror o‘yin ko‘rsata oladigan boshqa yarim himoyachi yo‘q. Shu bois “Real”ning ushbu transferga qiziqishi tabiiy hol hisoblanadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Rodri nafaqat La Ligada, balki butun Yevropada eng ko‘zga ko‘ringan markaziy yarim himoyachilardan biri sifatida “qirollik klubi”ning yangi strategik quroliga aylanishi mumkin. Muxlislar esa hozircha bu transfer sagasi qanday yakun topishini katta qiziqish va intizorlik bilan kutmoqda.
"Real" Rodrini olish uchun harakatni kuchaytirayapti, Gvardiola xavotirda...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar