Jahon siyosat maydonida keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan yangilik — Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida yillar davomida cho‘zilib kelgan mojaroga nuqta qo‘ygan tinchlik shartnomasining imzolanishi bo‘ldi. Jurnalistlar va siyosiy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, ushbu kelishuv nafaqat Kavkaz mintaqasida yangi davrni boshladi, balki u Armaniston rahbariyatining AQSH bilan yaqin munosabatlariga oid tortishuvlarni ham keltirib chiqardi.
8 avgust kuni Vashington shahrida, Oq uyning tarixiy zalida, AQSH vositachiligida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Marosimda AQSH prezidenti Donald Tramp, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev shaxsan ishtirok etdilar. Ularning qo‘l qo‘yishi bilan rasman amalga oshgan bitim, rasmiy bayonotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida 35 yildan buyon davom etib kelayotgan qarshilik va qurolli to‘qnashuvlarga chek qo‘ydi.
Donald Tramp marosim chog‘ida nutq so‘zlab, “Armaniston va Ozarbayjon yillar davomida bir-biriga qarshi jang qilgan edi, endi esa ular do‘st bo‘ladi va bu do‘stlik uzoq yillar davom etadi” deya ta’kidladi. Shuningdek, u bu kelishuvni tarixiy burilish nuqtasi sifatida baholadi.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, kelishuvning eng muhimi — Armaniston hududidan o‘tuvchi Zangezur yo‘lagining ma’lum qismi AQSH kompaniyasi ixtiyoriga topshirilishi haqidagi banddir. Ushbu yo‘nalish allaqachon “Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li” deb nomlandi. Shartnoma muddati esa 99 yilni tashkil qiladi, bu esa uni yanada bahsli va dolzarb qiladi.
Ayrim ekspertlar va muxolifat vakillari Nikol Pashinyanni “Armanistonni AQSHga sotganlikda” ayblamoqda. Ularga ko‘ra, bu qadam mamlakat suverenitetiga putur yetkazishi mumkin.
Shu bilan birga, marosim chog‘ida Armaniston, Ozarbayjon va AQSH o‘rtasida tinchlik tamoyillarini belgilaydigan qo‘shma deklaratsiya ham imzolandi. Unda qurolli harakatlarni to‘liq to‘xtatish, ikki davlat o‘rtasida savdo va iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, hozirgi chegaralardagi hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish kabi muhim punktlar aks etdi.
Uchrashuvdan so‘ng Donald Tramp AQSHning Ozarbayjon bilan harbiy hamkorlikka qo‘ygan vaqtinchalik cheklovlarini bekor qilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSH kompaniyalari tomonidan Armaniston va Ozarbayjon infratuzilmasini rivojlantirishga yirik sarmoya kiritish rejalashtirilgani aytildi.
Marosim yakunida Tramp ikki davlat rahbarlariga murojaat qilib, “Ikkovingiz ham tinch-totuv yashaysizlar. Agar qandaydir muammo chiqsa, menga qo‘ng‘iroq qiling, barchasini tuzataman”, deya ishonch bildirdi.
Pashinyan tinchlik shartnomasidan keyin Armanistonni AQSHga sotishda ayblandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar