Kataloniyaning eng mashhur klubi “Barselona”da so‘nggi haftalarda muxlislar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzulardan biri — darvozabon Mark-Andre ter Shtegenning sardorlik borasidagi holati — nihoyat oydinlikka ega bo‘ldi. Klub prezidenti Joan Laporta ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Laportaga ko‘ra, nemis posboni hech qanday ikkilanishsiz jamoaning asosiy sardori sifatida qoladi. “Ilgari kelib chiqqan kelishmovchiliklar endi tarixda qoldi. Mark yana bir bor maydonda haqiqiy yetakchi ekanini namoyish etdi va bunga muxlislar o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishdi. U klubda 11 yildan beri sadoqat bilan o‘ynab kelmoqda, uning yana sardorlik vazifalariga qaytganidan chin dildan mamnunman”, — dedi Laporta.
Prezident shuningdek, ter Shtegenning sog‘lig‘i bilan bog‘liq ayrim omillarni ham tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar La Liga tibbiy komissiyasi ruxsat bersa, “Barselona” qo‘shimcha tarzda Joan Garsiyani ro‘yxatdan o‘tkazish niyatida. Bu, ayniqsa, mavsum davomida jamoaning darvozabon pozitsiyasida barqarorlikni ta’minlash uchun muhim hisoblanadi.
Laporta qolgan transfer ishlari bo‘yicha ham muxlislarni xabardor qildi. Uning ta’kidlashicha, agar birinchi turga qadar barcha kelishuvlar yakunlanmasa ham, klubda hali yetarlicha vaqt mavjud va ish jarayoni to‘xtamasdan davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, ter Shtegen yaqinda orqa umurtqasidagi jarohati sababli operatsiya qildirgan edi. Shu jarayonda u La Liga tibbiy komissiyasi uchun zarur bo‘lgan ayrim hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan. Bu holat yangi darvozabon Joan Garsiyani ro‘yxatga olish jarayonida ma’lum muammolarni keltirib chiqargandi. Natijada, vaqtinchalik ravishda ter Shtegendan sardorlik bog‘ichi olib qo‘yilgan, ammo keyinchalik barcha kelishmovchiliklar hal etilib, u yana sardorlik sharafini tiklab oldi.
Endi esa “Barselona” muxlislari o‘z yetakchisini yana sardorlik maqomida ko‘rishdan mamnun va klub oldidagi yangi mavsum uchun umidlar yanada ortishi tabiiy.
Ter Shtegen “Barselona”da sardorlik maqomini qayta tikladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar