Tanzaniyada shifokorlar noodatiy holatga duch kelishdi: ular 44 yoshli bemorning ko‘kragidan sakkiz yil davomida tanasida qolib ketgan pichoqni olib tashlashdi.
Pravilamag nashrining yozishicha, erkak shifoxonaga o‘ng ko‘kragidan yiringli suyuqlik chiqayotgani uchun murojaat qilgan. U boshqa jiddiy shikoyat qilmaganligi sababli, shifokorlar avvaliga aniq tashxis qo‘yishda qiynalishdi. Ammo bir necha yil avval olgan pichoq jarohati haqida aytib bergach, masalaning sababi ayon bo‘ldi.
Rentgen tekshiruvi natijasida uning ko‘kragida katta pichoq tig‘i qolgani ma’lum bo‘ldi. Qiziq tomoni, tig‘ o‘ng yelka suyagi yonida joylashib, boshqa muhim organlarga zarar yetkazmagan.
Bemor darhol jarrohlikka yuborildi. Operatsiya davomida shifokorlar pichoqni hamda u sabab paydo bo‘lgan o‘lik to‘qimalarni ehtiyotkorlik bilan olib tashlashdi. U bir kun intensiv terapiya bo‘limida kuzatilib, keyin umumiy palataga o‘tkazildi va 10 kun davomida davolandi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu hodisa tibbiyot amaliyotida juda kam uchraydigan holatlardan biridir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!