date

O‘zbekiston havo tozaligi standartlarini kuchaytirdi

O‘zbekiston havo tozaligi standartlarini kuchaytirdi
O‘zbekiston havo ifloslanishiga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishdi. 2024-yilda mamlakat Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib, PM2.5 zarrachalari bo‘yicha milliy me’yorlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga moslashtirdi.

Bu haqda 2025-yilgi State of Global Air xalqaro hisobotida ma’lum qilindi. PM2.5 zarrachalari uchun ruxsat etilgan miqdor endi har kub metrda 35 mikrogrammni tashkil etadi.

Bu JSST tomonidan ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar uchun tavsiya etilgan minimal mezondir. Taqqoslash uchun, eng toza havoga ega bo‘lgan Finlyandiya va Islandiya kabi davlatlarda PM2.5 zarrachalarining o‘rtacha darajasi 5 mkg/m³ dan pastni tashkil etadi.

Havo sifatini nazorat qilish maqsadida O‘zbekiston monitoring tarmog‘ini kengaytirdi. Hozirda u 26 shaharni qamrab olgan bo‘lib, 89 kuzatuv nuqtasi, 23 avtomatik stansiya va bir mobil stansiyani o‘z ichiga oladi.

Kelgusi yillarda qo‘shimcha 347 mini-stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Barcha ma’lumotlar har soatda yangilanib, onlayn tarzda ochiq holda taqdim etiladi.

Shuningdek, mamlakat 2035-yilgacha mo‘ljallangan birinchi Milliy havo muhofazasi strategiyasini ishlab chiqmoqda. Ushbu hujjat transport, sanoat va boshqa manbalardan keladigan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtiradi.

Xalqaro hisobotga ko‘ra, 2023-yilda havo ifloslanishi butun dunyoda 7,9 million o‘limga sabab bo‘lgan. Ushbu o‘limlarning 90 foizi daromad darajasi past va o‘rta bo‘lgan davlatlarda kuzatilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekiston havo tozaligi standartlarini kuchaytirdi