Tramp kutilmagan hazil qildi: uch davlat haqida

AQSH prezidenti Donald Tramp Kanada, Grenlandiya va Venesuela kelajakda AQSH tarkibiga qo‘shilishi mumkinligi haqida hazilomuz fikr bildirdi, deb xabar qilmoqda The Washington Post.
Nashr manbalariga ko‘ra, mazkur bayonot Tramp tomonidan shanba kuni Alfalafa klubida o‘tkazilgan yopiq formatdagi kechki ovqat chog‘ida aytilgan.
Gazeta yozishicha, prezidentning ayrim hazillari zaldagi ishtirokchilar kutgan darajada qabul qilinmagan va shu sababli yig‘in davomida zal bir necha bor sukutga cho‘mgan.
Tramp, shuningdek, Grenlandiyaga harbiy yo‘l bilan kirib borish niyati yo‘qligini, aksincha uni sotib olish mumkinligini hazil tariqasida ta’kidlagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon Grenlandiyani AQSHning 51-shtatiga aylantirishni rejalashtirmagan. Aksincha, Kanada 51-shtat bo‘lishi, Grenlandiya esa 52-shtatga aylanishi mumkin.
Shu bilan birga, Tramp hazil ohangida Venesuela ham kelajakda AQSH tarkibiga qo‘shilib, 53-shtat bo‘lishi ehtimoldan xoli emasligini aytgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!