date

Yerga o‘xshash yangi sayyora aniqlandi

Yerga o‘xshash yangi sayyora aniqlandi

Xalqaro astronomlar guruhi HD 137010 b deb nomlangan yangi ekzosayyora kashf etilganini ma’lum qildi. U Yerdan taxminan 146 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘lchami jihatidan Yerga ancha yaqin va o‘z yulduzi atrofida aylanish davri ham o‘xshash ekani ta’kidlandi. Bu haqda “Gardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sayyora NASAning «Kepler» kosmik teleskopi (K2 missiyasi) 2017-yilda to‘plagan ma’lumotlar asosida aniqlangan. Tahlillarga ko‘ra, HD 137010 b Yerdan atigi 6 foizga kattaroq, undagi “bir yil” esa 355 kun davom etadi. Tadqiqotchilar bahosiga ko‘ra, ushbu sayyora “yashashga yaroqli zona”da joylashgan bo‘lish ehtimoli 50 foizni tashkil qiladi — ya’ni nazariy jihatdan bu hududda suv suyuq holatda mavjud bo‘lishi mumkin.

Biroq orbita va davr o‘xshashligiga qaramay, u yerdagi sharoit Yerdagidek yengil bo‘lmasligi ehtimoli katta. Tizimdagi asosiy yulduz Quyoshga o‘xshash sanaladi, ammo u sovuqroq va xiraroq ekani qayd etilgan. Shu sabab sayyora yuzasidagi harorat Marsdagisiga yaqin bo‘lib, -70 darajadan ham pastga tushishi mumkin.

Suinbern texnologiya universiteti doktori Sara Uebb fikricha, sayyorada suv miqdori ko‘p bo‘lishi ehtimoli bor, lekin uning katta qismi muz holatida qotib qolgan bo‘lishi mumkin. Janubiy Kvinslend universiteti doktori Chelsi Xuang esa topilmaning asosiy ahamiyati aynan yulduzning yaqinligi va yorqinligida ekanini ta’kidlaydi: u Yerdan taxminan 150 yorug‘lik yili masofada joylashgan.

Taqqoslash uchun, avvalroq ma’lum bo‘lgan eng yaqin Kepler-186f ekzosayyorasi to‘rt baravar uzoqda joylashgan va deyarli 20 baravar xira ekani aytilmoqda. Shuning uchun ham, olimlar fikricha, HD 137010 b kelajakda yanada chuqurroq o‘rganilishi mumkin: yulduzning yaqinligi va yorqinligi tufayli keyingi avlod teleskoplari uning atmosferasi va sirtidagi sharoitlar haqida muhim ma’lumotlar berishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Yerga o‘xshash yangi sayyora aniqlandi