Japarov: Kazinolar qarori iqtisodiy foyda berdi

Sadir Japarov Qirg‘izistonda kazinolar faoliyatiga ruxsat berish bo‘yicha qabul qilingan qaror bugungi kunda o‘zini to‘liq oqlaganini ta’kidladi. Bu haqda “24.kg” nashri ma’lum qildi.
Davlat rahbarining eslatishicha, 4 yil avval kazinolarni qonuniylashtirish tashabbusi jamiyatda keng muhokama va bahslarga sabab bo‘lgan edi. Shunga qaramay, Jogorku Kenesh tomonidan qonun qabul qilingan.
Japarov bugungi kunda bu soha mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini, eng asosiysi esa mahalliy aholi zarar ko‘rmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kazinolar asosan xorijiy va badavlat mijozlar hisobiga ishlamoqda.
Prezident ilgari bildirilgan xavotirlar — Qirg‘iziston fuqarolari kazinolarga ommaviy ravishda qatnay boshlashi haqidagi taxminlar amalga oshmaganini qayd etdi. Aksincha, bu tizim yangi ish o‘rinlarini yaratib, turizm sohasini ham rivojlantirgan.
Shuningdek, u ilgari xorijda ishlagan fuqarolar endi vatanga qaytib, ushbu sohada mehnat qilayotganini ham ijobiy holat sifatida tilga oldi.
Japarovning fikricha, eng muhim natija — davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad tushishi va iqtisodiy muvozanatning saqlanib qolishidir.