date

Energiya yoʻqotishlari sabab 44 rahbar lavozimdan chetlatildi

Energiya yoʻqotishlari sabab 44 rahbar lavozimdan chetlatildi

Energetika sohasida jiddiy oʻzgarishlar boshlandi. Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov rahbarligida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida oʻtkazilgan tanqidiy yigʻilishda tizimdagi kamchiliklar keskin muhokama qilindi. Yigʻilish davomida elektr energiyasi yoʻqotishlari yuqori boʻlgan hududlar kesimida 44 nafar tuman va shahar elektr korxonalari rahbarlari oʻz lavozimidan ozod etildi.

Vazir oʻz nutqida energiya samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni keskin qisqartirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida taʼkidladi. Shu munosabat bilan sohadagi mavjud muammolar tanqidiy ruhda tahlil qilindi.

Maʼlum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda boʻlib oʻtgan mazkur yigʻilishda tarmoq rahbarlari, hududiy elektr va gaz taʼminoti korxonalari mutasaddilari ham ishtirok etgan. Unda inspeksiya organlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari ham koʻrib chiqildi.

Xususan, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilgan oʻrganishlarda qator jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida hududlarda maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgan. Ular tomonidan jami 106 140 ta transformator punkti tekshirilib, 25 668 tasi taʼmirga muhtoj ekani maʼlum boʻlgan. Ayni paytda ushbu qurilmalarni tiklash va modernizatsiya qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Yigʻilishda, shuningdek, yuqori yuklamada ishlayotgan elektr tarmoqlarida eski simlarni yangilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Noqonuniy ulanishlar va energiya oʻgʻirliklarining oldini olish choralarini kuchaytirish ham ustuvor yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi.

Eng keskin qarorlardan biri sifatida elektr energiyasi yoʻqotishlari 20 foizdan yuqori boʻlgan hududlardagi rahbarlar lavozimidan chetlatildi. Jumladan, Andijon filialida 14 nafar, Jizzaxda 7 nafar, Samarqandda 10 nafar, Qashqadaryoda 4 nafar, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida 2 nafardan rahbarlar ishdan olingan.

Yigʻilish doirasida gaz taʼminoti tizimidagi kamchiliklar ham jiddiy tanqid qilindi. Xususan, “Hududgaz Xorazm” filiali rahbarining ishdan ozod etilishi boʻyicha topshiriq berilgani maʼlum qilindi.

Bu kabi qatʼiy choralar sohada tartib-intizomni kuchaytirish, resurslardan samarali foydalanish va aholini barqaror energiya bilan taʼminlashga qaratilgan. Endi asosiy savol — yangi tayinlanadigan rahbarlar ushbu ishonchni oqlay oladimi yoki yoʻq? Vaqt bu savolga aniq javob beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Energiya yoʻqotishlari sabab 44 rahbar lavozimdan chetlatildi