Tramp Mersni tanqid qildi: “AQSH ishlariga aralashmang”

AQSH prezidenti Donald Tramp Germaniya kansleri Fridrix Mersga nisbatan keskin bayonot bilan chiqdi. U kanslerni Qo‘shma Shtatlar ichki va tashqi siyosatiga kamroq aralashishga chaqirib, e’tiborini Germaniyadagi muammolarga qaratishni tavsiya etdi.
Tramp o‘zining Truth Social sahifasida yozishicha, Mers avvalo o‘z mamlakatidagi muammolarni hal etishga e’tibor berishi kerak. Xususan, u Germaniyada migratsiya siyosati va energetika tizimidagi kamchiliklarni tanqid qilib, bu sohalarda jiddiy islohotlar zarurligini urg‘ulagan.
“Germaniya rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash borasida samarasiz bo‘ldi. Endi esa o‘z mamlakatidagi tizimni tiklash bilan shug‘ullanishi lozim”, — deya ta’kidladi Tramp.
Shuningdek, AQSH rahbari Eron tomonidan yuzaga kelayotgan yadroviy tahdidga qarshi kurash masalasida ham fikr bildirib, bu yo‘nalishda AQSH harakatlariga tashqi aralashuvlar noo‘rin ekanini qayd etdi. Uning fikricha, aynan shu choralar dunyo xavfsizligini, jumladan Germaniya barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mers AQSHning Eron bilan bog‘liq strategiyasini tanqid qilib, Vashingtonning aniq rejasi yo‘qligini bildirgan edi. U muzokaralar jarayonida Tehron o‘ziga qulay taktika tanlayotganini ham ta’kidlagan.
Tahlilchilarga ko‘ra, ikki yetakchi o‘rtasidagi bu keskin fikr almashinuvi transatlantik munosabatlarda yangi taranglik yuzaga kelayotganidan darak berishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!