
26 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchinchi «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» iqtisodiy forumi doirasida Yevropa Ittifoqining xalqaro sheriklik bo‘yicha komissari Yozef Sikela ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikning iqtisodiy asoslari hech qachon hozirgidek ishonchli bo‘lmaganini ta’kidladi. Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Sikela O‘zbekistonga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu forumning joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» sammitining mantiqiy davomi ekanini qayd etdi.
«Biz hamkorlikni chuqurlashtirishga va’da bergan edik. Bugun biz umumiy kun tartibini aniq harakatlarga aylantirmoqdamiz», — dedi Yozef Sikela.
Evrokomissar Markaziy Osiyo mintaqasining ulkan mineral resurslari zaxiralari, yosh va malakali ishchi kuchi hamda Sharq va G‘arb tutashgan geografik joylashuv kabi aniq afzalliklarini alohida e’tirof etdi. Yevropa Ittifoqi esa ilg‘or texnologiyalar, kuchli investitsion salohiyat va mintaqaviy integratsiya bo‘yicha tajribani taklif qilmoqda.
Yevropa Ittifoqi hanuzgacha Markaziy Osiyoning ikkinchi yirik savdo sherigi, eng katta investori va rivojlanish sohasidagi asosiy donori maqomini saqlab kelmoqda. O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 foizga oshgan bo‘lsa-da, bu hali yetarli emasligini ta’kidladi Sikela.
U, shuningdek, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlarga alohida e’tibor qaratdi. Qozog‘iston bilan imzolangan kelishuv kuchga kirganidan beri sezilarli natijalar qayd etilgan bo‘lsa, yaqinda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ham shunga o‘xshash kelishuvlar imzolangan yoki ishga tushirilgan.
«Ushbu kelishuvlar savdo, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va barqaror o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, bu esa hammamiz uchun foydalidir», — dedi Yevrokomissar. Forumda infratuzilmani rivojlantirish masalasi ham muhim mavzulardan biri bo‘ldi.
Sikela Yevropa Ittifoqining global infratuzilma tashabbuslariga javobi bo‘lgan «Global Gateway» («Global portal») strategiyasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Markaziy Osiyoda ushbu strategiya doirasida 12 milliard yevro miqdorida investitsiya paketi shakllantirilgan.
Ushbu mablag‘lar transport yo‘laklari, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mineral resurslar, raqamli aloqadorlik, suv, energetika va iqlim sohalaridagi loyihalarga yo‘naltiriladi. Evrokomissar Yevropa uchun nafaqat xomashyo, balki mintaqada yaratiladigan qo‘shimcha qiymat ham muhim ekanini ta’kidladi.
Bu esa mineral resurslarni joyida qayta ishlash, energetika va transportni modernizatsiya qilish orqali xarajatlar va chiqindilarni kamaytirish, shuningdek, investitsiya uchun jozibador muhit yaratishda yordamni o‘z ichiga oladi. Forum doirasida muhim mineral resurslar bo‘yicha oltita yangi kelishuv imzolanganligi e’lon qilindi.
Ushbu kelishuvlar ochiqlik, mas’uliyat va loyiha ishlab chiqishda hamkorlikni nazarda tutadi. Evropa tajribasiga murojaat qilgan holda Sikela mintaqa davlatlarini institutlarni mustahkamlash va o‘zaro iqtisodiy muvofiqlikni davom ettirishga chaqirdi.
«Yevropa erishgan natijalarga o‘nlab yillar davomida ishonch va investitsiyalar orqali erishildi», — dedi u. «Bank ishlaridagi kabi, eng yaxshi kelishuvlar uzoq muddatli bo‘lib, barcha tomonlarga haqiqiy foyda keltiradigan kelishuvlardir.
Bugungi forum aynan shunday o‘zaro manfaat haqida bo‘lsin va uni hayotga tatbiq etsin», — deya yakunladi o‘z nutqini Yozef Sikela.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.