Xansi Flik “Real” ustidan qozonilgan g‘alabani qanday baholadi?

“Barselona” bosh murabbiyi Xansi Flik “Real Madrid”ga qarshi 3:2 hisobidagi dramatik g‘alabadan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va bu natija jamoa uchun naqadar muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Nemis mutaxassisining so‘zlariga ko‘ra, final o‘yini juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan va “Real” kabi prinsipial raqibga qarshi bahs har doim yuqori sur’at hamda kuchli raqobat ostida o‘tadi. U jamoasi maydonda rejalashtirilgan taktik rejani aniq bajarganidan g‘ururlanishini bildirdi.
"Ajoyib, bu juda muhim final edi. "Real"ga qarshi o‘yinlar har doim juda qiziqarli bo‘ladi. Men faxrlanaman, biz aynan rejalashtirganimizdek o‘ynadik.", — dedi kataloniyaliklar bosh murabbiyi.
Flik hozircha kiyinish xonasiga kirmaganini, futbolchilar esa g‘alabani nishonlab, bayram muhitida ekanini aytdi. U shogirdlarining kayfiyatini ko‘rib, jamoaning o‘yinidan yanada faxrlanganini yashirmadi. Bosh murabbiyning ta’kidlashicha, “Barselona” uchrashuv davomida to‘pni ham, o‘yin ritmini ham nazorat qila olgan.
Uning fikricha, bahs oson kechmagan, biroq jamoa sifatida oxirigacha kurash olib borilgan. Har bir futbolchi maydonda o‘z vazifasini sidqidildan bajargan va yakunda jamoaviy harakat g‘alabani ta’minlagan.
"Men hali kiyinish xonasiga kirmadim, futbolchilar hozir bayram qilishyapti, faqat ularning raqs tushayotganini ko‘rdim. Juda faxrlanaman — biz nihoyatda yaxshi o‘ynadik, to‘pni ham, o‘yinni ham nazorat qildik. Yakunda butun jamoa biz istagan tarzda harakat qildi. Oson bo‘lmadi, biz g‘alaba uchun jamoa sifatida kurash olib bordik.", — dedi Xansi Flik.
Shuningdek, Flik ayrim futbolchilarning ruhiy tayyorgarligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, Rafinyaning mentaliteti unda katta taassurot qoldirgan. Garchi u ilk vaziyatdan foydalana olmagan bo‘lsa-da, keyingi imkoniyatni aniq golga aylantirib, jamoasiga ustunlik olib kelgan.
Xansi Flikning ta’kidlashicha, bunday xarakter va irodaga ega futbolchilar butun jamoaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va katta g‘alabalar aynan shu jihatlar evaziga qo‘lga kiritiladi.
"Rafinyaning mentaliteti meni hayratga soladi, bizda shunday boshqa futbolchilar ham bor, ammo u butun jamoaga ta’sir o‘tkazadi. U birinchi vaziyatdan foydalana olmadi, ammo ikkinchisini golga aylantirib, bizga ustunlik berdi", — dedi kataloniyaliklar bosh murabbiyi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!