Tibo Kurtua Superkubok finalidagi mag‘lubiyatni izohladi

“Real Madrid” darvozaboni Tibo Kurtua Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”dan uchralgan yutqazishdan keyin o‘yin tafsilotlari va jamoaning hozirgi holati haqida fikr bildirdi.
Belgiyalik posbonning ta’kidlashicha, prinsipial raqibga aynan finalda mag‘lub bo‘lish har doim og‘ir qabul qilinadi. Shu bilan birga, u jamoa endi butun e’tiborni ichki musobaqalarga qaratgan holda La Liga va Kubokda kurashni davom ettirishi lozimligini aytdi.
Kurtua fikricha, ushbu uchrashuvda mayda detallar hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi oylarda “Real” o‘yinida ko‘p holatlar kutilgandek kechmayapti va bu finalda ham o‘z aksini topdi. Darvozabon jamoa bu o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashi mumkin bo‘lganini ham alohida ta’kidladi.
"Prinsipial raqibga finalda yutqazish hamisha noqulay. Endi e’tiborni La Liga va Kubok uchun ishga qaratsak kerak. Bugungi o‘yinda detallar biz tarafda bo‘lmadi — bu so‘nggi oylarda ko‘p narsa kutilgandek bo‘lmayotgan davr. Biz bu uchrashuvni g‘alaba bilan yakunlashimiz mumkin edi.", — dedi Kurtua.
U birinchi taymda jamoa himoyada juda chuqur o‘ynaganini, ikkinchi bo‘limda esa raqibning sur’ati pasayib, “Real”da bir qator yaxshi imkoniyatlar yuzaga kelganini qayd etdi. Biroq hal qiluvchi pallalarda to‘p darvoza to‘riga borib ulanmadi.
Kurtua birinchi gol urilgan vaziyatda xatoga yo‘l qo‘yilganini, uchinchi gol esa rikoshet orqali kirib ketganini eslatdi. Uning fikricha, aynan shunday mayda jihatlar katta o‘yin taqdirini belgilab beradi. Shuningdek, darvozabon ko‘plab zarbalar raqib posboni Joan Garsiya tomonidan qaytarilganini ham aytdi.
Vinisius Junior haqida gapirar ekan, Kurtua jamoa braziliyalik hujumchiga to‘liq ishonishini bildirdi. U Vinisiusning salohiyati juda yuqori ekanini, ayniqsa uning finalda urgan goli haqiqiy san’at asari bo‘lganini ta’kidladi.
So‘zining yakunida Tibo Kurtua “Real Madrid” La Liga, Chempionlar Ligasi va Kubokda kurashni davom ettirishi shart ekanini, mavsum hali oldinda ekanini urg‘ulab o‘tdi.
"Biz unga ishonamiz va nimalarga qodirligini bilamiz. U juda iqtidorli yigit, ayniqsa uning golini aytar ekanman — u haqiqiy shedevr edi. Shuningdek, jamoa La Ligada, Chempionlar Ligasi va Kubokda kurashishni davom ettirishi kerak", — dedi Kurtua Movistar efirida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!