
Saudiyaning Midad Energy kompaniyasi Lukoylning xorijdagi aktivlarini sotib olish uchun asosiy da’vogarlar safidan joy oldi. Bu haqda Reuters agentligi muzokaralar jarayonidan xabardor uchta manbaga tayanib xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Midad Energy aktivlarni 22 milliard dollar naqd pulga xarid qilishni ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, mablag‘larni Rossiyaning neft kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishiga qadar maxsus hisobda saqlash rejalashtirilgan.
Manbalardan birining ma’lum qilishicha, bu kelishuvda Amerika kompaniyalari ham ishtirok etishi mumkin. Midad Energy bosh direktori Abdulelo Al-Ayban Saudiya Arabistoni milliy xavfsizlik maslahatchisi Musa’id Al-Aybanning ukasi hisoblanadi.
Musa’id Al-Ayban joriy yilning fevral oyida Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarda qatnashgan. Ularning otasi Muhammad Al-Ayban ilgari qirollikning razvedka xizmatlarini boshqargan.
Reuters agentligi Midad Energy kompaniyasining bu qiziqishi AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida iqtisodiy aloqalarning faollashuvi fonida yuzaga kelganini ta’kidlamoqda. 2025 yilda tomonlar mudofaa, energetika va texnologiyalar sohalarida kelishuvlar imzolagan, bu doirada Ar-Riyod 1 trillion dollargacha investitsiya kiritish niyatini bildirgan.
Midad Energy va Lukoyl kompaniyalari agentlikning bu boradagi so‘rovlariga izoh berishdan bosh tortdi. AQSH moliya vazirligi ham Reutersning so‘roviga tezkor javob bermadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.