Grentem sun’iy intellekt bozorida klassik pufak alomatlarini ko‘rmoqda

GMO investitsiya kompaniyasi hammuassisi va bozordagi «pufak»larni erta payqashi bilan tanilgan Jeremi Grentem sun’iy intellekt (SI) atrofidagi shov-shuv klassik bozor pufagi belgilarini olayotgani, u katta ehtimol bilan og‘riqli korreksiya bilan yakunlanishini aytdi. U bu fikrlarini Bloomberg‘ning Merryn Talks Money podkastida bildirib o‘tdi.
Grentemning ta’kidlashicha, SI haqiqatan ham iqtisodiyot va biznesni tubdan o‘zgartirishi mumkin, biroq moliyaviy bozorlar yana tanish ssenariyni takrorlamoqda: investorlar kutgan natijalar va aktivlar bahosi texnologiyaning real iqtisodiy ta’siridan ancha ilgarilab ketgan. U bunga o‘xshash holat XIX asrdagi temir yo‘llar «bumi» va 1990-yillar oxiridagi internet davrida ham kuzatilganini eslatdi.
Investor uzoq muddatda eng ishonchli yondashuv sifatida arzon baholangan aktivlarni sotib olish strategiyasini ko‘rsatdi. Uning fikricha, bozorda mashhur bo‘lgan ko‘plab «premium»lar, jumladan kichik kapitallashuv effekti ham, oxir-oqibat, bir tamoyilga borib taqaladi: qadrsizlangan qimmatli qog‘ozni olish va qimmatlashganini sotish.
Grentem, shuningdek, AQSH fond bozori hozirda ortiqcha baholangan ko‘rinishda ekanini qayd etdi. O‘sish SIga yo‘naltirilgan yirik sarmoyalar hamda investorlarning «hayvoniy instinktlar»i kuchaygani hisobiga qo‘llab-quvvatlanayotgani aytiladi, biroq bugun narxlar qanchalik baland bo‘lsa, kelajakdagi potensial daromad shunchalik past bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, u investorlarni AQSH bozoridan butunlay chiqib ketishga chaqirmaydi. Eng jozibador imkoniyatlarni Grentem ommaviy savdodagi kompaniyalardan ko‘ra, venchur sarmoyalar va startaplar segmentida ko‘rmoqda: u yerda SIning haqiqiy salohiyati baholarda hali to‘liq aks etib ulgurmagan.
Grentem ushbu qarashlarini bozorlardagi qisqa muddatli fikrlash sharoitida uzoq muddatli investitsiya xavflariga bag‘ishlangan The Making of a Permabear: The Perils of Long-Term Investing in a Short-Term World kitobida batafsil yoritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!