“Valentino red” bilan tanilgan dizayner 93 yoshida Rimda hayotdan ko‘z yumdi

XX asr modasining eng nufuzli ijodkorlaridan biri Valentino Garavani 93 yoshida Rimdagi uyida vafot etdi. Bu haqda Valentino Garavani va Giancarlo Giammetti jamg‘armasi Instagram sahifasida xabar berdi. Ma’lumotga ko‘ra, dizayner yaqinlari qurshovida, osoyishta holatda hayotdan ko‘z yumgan.
Valentino 1960 yilda asos solgan Valentino moda uyi orqali jahon modasida o‘ziga xos uslub maktabini yaratdi. U Giorgio Armani va Karl Lagerfeld singari nomlar bilan bir qatorda eng yuqori pog‘onaga ko‘tarilgan dizaynerlardan bo‘ldi. Brendning eng taniqli ramzlaridan biri “Valentino red” rangidir.
Qizil rangga bo‘lgan muhabbatiga Ispaniyaga safari chog‘ida ko‘rgan taassurotlari turtki bo‘lgani aytiladi va keyinchalik u brend timsoliga aylangan. Hatto 2008 yildagi so‘nggi kolleksiyasida ham podiumga chiqqan modellar qizil liboslarda namoyish etilgan. Valentino bilan vidolashuv 21–22 yanvar kunlari Rimdagi Piazza Mignanelli maydonida, dafn marosimi esa 23 yanvar kuni Santa Maria degli Angeli e dei Martiri bazilikasida bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!