Duginning bayonoti: suverenitet bahsi Markaziy Osiyoda qizidi yana...

Rossiyalik faylasuf va Z-ritorikasi bilan tanilgan Aleksandr Dugin so‘nggi intervyusida postsovet hududidagi davlatlar suverenligi masalasiga keskin yondashib, “dunyoning yangi modeli”da mustaqil milliy davlatlar mavjud bo‘lishi mumkin emas, degan mazmunda fikr bildirdi. Bu bayonot axborot maydonida yana bir bor “kim nimaga da’vo qilyapti?” degan savolni kun tartibiga olib chiqdi.
Duginning asosiy tezisi shundan iborat: u “uch qutbli dunyo” shakllanyapti, deb hisoblaydi va bu tizimda Rossiya “kuch markazi”ga aylanib, atrofidagi hududlar ustidan nazoratni kuchaytirishi kerak, deydi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya nazoratida bo‘lmagan makonlar “betaraf mintaqa” bo‘lib qolmaydi — aksincha, AQSH va Yevropa Ittifoqi yoki Xitoy uchun “tayanch nuqta”ga aylanishi mumkin.
Bayonotning eng bahsli nuqtasi esa — Dugin ayrim mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyo respublikalari suvereniteti mavjudligini amalda inkor qiladigan mazmunda gapirganidir. U milliy davlatlar davri “tugadi” degan qarashni ilgari surib, buni yangi geosiyosiy arxitekturaning “qonuniy” holati sifatida tasvirlaydi. Qisqasi, gap “falsafa” deb boshlanadi, lekin mazmuni to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy bosim ritorikasiga borib taqaladi.
Dugin kim degan savolga kelsak, u ko‘pincha neoyevrosiyochilik g‘oyalari bilan bog‘lanadi va G‘arbga qarshi, antiliberal pozitsiyalari bilan tanilgan shaxs sifatida turli manbalarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Shu nuqtada muhim detal: bunday figuralarning har bir chiqishi oddiy “fikr almashinuvi” emas — bu, ko‘p holatda, auditoriyani kayfiyat jihatidan tayyorlashga qaratilgan tezislar paketi bo‘ladi.
Fon ham qiziq: shu kunlari Rossiya telemaydonida ham shov-shuvli bayonotlar ko‘paydi. Masalan, Vladimir Solovyovning Armaniston va Markaziy Osiyo haqidagi gaplari katta muhokamaga tushganidan keyin Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova bu fikrlar davlatning rasmiy pozitsiyasi emas, teleboshlovchining shaxsiy mulohazasi ekanini aytdi.
Yana bir ishora: ayrim mamlakatlar Rossiyadagi keskin bayonotlar beruvchi shaxslarga kirish cheklovlarini joriy etib kelyapti. Xususan, Qozog‘istonda ayrim manbalar Duginni “kirish nomaqbul” shaxslar ro‘yxatida tilga oladi.
Bu bayonotlar nimaga ta’sir qiladi?
Amaldagi siyosatni ertagayoq o‘zgartirib yuboradi, deb aytolmaymiz. Lekin axborot maydonidagi bunday signallar uchta xavfli narsani tezlashtiradi:
- jamoatchilikda xavotir va ishonchsizlikni oshiradi;
- “suverenitet — shartli narsa” degan g‘oyani normallashtirishga urinadi;
- mintaqaviy davlatlarning ichki-tashqi qarorlariga bosim fonni kuchaytiradi.
Shu yerda bir narsa aniq: suverenitet qog‘ozdagi shior emas — iqtisodiy barqarorlik, qonun ustuvorligi, armiya va xavfsizlik tizimi, diplomatik aloqalar va eng muhimi, millatning ichki birdamligi bilan ushlab turiladi. Boshqacha aytganda, “mavjudligingni qabul qilishmaydi” degan gaplarga eng kuchli javob — davlatning o‘z ishini sistemali qilishi.
Oxirida — kayfiyatni tushirmaymiz: axborot maydonida baland gapirgan har kimning so‘zi “real reja” degani emas. Lekin bunday bayonotlarni “e, diqqatga arzimaydi” deb ham qo‘yib yuborib bo‘lmaydi. Hushyorlik — panika emas. Bizga kerak bo‘lgani: faktga tayanish, rasmiy manbalarni kuzatish va o‘z uyimizdagi ustunlarni mustahkam qilish. Zero, kelajakni “kimdir biz haqimizda nima dedi” emas, “biz nima qilayapmiz” degan savol hal qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!