Ispaniyada poyezd fojiasidan keyin uch kunlik motam e’lon qilindi

Ispaniya hukumati Andalusiya avtonom hamjamiyatida yuz bergan og‘ir temir yo‘l halokatidan so‘ng mamlakat bo‘ylab uch kunlik motam e’lon qilishini bildirdi. Bu haqda jurnalistlarga qirollik hukumati raisi, Bosh vazir Pedro Sanches ma’lum qildi.
“Biz bugun yarim tunda (20 yanvar) boshlanib, payshanba kuni yarim tungacha (23 yanvar) davom etadigan uch kunlik rasmiy motam e’lon qilamiz”, — dedi Bosh vazir. Shuningdek, u mazkur voqea sabablarini o‘rganishda mutlaq ochiqlik va to‘liq shaffoflik ta’minlanishiga va’da berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 18 yanvar kuni Ispaniyada ikkita tezyurar poyezd relsdan chiqib ketgan. Oqibatda 40 kishi halok bo‘lgan, jabrlanganlar soni esa 150 nafardan oshgan.
Eslatib o‘tilishicha, halokat Kordoba viloyatidagi Adamus shahri yaqinida, Madriddan taxminan 360 kilometr janubda ro‘y bergan. Madriddan Uelvaga yo‘l olgan 27 yoshli poyezd mashinisti ham vafot etgani qayd etildi.
Ikki poyezdda jami 317 yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning aksariyati dam olish kunlaridan keyin Madridga yoki Madriddan qaytib ketayotgan ispanlar ekani aytilmoqda. Yanvar oyi sayyohlik mavsumi hisoblanmagani sababli, poyezddagilar orasida necha nafar sayyoh bo‘lgani hozircha aniq emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!