date

O'zbekiston AQShda uchta yangi konsullik ochadi

O'zbekiston AQShda uchta yangi konsullik ochadi

O'zbekiston AQShdagi diplomatik ishtirokini kengaytirishni va havo qatnovi yo'nalishlarini ko'paytirishni rejalashtirmoqda. Mamlakatning amaldagi vakolatxonalariga qo'shimcha ravishda uchta yangi konsullik ish boshlaydi, parvozlar geografiyasi esa Kaliforniya hamda Florida tomon kengayishi mumkin. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Bu haqda O'zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidikov 17 yanvar kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma'lum qildi. Uning aytishicha, o'nlab yillar davomida O'zbekiston manfaatlarini AQShda asosan Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdagi bosh konsullik ifodalab kelgan.

Endilikda yangi konsulliklar Chikago, San-Fransisko hamda Vashington shtatida ochilishi ko'zda tutilgan. Diplomatik tarmoqni kengaytirish rejalari AQSh fuqarolari uchun 2026 yildan O'zbekistonda vizasiz tartib joriy etilishi fonida e'lon qilindi.

Elchi O'zbekiston mintaqada Amerika bilan to'g'ridan-to'g'ri aviaaloqaga ega yagona aviatsiya xabi bo'lib qolayotganini ta'kidladi. Hozir Nyu-York yo'nalishida haftasiga 5 ta reys amalga oshirilmoqda, kelgusida esa AQShning g'arbiy qirg'og'i yoki janubiga — Kaliforniya yoxud Florida tomon to'g'ridan-to'g'ri parvozlar yo'lga qo'yilishi muhokama qilinmoqda.

Sidikov AQSh bozorida mamlakatni targ'ib qilishdagi hozirgi yondashuvlarni tanqid qilib, ko'plab materiallarni “shablon” deb baholadi. U turoperatorlarga auditoriyaning aniq ehtiyojlariga moslashgan mahsulot va takliflarni ishlab chiqishni tavsiya qildi.

Yangi targ'ibot strategiyasi doirasida O'zbekiston National Geographic telekanali bilan hamkorlikni boshladi. Joriy yilda telekanal ijodiy guruhi respublikaga kelib, hujjatli serial suratga olishi rejalashtirilgan — loyiha O'zbekistonning turistik brendini xalqaro tomoshabinga tanishtirishga qaratiladi.

Elchi yakunda mablag'larni rasmiy tadbirlarga emas, kuchli marketingga, shuningdek, nufuzli global blogerlarni jalb etishga yo'naltirish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, O'zbekiston AQSh bilan o'z fuqarolari uchun viza olish tartibini soddalashtirish bo'yicha muzokaralar olib borayotgani bildirildi. Elchi jarayon uzoq davom etishini va ko'p jihatdan AQSh tomoni qarorlariga bog'liqligini aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » O'zbekiston AQShda uchta yangi konsullik ochadi