Hindistonda 9 politsiyachiga o'lim jazosi berildi: Ota va o'g'ilning shafqatsiz o'ldirilishi

Hindistonda 2020 yilda ota-o'g'ilning hibsdagi o'limiga sababchi bo'lgan 9 nafar politsiyachiga o'lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.
58 yoshli P. Jeyaraj va uning 38 yoshli o'g'li Beniks koronavirus pandemiyasi davrida karantin qoidalarini buzib, uyali aloqa do'konini yopmagan. Ular hibsga olinganidan bir necha kun o'tib, qamoqda vafot etgan.
“Bu ish xizmat vakolatini ochiqdan ochiq suiiste'mol qilishdir”, degan sudya.
U ikki erkak echintirilib, bir-birining ko'z o'ngida shafqatsizlarcha kaltaklanganini aytgan.
“Ular buni qasd bilan o'ldirish niyatida qilishgan. Ular qurolsiz odamlarga hujum qilishdi. Ularni kechirib bo'lmaydi. Yoshi yoki oilaviy ahvoliga qarab engilroq jazo berilmasligi kerak. Ularning hammasi o'qimishli odamlar”, dedi sudya.
Ota va o'g'ilning shafqatsizcha o'ldirilishi yuzasidan jami o'n nafar politsiya xodimi hibsga olingan, biroq ayblanuvchilardan biri 2020 yilda koronavirusdan vafot etgan.
Bu voqea Tamil Nadu shtatida norozilik namoyishlariga sabab bo'ldi. Muxolifat yetakchisi Rahul Gandi va hind kriketchisi Shikhar Dhavan kabi shaxslar ham ijtimoiy tarmoqlarda ota-o'g'il uchun adolat talab qilgan.
Bu voqea Hindistonda politsiya zo'ravonligi muammosini yana kun tartibiga olib chiqdi. Huquq himoyachilari tomonidan aytilishicha, mamlakatda har yili yuzlab odamlar hibsda vafot etadi. Ular politsiya tomonidan iqrorlik ko'rsatmasini olish uchun qiynoqlarga uchrayotganini ta'kidlashmoqda. 2026 yil boshida BMT ekspertlari Hindistonga politsiya tizimini xalqaro inson huquqlari standartlariga mos ravishda modernizatsiya qilishga chaqirgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!