Xitoy orbitaga navbatdagi 18 ta internet-yo‘ldoshini muvaffaqiyatli chiqardi

Xitoy o‘zining global internet-infratuzilmasini kengaytirish doirasida navbatdagi qadamni tashladi. SpaceSail (Qianfan) loyihasi doirasida 18 ta yangi sun’iy yo‘ldosh muvaffaqiyatli tarzda kosmosga uchirildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu missiya Venchan kosmodromidan Long March-8 (Changzheng-8) raketasi yordamida amalga oshirildi. Mazkur yo‘ldoshlar Ku, Q va V diapazonlarida ishlaydi va Shanghai Spacesail Technologies kompaniyasi tomonidan Shanxay hukumati ko‘magida ishlab chiqilgan.
Rejaga ko‘ra, 2030-yil oxiriga qadar mazkur tizim tarkibidagi yo‘ldoshlar soni 15 mingtagacha yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha Xitoyning global miqyosda internet bilan ta’minlash imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Long March-8 raketasi o‘zining oltinchi parvozini amalga oshirdi. Ushbu yangi avlod tashuvchisi past orbitaga 7,6 tonnagacha yukni olib chiqa oladi. Bugungi parvoz Changzheng raketalar oilasi uchun tarixiy 643-chi muvaffaqiyatli missiya bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!