17:03 / 14.01.2018
6 762

Dubaydagi o‘zbek: «Toshkent xalqaro aeroportini dunyo darajasiga olib chiqish uchun yordam beraman»

Dubaydagi o‘zbek: «Toshkent xalqaro aeroportini dunyo darajasiga olib chiqish uchun yordam beraman»
Qisqacha ma’lumot:
Suhbatdoshim — Dubay xalqaro aeroportida 10 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Bekzod Bakirov. U 1984 yil 27 dekabrda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. U Bag‘doddagi iqtidorli o‘g‘il bolalar litseyida, so‘ngra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetida tahsil olgan. Universitetni bitirish arafasida Dubay xalqaro aeroporti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan, 2008 yildan buyon amirliklarda ishlaydi. Oilali, 3 nafar farzandi bor.

— Dubay jozibasi butun dunyo aholisini o‘ziga tortib keladi. Mo‘’jizakor shaharda sizga yoqadigan jihatlar nimada?
— Darhaqiqat, Dubay har qanday odamni hayratga soladigan shahar. Bu yerda siz dunyoning hech qayerida uchramaydigan, noan’anaviy me’morchilik uslubida qurilgan inshootlar, biznes, savdo va ko‘ngilochar markazlarni uchratishingiz mumkin. Shu bois bo‘lsa kerak, tashrif buyuruvchi sayyohlar soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda.

Men Dubayning bu darajada taraqqiy topishiga asosan ikki sababni ko‘rsatgan bo‘lardim. Birinchisi, erkin iqtisodiy zona sifatida jahon bozorini barpo etishni uddaladi. Ikkinchi sabab esa sayyohlik markaziga aylana oldi. Har ikki sabab bir-birini to‘ldiradi.

Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish zarur. Birlashgan Arab Amirliklari hududida juda erkin harakatlanish mumkin. Yetti amirlikdan tashkil topgan bo‘lsa ham ular o‘rtasida chegara yo‘q. Yoningizda hujjat bo‘lmasa ham, qoida buzmasangiz, biron kishi bezovta qilmaydi.

BAAda qurilish ishlari har doim davom etadi. Ya’ni bu jarayon bir necha yildan berib to‘xtovsiz kengayib boryapti. Mutaxassislarning fikricha, dunyodagi har to‘rtinchi kranning bittasi Dubayda ishlaydi.

Ish tartibi O‘zbekistondagidan bir oz farq qiladi. Yakshanba haftaning birinchi ish kuni, juma va shanba dam olish kuni hisoblanadi.
Iqlim juda issiq: qish bo‘lmaydi, qor yog‘maydi. Sovuq tushdi deganda ham ko‘chada harorat +14 daraja bo‘ladi.

— Bilamizki, Dubayda o‘zbeklar ham ko‘p. Ular asosan nima bilan shug‘ullanadilar? Qaysi sohada ularni ko‘p uchratamiz?

— Ayrim statistik ma’lumotlarda keltirilishicha, Dubayda 15 mingga yaqin o‘zbek yashaydi. Ularning aksariyati savdo-sotiq sohasida ishlaydi. Savdo markazlarida texnika, kiyim-kechak, oyoq kiyimi, qo‘yingki barcha yo‘nalishlarda vatandoshlarimizni uchratishingiz mumkin. Bu yerda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, boshqa faoliyat turlari bilan ham shug‘ullanadigan o‘zbeklar ko‘p. O‘zbekistondagi va Dubaydagi ko‘p yurtdoshlarimiz bilan tez-tez aloqada bo‘lib turaman, kerakli yordam va maslahatlarni o‘z vaqtida berishga harakat qilaman.

— Dubayga borishingizning asosiy sababi nimada? Bu bolalik orzulari bilan bog‘liqmi yoki taqdir taqozosi?

— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlash arafasida amaliyot o‘tash uchun talabalar vazirliklarga yuboriladi. Aynan o‘sha payt Dubay xalqaro aeroportidan mas’ul xodimlar kelib, bir necha bosqichli imtihonlarni o‘tkazishdi. Men muvaffaqiyatli o‘tdim, oradan bir oz o‘tib ular rasman ishga taklif qilishdi hamda viza va chiptalarni yuborishdi.

Dubay mening bolalik orzuim bo‘lmagan. To‘rtinchi kursdaligimizda magistraturani AQShda o‘qishni rejalashtirgandim. Bilasiz, Amerika universitetlarida o‘qishning o‘zi bo‘lmaydi, katta xarajat talab qiladi. Shu sababli vatandoshlarimiz ham ishlab, ham o‘qishadi. Dubay xalqaro aeroportidan bo‘lgan taklifdan keyin men rejalarimga sal o‘zgartirish kiritdim. Ya’ni ikki yil Dubayda ishlayman, yetarlicha mablag‘ yig‘aman va AQShda magistratura o‘qiyman. Biroq taqdir taqozosi ekan, bu yerda 10 yil qolib ketdim. Afsuslanmayman. O‘tgan har bir kunimga shukr qilaman. Hayotda hamma reja ham siz o‘ylaganday amalga oshmasligi mumkin.

— Ko‘pchilikdan eshitganim — Dubayda oilaviy yashash juda qimmat. Ishlab, pulni O‘zbekistonga yuborish qulay deyishadi.


— Oilaviy yashash haqiqatan ham qimmat, aytish mumkinki, judayam qimmat. Hamyurtlarimiz asosan oddiyroq ishda ishlaydi. O‘rtacha oylik maoshi 1500-3000 AQSh dollari atrofida. Agar katta lavozimda bo‘lsa, oylik maoshlar miqdori ancha yuqori, ular uchun yashash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Biroq oddiy ishda ishlovchi insonga yashash joyi, farzandlarining bog‘chasi, maktabi xarajatlarini ko‘tarish qiyin. Ya’ni oilaviy yashash, ijara va ovqatlanish, bir bolani bog‘chaga berishning oylik xarajati 2 000 dollardan oshib ketadi. Maktab ta’limi uchun to‘lov undan ham qimmat, bir o‘quvchiga oyiga — 450 dollar. Turarjoy ijarasi uchun kamida yarim maoshingiz ketadi. Shuning uchun vatandoshlar ko‘pchilik bo‘lib turarjoyni ijaraga olishadi, oilasi esa O‘zbekistonda yashaydi. Shundayam oylik to‘lovi kishi boshiga 200 dollardan kam tushmaydi.

— Til muammosi qiyin emasmi? Asosan ingliz tilida ish olib boriladimi?
— Men arab tilini besh oyda o‘rgandim. Albatta, oson bo‘lgani yo‘q. Lekin astoydil kirishsangiz, o‘rganib olasiz. Biroq Dubayda ko‘pchilik arab tilini bilmaydi. Asosiy muomala ingliz tilida bo‘ladi. Lekin bu yerda ishlash yoki sayohatga kelish uchun hech bo‘lmasa ingliz tilini bilish shart.

— Ish joyingiz, Dubay xalqaro aeroporti haqida gaplashsak...

— Aeroportga ishga 2008 yilda kelganman. Dastlab kelganimda ro‘yxatga oluvchi xodim bo‘lib 4 yil ishladim. Tajribam oshgandan keyin lavozim ham ko‘tarila boshlandi. Ro‘yxatga oluvchi xodimlar boshqaruvchisi bo‘lib 3 yil ishladim. Undan keyin imtihon topshirib, boshqa bo‘limga o‘tdim. Hozir samolyotlarga yuk, kargo, konteynerlar yuklanishini nazorat qilaman. Ta’kidlash lozimki, bu yerda bilim olishga, til o‘rganishga juda hurmat bilan qarashadi. Arab tilini bilgan xodimlarga oylik ustama haqi qo‘shib beriladi.

Dubay xalqaro aeroporti dunyodagi eng tig‘iz jadvalli aeroportlardan biri hisoblanadi. O‘rtacha hisobda har uch daqiqada bitta samolyot qo‘nadi yoki uchib ketadi. Dubayning hududi kichik bo‘lsa ham shunday katta aeroportga ega. Bu yerdan har bir mamlakatga, dunyoning istalgan burchagiga reys topish mumkin. O‘z davlatidan uchib ketolmagan sayyohlar ko‘pincha Dubay orqali o‘z manziliga yetib oladi.

Agar aeroportni bir soatga yopib qo‘ysa, juda katta noqulayliklar kelib chiqadi. Chunki erta tongda bir daqiqada 2 ta qo‘nish va parvoz bo‘lishi mumkin. Samolyotlar havoda aylanib, qo‘nishni kutib turadi. Bu holat aeroportning barcha xodimlariga katta mas’uliyat yuklaydi.

Ma’lumot uchun aytay, Londonning Xitrou aeroporti yo‘lovchi oqimi bo‘yicha 30 yil davomidadunyoda birinchi o‘rinda turgan. 2014 yili Dubay aeroporti 70 million xorijiy sayyohga xizmat ko‘rsatib, undan o‘zib ketdi.

2016 yilgi statistikasiga ko‘ra, Dubay xalqaro aeroporti yo‘lovchilarning umumiy soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. AQShning Jorjiya shtatidagi Atlanta aeroporti birinchi o‘rinda (104 million), ikkinchi o‘rinda Beyjing Kapital (94 million), uchinchi o‘rinda Dubay xalqaro aeroporti (83 million). Bu umumiy yo‘lovchi soni bo‘yicha reyting. Ya’ni AQSh fuqarolarining shtatlararo mahalliy reyslari ham hisobga olingan. Dubayda esa amirliklararo parvozlar yo‘q, shu sababli, yuqoridagi raqamlar xorijiy sayyohlar oqimi natijasidir.

— Musofir yurtda yaqinlarsiz ko‘p muddat yashash qiyin. Oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi barcha qiyinchiliklarga chek qo‘yadi. Dubayda oilangiz bilan yashaysizmi?

— Ha, albatta. Yaqin insonlarsiz, ularning qo‘llab-quvvatlashisiz muvaffaqiyatga erishish qiyin. Ota-onam, barcha qarindoshlarim O‘zbekistonda. Dubayda oilam bilan turaman. Uylanganganimdan so‘ng oilamni ko‘chirib olib kelganman. Hozir uch nafar farzandim bor — Xadicha, Muhammad, Sofiya. Qizlarim shu yerda maktabda o‘qishadi, bir yilga qolmasdan ingliz tilida erkin so‘zlashadigan bo‘lishdi. Turmush o‘rtog‘im farzandlar ta’limi, tarbiyasi bilan mashg‘ul. Arab tilini o‘rganayapti.

— Kelajakda O‘zbekiston bilan bog‘liq qanday rejangiz bor? Dubayda orttirgan tajribangiz bizning mamlakatda ham asqotishiga ishonasizmi?

— O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda juda tez o‘zgarishlar sodir bo‘lyapti. Har kuni yangiliklar saytlari orqali yurtimiz hayoti bilan tanishib boryapman. To‘g‘risini aytsam, juda xursandman.

Tajribaga kelsak, men aviatsiya sohasida 10 yildan buyon ishlayapman. Bu boradagi eng so‘nggi talablar, innovatsiyalar bilan yaqindan tanishman. Kelajakda Toshkent xalqaro aeroportini jahon darajasiga olib chiqishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. So‘nggi paytlar Vatanga qaytish istagi kuchayib boryapti.

— Bag‘dod tumanidagi iqtidorli o‘g‘il bolalar litseyi — juda ko‘p iqtidor egalarini tarbiyalagan bilim dargohi. Litsey bitiruvchilarining yutuqlaridan xabardormisiz? Sinfdoshlaringiz bilan aloqa saqlanib qolganmi?

— Albatta, bizni shu darajaga yetkazgan dargohning ahamiyati katta. Juda ko‘plab bitiruvchilar hayotda o‘z o‘rnini topganidan xursandman. Litseydan uchirma bo‘lgan, bugun katta yutuqlarga erishayotganlar ko‘p. Men ularning barchasiga omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.

Sinfdoshlarim bilan aloqalar yaxshi, xabarlashib turamiz. Hamma katta hayotga qadam qo‘ygan, o‘z rejalarini amalga oshirish bilan ovora.

Fursatdan foydalanib, ustozlarimga minnatdorchilik bildirmoqchi edim. Meni matematikaga oshno qilgan Muhammadjon Dehqonov, ona tili va adabiyotdan saboq bergan Norqo‘zi Qosimov (oxiratlari obod bo‘lsin), ingliz tili o‘qituvchimiz Shoira Meliboyeva. Bugungi darajaga yetishishimizda ularning mehnati cheksiz.

— Aeroportda ishlash oson emas. Mehnatdan bo‘sh paytingizda miyaga qanday dam berasiz? Ya’ni xobbingiz nima?
— Mening xobbim — kitob o‘qish. Mutolaani juda yaxshi ko‘raman. Keyin matematika jonu dilim. Iqtisodni ham tinimsiz o‘rganaman.

— Mazmunli suhbatingiz tashakkur.

— Sizga ham rahmat. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portalining kelgusi ishlarida omad tilayman!

Qiziqarli ma’lumotlar:

Birlashgan Arab Amirliklari 7 ta amirlikdan tashkil topgan. Maydoni — 77 ming kvadrat kilometr (O‘zbekistonning beshdan bir qismidan ham kichikroq).
Aholisi — 9,5 mln. kishi.
Dubay BAA hududining 5 foizini tashkil qiladi. Biroq umumiy aholining uchdan bir qismi shu yerda yashaydi.

Dubayning 85 foiz aholisi xorijdan kelganlardan iborat. Mahalliy aholi atigi 15 foizni tashkil etadi. Bu yerda 200 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi.
Qobuljon Ahmedov suhbatlashdi

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dubaydagi o‘zbek: «Toshkent xalqaro aeroportini dunyo darajasiga olib chiqish uchun yordam beraman»