Sabi kompaniyasi fikrlarni matnga aylantiruvchi aqlli bosh kiyimni taqdim etdi

Sabi startapi Sabi Cap deb nomlangan yangi qurilmani namoyish etdi. Bu oddiy bosh kiyim ko‘rinishidagi neyrointerfeys bo‘lib, ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, u inson fikrlarini raqamli matnga aylantirish qobiliyatiga ega. Qurilma ichiga 100 mingga yaqin EEG-sensorlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular miya elektr faolligini qayd etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tizim Brain Foundation Model deb nomlangan maxsus sun’iy intellekt modeli yordamida ishlaydi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, model 100 ming soatdan ortiq miya faolligi yozuvlari asosida o‘qitilgan. Sabi Cap foydalanuvchining ichki nutqini daqiqasiga 30 ta so‘z tezligida matnga o‘girishi va jarrohlik aralashuvisiz, ya’ni chip implantatsiyasiz ishlashi va’da qilinmoqda.
Biroq, mutaxassislar ushbu texnologiyaga nisbatan skeptik qarashmoqda. Asosiy muammo shundaki, EEG signallari har bir insonda turlicha bo‘ladi va bosh suyagi orqali o‘tayotganda ko‘plab shovqinlar hamda buzilishlar yuzaga keladi. Neyrotexnologiyalar bo‘yicha maslahatchi JoJo Platt bunday qurilmalar uzoq muddatli sozlamalarsiz ishlashi kerakligini, hozirgi texnologiyalar esa hali bunga tayyor emasligini ta’kidlaydi.
Hozircha Sabi o‘z qurilmasining texnik namoyishlarini yoki mustaqil test natijalarini e’lon qilmagan. Mahsulotni 2026-yilda bozorga chiqarish rejalashtirilgan. Shunga qaramay, generativ sun’iy intellekt rivojlanishi fonida klaviatura va ekranlarsiz boshqaruv imkonini beruvchi bunday neyrointerfeyslarga qiziqish ortib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!