Lids Yunayted Yuventus hujumchisini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi

Lids Yunayted yozgi transfer oynasida Yuventus hujumchisi Lois Openda uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Daniel Farke jamoaning hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida belgiyalik futbolchini Elland Road stadioniga olib kelishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Garchi Koventri Siti ham ushbu transfer poygasiga qo‘shilgan bo‘lsa-da, Lids Yunayted bitimni yakunlash uchun eng qulay imkoniyatga ega jamoa deb baholanmoqda. Klub rahbariyati hujumchini ijaraga olib, keyinchalik sotib olish sharti bilan Angliya Premer-ligasiga jalb etmoqchi.
Yuventus 26 yoshli futbolchini tarkibdan chiqarib yuborishga tayyor. Italiya klubi RB Leyptsigdan olingan hujumchi uchun 35 million funt sterling atrofida mablag‘ sarflagan bo‘lsa-da, u kutilgan natijani ko‘rsata olmadi. Openda joriy mavsumda 37 ta o‘yinda maydonga tushib, atigi 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Lids Yunayted rahbariyati futbolchiga yuqori maosh taklif qilishga tayyor. Klub mutasaddilari Openda o‘zining avvalgi formasi — RB Leyptsigdagi sermahsul o‘yinlarini qayta tiklashiga ishonch bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!