date
views 7 288

Ispanlar o‘yini yoxud Kolumb va Beruniy munozarasi

Ispanlar o‘yini yoxud Kolumb va Beruniy munozarasi
Ma’lumki, Al Beruniy, Nosiriddin Tusiylar boshlang‘ich meridianini tuzib chiqqan shaharlar Makka, Madina, Bag‘dod, Damashq, Quddus, Qohira, Urganch, Samarqand, Buxoro singari shaharlardan to Qurdobagacha borgandi. Bilamizki, Qurdoba Ispaniyada, arablar Ispaniyani bosib olgan davrlarda vujudga kelgan xalifalik shahri. Al Beruniy va Tusiylar tuzib chiqqan boshlang‘ich meridianlar Grinvich meridianidan anchagina farqli bo‘lib chiqdiki, bu ular Xristofor Kolumb Amerikani ochmasidan oldin “Yangi dunyo” haqida bilishgan, degan iddaoni beradi. Yanayam aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, Tusiy Al Beruniydan juda ko‘p narsalarni o‘rganganini aytib, unga yuksak baho bergan va shunday ekan, birinchi iddao Al Beruniyga borib taqaladi.

Birinchi taxmin: Zeng Xe kim?

Avstraliyani kashf etgan Jeyms Kuk va dunyoni aylanib chiqqan Magellanda Zeng Xening xaritasi bor edi. Zeng Xe Xitoy qo‘shinida xizmat qilgan askar, keyinchalik imperator saroyi lashkarboshisi, tarixchisi va olimi. U 317 ta kemada 27870 nafar askar bilan dunyo bo‘ylab sayohatga chiqqan.

Kaliforniya va Los Anjelesdan topilgan xitoyliklarga tegishli kemalar va inson skeletlari qoldiqlari shuning asorati bo‘lsa, ajabmas. Ammo bu muhim emas. Gap shundaki, AQSHning Kongress kutubxonasida Xubilay Xonning “Mo‘g‘ullar imperiyasining beshinchi xoqoni: 1260-1294” davriga oid Amerika qit’asini ko‘rsatadigan xarita bor. Xubilay Xonning kutubxonasidagi durdona kitoblar, qo‘lyozmalar, badiiy merosning salmoqligina qismi Xorazmshohlar davlatidan olib ketilgan ma’naviy merosimizdir. Unda nafaqat dunyo klassikasi, balki barcha qomusiy mutafakkirlarimizning durdona asarlari, asl tarixiy manbalarimiz bo‘lgan. Chingizxon istilosidan so‘ng ular Mo‘g‘ulistonga olib ketilgandi. Bu kitoblar orasida, albatta, Beruniyning asarlari ham bo‘lgan. O‘z o‘rnida savol tug‘iladi, bu qo‘lyozmalarning nusxasi qanday qilib Pekinda paydo bo‘lib qoldi?

Chingizxonga xizmati tufayli tarixda “xoin” laqabini olgan xorazmlik elchi Mahmud Yalavoch nafaqat Chingizxonning ishongan tog‘i edi, hatto keyingi davrlarda ham, xususan, Guyukxon va Munkelar davrida mo‘g‘ullar boshqaruvidagi Xitoyda yuqori lavozimda ishlagan, biroz Pekinning hokimi ham bo‘lgan, ilm-fan va qurilish, obodonlashtirishda jonbozliklar ko‘rsatgan. O‘z navbatida Zeng Xe ham musulmon bo‘lgan va Ma’mun akademiyasi olim-mutafakkirlarining barcha asarlarini o‘rganib chiqqan. Mana, gap qayoqqa borib taqalyapti…

Ikkinchi taxmin: Kolumb Amerikani tasodifan kashf etmagan va bejizga Hindiston deb atamagan

Shahzoda Genri Ispaniya qiroli bo‘lgach, o‘gay singlisi Izabellani o‘gay onasi bilan Arevaloga surgun etadi. Arevalodagi qasrda u yuksak diniy va ilmiy tahsil oladi. Shu tariqa u Arab xalifaligi asoratlari, Ispaniyadagi bir qancha shaharlar tarixi va, ayniqsa, Sharq mutafakkirlarining asarlarini yaqindan o‘rganadi. Qirol Genrining xotini — portugaliyalik Yuannaning homiladorlik davrida Izabella poytaxtga qaytariladi va qirolichaga nafaqat yaqin xizmatchi bo‘ladi, shu bilan birga tahsilini ham davom ettiradi. Keyinchalik o‘zining tarafdorlari bo‘lgan isyonchilar yordamida Izabella qirol bilan sulh tuzishga erishdi. Unga ko‘ra, qirolning vorisi qizi emas, singlisi Izabella bo‘ldi. Shu tariqa portugallarning yashirin rejasi ish boshladi.

Bu qanday reja edi?
Portugaliya qirolligining geografik kashfiyotlar payti kashf etilgan hududlar borasida ma’lumotlarni yashirin saqlamoq va bu borada har qanday yolg‘on hamda uydurma ishlatish siyosati bor edi. Shuning uchun Braziliya va Afrika qit’asida kashf etilgan bir qancha hududlar, aslida, ancha ilgari kashf etilgan, lekin bu borada ma’lumotlar yashirin saqlanardi. Bartolomeu Dias, Fernando Magellan, Vasko da Gama va Diyego Kao kabi sayyohlarning Portugaliya qirolligidan ba’zi yashirin topshiriqlar olgani va ayrim sayohatlar maxsus daftarlargagina yozilishi, dengizchilar qaydnomalariga esa qayd etilmasligi yashirin qonun edi.

Kolumb garchi Italiyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, Portugaliyaning Lissabon shahriga ko‘chib ketgan, shu yerda portugal qiziga uylangandi ham. Uni sayohatchi-dengizchi qilgan ham portugallar bo‘ladi. Uning “Yangi dunyo”ni ochish uchun homiylik tariqasida ispan qiroliga qilgan bir qancha iltimosi har doim rad etilardi. Hatto portugaliyalik qirolicha ham Qirol Genrixga so‘zini o‘tkazolmagandi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sababi bor. Bu, albatta, chigallik tug‘diradi. Shunday chigallikki, kalavaning uchi aylanib yana bir joyga kelaveradi. Masalan, nega “Yangi dunyo”ni ochishga ruxsat yo‘q edi? Chunki ularning qo‘lida turgan va oshkor etish taqiqlangan ma’lumotlarda (Beruniy, Xo‘jandiy va Tusiyning asarlari shular qatorida) bu joy “Hindiston” bo‘lishi taxmin edi. Hindiston esa Osiyoda. Osiyoni istilo etish esa mumkin emas. Ispaniya-Portugaliya kelishuviga ko‘ra, Osiyo portugallarniki bo‘lishi kerak edi. Kolumbning ustozi Toskanelli bo‘lgan. Shunday ekan, u bilgan hamma narsasini Kolumbga aytgan. Ya’ni Toskanelli Beruniydan ilhomlanib yurganlardan edi. Bu esa Amerikaning nega dastlab Hindiston deb atalganiga qisman oydinlik kiritadi. Bundan tashqari, Kolumbning ishongan tog‘i sharq manbalarini chuqur o‘rgangan qirolicha Izabella edi. Nihoyat, Kolumb niyatiga yetdi. Izabellaning sa’y-harakatlari bilan qirol Ferdinand unga homiylik qiladigan bo‘ldi.

Kalavaning uchi Beruniyga ham borib taqaladi
Nyu-York shtatida joylashgan Middltaun arxeologik tadqiqotlar markazining sobiq direktori Salvador Maykl Trentoning tadqiqotlariga ko‘ra, Kolumb Amerikaga qilgan safarida Rojer Bekonning geografiyaga oid asarini yonida olib yurgan. Bekonning bu asari esa Beruniy, Xo‘jandiy, Tusiy asarlari va bir qancha arab manbalarining ma’lumotlari asosida yozilgan. Bundan tashqari, Beruniy shunchaki boshqa tillardagi asarlarni ona tilisiga emas, ona tilisidagi manbalarni boshqa tillarga ham tarjima qilgani va uning bu yozuvlari Andalusiya (hozirgi Ispaniya)ga qadar yetib borgani haqida yetarli faktlar mavjud.

Tarixchi va tilshuos Leo Veyner 1920 yilda chop etilgan “Afrika va Amerikaning kashf etilishi” kitobida Kolumbning “Yangi dunyo”ni ochishida sharq mutafakkirlarining qo‘lyozmalaridan foydalanganini isbotlab bergan. Kolumbning ekspeditsiyasida ikkita kemaning kapitanlari musulmonlar edi.

Ispaniyadagi Qurdoba xalifaligi davrida musulmon dengiz sayyohi, granadalik ibn Faruk 999 yildayoq Amerikani ko‘rib kelgan bo‘lsa, geografik olim Al Idrisiy 31 kunlik sayohatini tasvirlaganida asir tushgan dengiz sayyohlarining arab tilida gaplashadigan aborigenlar tomonidan xalos etilganini yozgan. Abu Rayhon al Beruniy tartib bergan xaritada esa Amerikaning janubiy va shimoliy hissalari tasvirlangandi. Bu ikkala asar olmon tarixchisi Aleksandr fon Vizenayunning “Qadim Amerikaning kutilmagan siymolari” va Ivan van Sertimanning “Ular Kolumbdan avval kelishgandi” asarlarida qayd etilgan. Vizenayun asarida kalla suyaklarini tadqiq etib, ular mavritaniyaliklarga tegishli ekanligiga urg‘u bergan bo‘lsa, Ivan Sertima boshqacha fikrni ilgari surgan. U XI-XII asr sharq manbalari (jumladan, Beruniyning asarlari ham) va XIII asrga oid Xitoy solnomalarini (Zeng Xe ham o‘sha manbalardan foydalangan. Demak, baribir, Beruniyga ham borib taqaladi) yaqindan o‘rganib, ularga urg‘u bergan.

Kolumb sayohatga chiqqanida qo‘lida Beruniy, Zeng Xe, Tusiylarning manbalaridan tashqari Idrisiyning xaritasi ham bo‘lgan. Bu xaritada va asarda yangi qit’aning 1312 yilda 8 ta musulmon tomonidan kashf etilgani haqida qayd etilgan.

Mavzu yuzasidan:

— Arxeologik topilmalar, tillarning lingvistik va filologik tahlillari, yashash mintaqalarining nomlari, qo‘lyozmalar, me’morchilik uslublari XI asrdagi Sharq dunyosi topilmalari bilan aynan o‘xshash.

— Mashhur dengizchi Piri Raisning xaritasida ham Amerika ko‘rsatib berilgan.

— Kaliforniya universiteti professorlari — Xayzer va Baumxoff tadqiqotlari natijasi o‘laroq Nevadada arab maktablari bo‘lganini isbotlovchi bir qancha buyumlar topilgan.

— XII asrda Atapaskan hindu qabilasining apachi va novoyi guruhlari sharqliklarning makonlariga hujum qilib, janub tomon haydashgan.

— 1951 yilda AQSHning Benton shahri yaqinida sharqona buyum topiladi. Unda arabchada “Shayton butun yolg‘onlarning manbaidir”, deb yozilgandi.

— 1787 yilda Teddi Meyson Xarris Malden va Massachusets shtati oralaridagi yo‘l ta’miri payti topilgan tangalarni Garvard universitetiga jo‘natadi. Ma’lum bo‘ladiki, bu pullar IX asrga oid Samarqand tangalari edi.

— Xristofer Kolumb Amerikaga safar qilganidayoq moddiy ashyolarni toparkan, Gaitida bu yerda oldin osiyoliklar bo‘lganini bilib bo‘lgandi. Trinidadda ham xuddi shunday bo‘ldi. Gaiti va Trinidadda topilgan ashyolar, qurollar va matolar VIII asrda Ispaniyani ishg‘ol etgan arablarga tegishli edi. Trinidadda aholisining axloq normalari esa musulmoncha edi.

— Amerikaning 565 ta yashash mintaqasida va geografik joy nomi arabcha. Ular Kolumbdan oldin shunday nomlanardi. Hatto hindularning apachi, mogikan, xoxokam va bir nechta guruhlarining nomlari arabchadir.

Yana Kolumb haqida

1. Kolumb Beatris Boabadilya bilan oila qurgan. Boabadilya (Abu Abdulladan kelib chiqqan) arablardan bo‘lgan.

2. Kolumb San-Salvador nomini bergan orolning oldingi nomi “Guanaxan” (arabcha “Ixvana”dan olingan bo‘lib, “qardoshlik” ma’nosini beradi) edi.

3. Kolumbning o‘g‘li otasi Gondurasda ko‘rgan arab hindulari haqida ham yozgan. Ularning guruhi Almamilar bo‘lib, Al-Imomdan kelib chiqqan.

4. Kolumb ilk bor bu yerni musulmonlar ochgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi dalillar bilan to‘qnashgan joy Gaiti edi va negadir keyingi orolga borib, yana ortga qaytgunigacha Gaitida qolgan ekspeditsiya a’zolari, o‘nlab guvohlar g‘oyib bo‘lgandi. Kolumb ularni hindular o‘ldirganligiga Ispaniya qirolini ham ishontirgan.

Xulosa
2008 yilda Mo‘g‘uliston olimi Sumiya Zambaljorj Amerikani Kolumbdan oldin mo‘g‘ullar kashf etganini isbotlashga urindi. U Amerikadagi bir qancha orol, mavzelarning nomi mo‘g‘ulcha ekaniga ishondimi yoki Ulan-Batordagi kutubxonada saqlanayotgan bizning buyuk allomalarimizning asarlariga orqa qildimi, kim biladi deysiz?

Xullas, Kolumb Amerikaga safarga chiqqanida o‘zi bilan Beruniyning qarashlarini ham olib ketgani aniq. Bir so‘z bilan aytganda, ispanlarning erkatoyi bo‘lgan Kolumb sharq allomalarining barcha qimmatli kashfiyotlari va manbalarini o‘ziniki qilmoqchi edi, xolos. Aslida, u tamaki chekishni ixtiro etishdan bo‘lak narsa qoldirmagan.
Vahob RAHIM

Manba: Hordiq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ispanlar o‘yini yoxud Kolumb va Beruniy munozarasi