23:59 / 08.10.2018
4 093

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (6-qism)

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (6-qism)
Qayta tarbiyalash

2018 yilning fevralida Foreign Policy nashri AQSHda oʻqiydigan Imon ismli talabadan intervyu olishga muvaffaq boʻldi. Uning aytishicha, oʻtgan yilgi taʼtilda Xitoyga borganida Pekinda, samolyot bortidayoq uni hibsga olishgan. Imonni oʻn kun davomida Pekindagi turmada soʻroq qilishgan, keyin esa qoʻlida kishan bilan Shinjonga – “qayta tarbiyalash lageri”ga joʻnatishgan.

Imonni qayta tarbiyalash ishlari u oʻn toʻqqiz nafar uygʻur bilan qolgan kamerada oʻtkazilgan. Mahbuslar “Tirishqoqlik bilan oʻtkazilgan mashgʻulotlar, hafsala bilan oʻtkazilgan oʻquvlar!” degan shiorni takrorlagancha kamera boʻylab u yoqdan bu yoqqa borib kelgan, soatlab targʻibot videofilmlarini tomosha qilgan. Tushlikdan keyin katlarda oʻtirishga ruxsat berilgan, soʻng marsh qilish va film tomoshasi kechki ovqatgacha davom etgan. Imon 60 yoshli kameradoshi bilan doʻstlashib qolibdi, u qiziga messenjer orqali Qurʼon maʼnolarining tarjimasini yuborgani uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum etilibdi. Imonning omadi bor ekan – 17 kundan keyin qoʻyib yuborishdi, biroq endi koʻchadagi kameralar uni tanir, yigit jamoat transportidan foydalani olmas, uning supermarketlarga kirishi taqiqlangan edi. Oxir-oqibat u AQSHdagi tahsilini davom ettirishga ruxsat olibdi, biroq politsiyachi koʻrgan-kechirganlari haqida ogʻiz ochmaslikni uqdiribdi. “Qarindoshlaring shu yerda qolyapti, biz ham”, – deya ogohlantiribdi politsiyachi.

Uygʻurlarning hibsga olinishi va ozodlikdan mahrum etilishi haqida soʻnggi bir necha yildan beri yoziladi. Masalan, 2009 yilda ikki jurnalist “davlat xavfsizligiga qasd qilgani uchun” 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Oʻshanda internetda uygʻurcha sheʼr eʼlon qilgan Gulmira Imin noqonuniy miting oʻtkazishga chaqirish va davlat sirini oshkor etishda ayblanib bir umrga qamaldi. 2010 yilda yana bir junalist 15 yilga hukm qilindi. 2014 yilda bir yozuvchi 8 yilga qamaldi, eng taniqli uygʻur olimlaridan biri Ilhom Toʻxti esa “separatizmga chaqirgani uchun” umrbod ozodlikdan mahrum eitldi. U bilan birga yetti nafar olim ham qamaldi.

2015 yilda maktabda uygʻur tilidan dars beradigan (endi bu taqiqlangan) Abduvali Ayubni har kuni ishga borib-keladigan yoʻldagi postda toʻxtatishdi. Uning noutbukidan bir necha yil avval Kanzasda oʻqib yurganida yozilgan qissani topib olishdi. Soatlab davom etgan soʻroqdan keyin Ayubni qoʻyib yuborishdi va u Anqaraga qochishning uddasidan chiqdi.

2016 yilda blogerlarni va uygʻur forumlarining administratorlarini qamab qoʻyishdi. 2017 yilda mashhur olim, Shinjon oziq-ovqat sanoati nazorati departamenti prezidenti boʻlib ishlagan Haymurod Gʻopur, avvallari qoʻshiqlari senzuraga uchramagan, hukumatning nazariga tushgan qoʻshiqchi Abdurahim Hayit izsiz gʻoyib boʻldi. Avvallari Xitoy yoshlar jamoasida oʻynagan 19 yoshli futbolchi oʻsha yili bozorda qoʻlga olindi, uni xalqaro oʻyinlarda qatnashish uchun xorijiy mamlakatlarga borganlikda ayblashdi.

2017 yilning kuzida Shinjonda bir necha yil avval Qozogʻistonga koʻchib ketgan qozoq millatiga mansud Qayrat Samarxonni qoʻlga olishdi, u Shinjondagi uyini va yerini sotish uchun kelgan edi. Uni uch kun soʻroq qilishdi va bu vaqt davomida uxlashiga ruxsat berilmadi. Samarxonning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, undan Qozogʻistonda nima ish bilan shugʻullanganini va namoz oʻqib-oʻqimaganini soʻrashgan.

Samarxonni toʻqqiz oylik “qayta tarbiyalash”ga joʻnatishdi. U uch toifadagi mahbuslarni uchratgan: birinchi toifadagilarni haddan tashqari dindorlikda ayblashgan, ikkinchi toifadagilar jamoat tartibini buzganlikda, uchinchi toifadagilar esa xorijga borganlikda ayblangan. Samarxonning hisob-kitobicha, lagerda 5700 nafar mahbus boʻlgan – 3000 qozoq, 2000 uygʻur va 200 dungan (musulmon xitoylar). Mahbuslar Xitoy kommunistik partiyasining 2017 yilda boʻlib oʻtgan XIX syezdi materiallarini oʻrganishgan hamda davlat sirlarini oshkor etmaslik, musulmon boʻlmaslik, odamlarni millatiga qarab ajratmaslik haqidagi maʼruzalarni tinglashgan. Ular toʻyib-toʻymay ovqatlanishgan. Oʻz joniga qasd qilishga uringanidan keyin Samarxonni ozodi qilishgan, biroq Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi aralashgandan keyingina oilasining yoniga qaytishga ruxsat berishgan.

2018 yilning yanvarida Qurʼonni uygʻur tiliga tarjima qilgan 82 yoshli Muhammad Solih Xojimning vafot etgani maʼlum boʻldi. U hibsga olinganidan qirq kun oʻtib oʻlgan, aynan qanday oʻlgani esa maʼlum emas. U bilan birga qizi ham hisbga olingan va qarindoshlari hali ham qamoqda. May oyida Qoshgʻardagi eng boy toʻrt kishining qamalgani toʻgʻrisida xabar tarqaldi, ular “diniy ekstremizm”da aybdor deb topilib, jami 42 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sal avvalroq esa dunyoga mashhur antropolog, 52 yoshli olima Rohil Dovudni hibsga olishgan. Qaridoshlari uning ozodlikka chiqishidan umid qilib, sakkiz oy davomida qamalgani haqida ogʻiz ochishmagan. Shundan beri u haqda hech qanday maʼlumot yoʻq.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)