
AQSh prezidenti Donald Tramp kutilmaganda amerikalik harbiylarni avval Suriyadan chaqirib olishi, keyinroq Afg‘onistondagi operatsiyalarni ham yakunlashi to‘g‘risidagi qarori bilan barchani shoshirib qo‘ydi. Qolaversa, davlat rahbarining tashabbusini qo‘llab-quvvatlamagan Mudofaa vaziri Jeyms Mettis ham ishdan bo‘shatildi. Trampning kutilmagan qarorlari uzoq vaqt xalqaro terrorizmga qarshi kurash maydoniga aylangan Yaqin Sharq va Katta Markaziy Osiyo hududi uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin, qolaversa, AQSh harbiy amaliyotlari asosida qurilgan xalqaro munosabatlar tengligi buzilyapti.
Amerikaning xoh siyosiy, xoh harbiy yo‘l bilan biror masalaga aralashuvdan tiyilishi dunyo tartibotini jiddiy o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Muvozanat o‘zgararkan, keyingi o‘n yillik Rossiya diktatorligi ostida o‘tadimi?
«Tramp doktrinasi» nimani anglatadi?
Mettisning iste’fosi bilan AQSh o‘z tashqi siyosatida isteblishment «otasi» bo‘lib qolayotgan keksa askardan ham qutuldi. Endi prezident «Tramp doktrinasi»ni amalga oshirish uchun to‘liq imkoniyatlarga ega. Boshqaruvining ikki yilida Tramp «global yetakchilik» strategiyasi ilmini egallagan tajribali maslahatchilardan qutuldi. U Davlat kotibi lavozimida ishlagan Reks Tillersonni ishdan bo‘shatdi, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Gerbert Makmasterni «taxtadan tushirdi», iqtisodiy masalalar bo‘yicha bilimdon Geri Kon va Oq uy bosh apparati rahbari Jon Kelliga ham «xayr» dedi. Shu vaqtlarda «prezident bilan dunyoga bir xilda nazar tashlay olmagan» AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli ham iste’fo so‘radi.
Aslida Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida ham AQSh tashqi siyosatini qanday tasavvur etishini yashirib o‘tirmagan: u izolyatsionizm va merkantalizmga asoslanishi kerak. Trampning fikricha, Amerika global jarayonlarda faol ishtirok etishi faqat o‘ziga qimmatga tushyapti, uning qadrini bilmaydigan ittifoqchilar bilan liberal dunyo tartibotini saqlash uchun mablag‘ sarflash ham prezident mantig‘iga to‘g‘ri kelmaydi. Eng asosiy xavf sifatida noqonuniy migratsiya ko‘rilgan bo‘lsa, savdo munosabatlaridagi defitsit ham shunday xavflar sirasiga kiritildi.
Tarixda bu ham bo‘lgandi
AQSh tarixida Donald Tramp siyosatini deyarli bir xil mazmunda boshlab bergan siyosatchi o‘tgan. U o‘tgan asrning birinchi yarmida, 40-yillarda faol bo‘lgan siyosiy kayfiyat asoschisi Robert Taftdir. U 1940, 1948 va 1952 yillarda prezidentlik uchun asosiy da’vogarlardan biri edi. Masalan, Taft 1941 yili AQSh siyosatchilarini ittifoqchi Buyuk Britaniyaga ko‘mak berishdan qaytarmoqchi bo‘lgan, u «Marshal rejasi»ga ham, NATO tuzilishiga ham qarshi chiqqan. Shunday qilib, Taftning siyosati amalga oshganda dunyo tartiboti qanday bo‘lishi mumkinligini his etish mumkin: sobiq Sovet davlatiga qarshi NATO tuzilmasdi, 41-yil urushida britanlar ko‘maksiz qolardi.
2016 yili saylovoldi kampaniya targ‘ibotida Donald Tramp ham Taftga o‘xshash kayfiyat bilan, Janubiy Koreya va Yaponiyani AQSh hanuz himoya qilishini savol bilan nishonga olgandi. NATO bo‘yicha hamkorlik yuzasidan esa «ular to‘lamayotgani»ni ro‘kach qilib, tashkilot faoliyatini tanqid qilgan. Tramp Amerika savdo qilayotgan mamlakatlarni ham ayblagan. Shuning uchun, prezidentlik lavozimi tegishi bilan u AQShni Tinch okeani savdo va investitsion hamkorligi tashkilotidan olib chiqdi, Yevro-Atlantik savdo hamkorligi bo‘yicha YeI bilan muzokaralarni to‘xtatdi. Prezident Shimoliy Amerikada erkin savdo hududini tashkil etish bo‘yicha Meksika va Kanada bilan erishilgan kelishuvni qayta ko‘rib chiqdi. Shu bilan birga, Xitoy bilan savdo urushiga kirishib ketdi.
Navbat harbiylargami?
Tramp endi o‘z islohotini harbiy sohada ham boshladi. Uning tashqi siyosatdagi yagona maqsadi - «Do‘st va dushmanlarsiz Amerika»ni yaratish. Ammo, mamlakatning harbiy qudratiga hech kim shubha qilmasligi lozim. Amerika «tamoyillar asosida qurilgan tartibot»ni saqlash uchun o‘z qirg‘oqlaridan olisdagi qandaydir inqirozlarda ishtirok etmoqchi emas. Biroq, har kimni birdan qo‘rqitib qo‘ya oladigan kuchga ega bo‘lib qoladi.
Trampning qarori qanchalik kutilmagan bo‘lsa ham, u bu haqda avvaldan barchani ogohlantirgan. Prezidentlikka nomzod bo‘lgan milliarder o‘sha paytda ham Suriya va Afg‘onistonda askarlarni qaytarib olishini oshkora aytgan. Bu va’dani amalga oshirishga to‘siq bo‘lib turganlar - Mettis, Makmaster va Kelli endi yo‘q. Tramp doim o‘zining ichki instinktlariga tayanib ish qiladigan ishbilarmon bo‘lgan, siyosatda ham u shunday qolmoqda.
Suriya va Afg‘oniston bo‘yicha prezidentning qarori mamlakatni «katta o‘yin»da yutqazganini bildirmaydi. Negaki, Suriyadagi Amerikaning muvaffaqiyatsizligi allaqachon ko‘pgina savollarni keltirib chiqarayotgandi. Aprelda ham Tramp Suriyadan harbiylarni olib chiqmoqchi bo‘lganini aytganda, Mettis davlat rahbarini yil oxirigacha kutishga ko‘ndirgan. U va’dasida turdi.
Rossiya uchun Amerika Atlantikaning g‘arbiy qirg‘oqlaridan uzoqqa o‘tmasdan, o‘z ishi bilan band bo‘lishi kerak. Bunday doktrina Putinning qarashlariga to‘g‘ri va mos tushadi. Gap shundaki, ruslar ham AQShni «yana buyuk» bo‘lishiga qarshi emas, faqat u hamma joyda hozir-nozir bo‘lmasin. Pentagon boshqaruvidan ketgan Jeyms Mettis esa aynan shu kartinani tasvirlab, Rossiya va Xitoy dunyoda qulay avtoritar muhit yaratib olishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini yozgandi. U prezidentga yo‘llagan maktubida AQShning bu roldan voz kechishi ko‘p tashvishlarga sabab bo‘lishini bildirgan.
Rossiya «Tramp doktrinasi» amalga oshirilishi bilan Qrim ustidan Moskvaning suvereniteti tan olinishini istaydi. Sanksiyalar olib tashlanishi, sharqiy Ukrainada esa Rossiya ta’siri saqlanib qolishi ayni muddao bo‘lardi. Tramp bu haqda fikr bildirishga ulgurgan, u hatto Rossiyani «katta sakkizlik»ka qaytarishga urinib ko‘rmoqchi edi. Kerchdagi voqealardan so‘ng, Vashington bilan qaynoq munosabatlarni saqlab qolayotgan Moskva manfaatlarini yana ilgari suradimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Shuningdek, Rossiya o‘z shartlari bilan yozilgan rus-yapon tinchlik shartnomasini imzolashi va Tokio bilan hududiy masalalarni hal etib olishi mumkin. Bunga «Tramp doktrinasi» katta yo‘l ochib beryapti. AQSh harbiylari Yaponiya xavfsizligini kafolatlamasa, Rossiya bu vazifaga kirishib ketadi.
Kutilmagan sovg‘a
Har doim bo‘lganidek, doktrinaning amalga oshirilishi ortidan paydo bo‘ladigan xatarlarni unutmaslik kerak. Birinchi galda, gapni Trampning qarorlarini bashorat qilib bo‘lmaslik bilan boshlash lozim. U institutsional cheklov va siyosiy qadriyatlarga parvo ham qilmaydi. Xalqaro munosabatlar nazariyasi bu shaxs uchun yot tushuncha. Masalan, u istasa, Federal bank rahbarini ishdan bo‘shatishi mumkin.
Avgust oyida Pentagon rahbari Mettis, sentyabrda maslahatchi Bolton, Davlat kotibi Pompeo, oktyabrda esa AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Danford va nihoyat, Suriya bo‘yicha maxsus vakil Jeffri ham AQSh harbiylari Suriyadagi siyosiy vaziyat o‘nglanmaguncha qolishini aytgandi. Ularning hammasi bu prezident qarori ekanini tasdiqlagan. Kim bilsin, Tramp yana nimalarga qodir, balki u biz o‘ylagandek, sodda ham emasdir.
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar