08:15 / 25.03.2019
3 346

Markaziy Osiyodagi prezidentlar qanday titullarga ega?

Markaziy Osiyodagi prezidentlar qanday titullarga ega?
Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar rahbarlari nafaqat prezident, shuningdek, millat yetakchisi, xalq qahramoni, tinchlik asoschisi va orqatogʻ hamdir.

Qozogʻiston
2000 yilda Qozogʻistonda “Qozogʻiston Respublikasining birinchi prezidenti — millat yetakchisi haqida”gi qonun qabul qilingan.

Qonunga koʻra, qozoq davlatchiligining yaratilishi boshida turgan va suveren Qozogʻistonning demokratik, dunyoviy, huquqiy va ijtimoiy davlat sifatida ravnaq topishiga hissa qoʻshgan Qozogʻistonning birinchi prezidenti elboshi sanaladi.

Bundan tashqari, birinchi prezident — elboshi oʻz statusiga koʻra “Xalыq qaһarmanы” (xalq qahramoni) unvoniga ega va unga alohida bildiruv belgisi — oltin yulduz va “Otan” ordeni topshirilgan.

Qozogʻiston Respublikasining birinchi prezidenti — elboshiga uning tarixiy missiyasi sharofati bilan quyidagi huquqlar berilgan:
  • Qozogʻiston xalqiga, davlat organlariga va mansabdor shaxslarga davlat qurilishining oʻta muhim masalalari, ichki va tashqi siyosat hamda mamlakat xavfsizligi boʻyicha tashabbus bilan murojaat qilish — bu murojaat tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi;
  • Mamlakat uchun muhim masalalar muhokamasi chogʻida parlament va uning palatalari, hukumat yigʻilishlarida chiqish qilish;
  • Qozogʻiston xalqi assambleyasiga boshchilik qilish;
  • Xavfsizlik Kengashiga boshchilik qilish;
  • Konstitutsiyaviy Kengash tarkibiga kirish.

Qiziq fakt: davlatning tashqi va ichki siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqiladigan tashabbuslar birinchi prezident — elboshi bilan maslahatlashiladi.

“Birinchi prezident — elboshi tomonidan prezidentlik vakolatlari ijro etilayotgan davrda u tomonidan fond, shaxsiy kutubxona va birinchi prezident — elboshining shaxsiy arxivi tuziladi. Birinchi prezident — elboshining shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivi millat boyligi hisoblanadi va davlat mulki hisobida boʻladi”, — deyiladi qonunda.

Darvoqe, Nazarboyev endi birinchi prezident — elboshining kutubxonasida ishlaydi. Birinchi prezidentning kutubxonasi Nazarboyevning farmoni bilan prezidentning shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivining faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, Qozogʻistonning oyoqqa turishi va rivojlanishi tarixini oʻrganish, shuningdek, birinchi prezident gʻoyalari va tashabbuslarini mamlakat ichida va xorijda ilgari surish maqsadida 2014 yilning 13 martida tuzilgandi.

Prezident kutubxonasi haqidagi batafsil maʼlumotni bu yerdan oʻqishingiz mumkin.

Tojikiston
2015 yilda Tojikistonda ham “Tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi haqida”gi qonun qabul qilingan.

Mazkur qonunga koʻra, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi sifatida Tojikiston xalqi oldidagi ulkan va mislsiz xizmatlari uchun prezident Imomali Rahmon munosib deb topilgan.

Qonunda yozilishicha, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi Tojikiston davlati va xalqi oldidagi oʻzining misli koʻrilmagan tarixiy xizmatlari uchun umrbod quyidagi imtiyozlarga ega:
  • Tojikiston xalqiga, davlat organlariga va mansabdor shaxslarga davlat qurilishi, mamlakat xavfsizligi, ichki va tashqi siyosatga oid muhim masalalar yuzasidan murojaat qilish va bu murojaatlar davlat organlari hamda mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqilishi majburiy;
  • Koʻrilayotgan masalalar boʻyicha parlamentning Milliy majlis (Senat) va Namoyandalar majlisi (qonunchilik palatasi) qoʻshma yigʻilishlari, hukumat yigʻilishlari va Xavfsizlik kengashi yigʻilishlarida qatnashish va chiqish qilish;
  • Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tanglik yuzaga kelgan holatlarda maslahat va tavsiyalar berish, ularni hal qilishda yordam berish.

Eʼtibor qiling, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi daxlsizlik huquqiga ega. U Oliy Kengash raisi, prezidentlik va tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi vakolatlarini bajarish chogʻidagi harakatlari uchun javobgarlikka tortilmaydi.

“Tojikiston Respublikasi prezidenti vakolatlarini bajarish davrida tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi tomonidan muzey, kutubxona va tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi arxivi yaratiladi”, — deyiladi qonunda.

Turkmaniston
Rasman ikkita titul — millat yetakchisi va orqatogʻ titullariga ega Berdimuhamedovning allaqachon juda koʻplab mukofot va unvonlari ham bor.

OAV maʼlumotlariga koʻra, u jahonning bir qator universitetlari va akademiyalarining faxriy doktori va akademigi unvonlarini olgan, Turkmaniston iqtisodiyot fanlari doktori, Fanlar akademiyasi akademigi unvonini qoʻlga kiritgan. Turli davrlarda Turkmaniston va jahonning boshqa davlatlarining koʻplab eng oliy ordenlari va medallariga sazovor boʻlgan.

2011 yilning 25 oktyabrida mamlakat mustaqilligining 20 yilligi nishonlanayotganda Berdimuhammedovga Turkmaniston qahramoni unvoni va “Oltin oy” oltin medali taqdim etilgan. 2009 yilning iyunida Ashxobodda Berdimuhammedov muzeyi ochilgan. 2015 yilning iyunida esa shahar markazidagi yangi istirohat bogʻiga “Orqatogʻ” nomi berilgan.

Lekin Turkmanistonda hozircha “Millat yetakchisi haqida” yoki “Orqatogʻ haqida”gi qonunlar qabul qilinmagan.

Oʻzbekiston
1994 yilda Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan. U shuningdek “Mustaqillik” (1996) va “Amir Temur” (1997) ordenlari bilan ham mukofotlangan.

Oʻz chiqishlaridan birida Islom Karimov shunday degan:

“Biz noyob va takrorlanmas tabiatiga, mehnatkash va saxiy xalqiga ega ajoyib mamlakatda yashayapmiz. Har kimga ham bunday mamlakatda tugʻilish va yashash baxti nasib qilavermaydi. Bunday baxtga munosib boʻlish, Vataniga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish barchamiz uchun chindan ham oliy baxt hisoblanadi. Hayotimning butun mazmunini men buyuk xalqimga uning baxti va ravnaqi yoʻlida fidokorona va sidqidildan xizmat qilishda deb bilaman”.

Nima boʻlganda ham, oʻzbekistonliklar soʻnggi yillarda millat yetakchisi, orqatogʻ, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi haqida eshitishmagan. Davlat rahbari konstitutsiya boʻyicha oddiygina — prezident deb ataladi.

Qirgʻiziston
2017 yilning 24 noyabrida Qirgʻiziston prezidenti lavozimini 2017 yilgi saylovlarda gʻalaba qozongan Sooranbay Jeenbekov egallagan. Amaldagi prezidentning vakolatlari 2023 yilning 24 noyabrida tugaydi.

Shu kungacha mustaqil Qirgʻiziston tarixida mamlakat prezidenti sifatida besh kishi ishlagan (ikki kungina prezident vazifasini bajaruvchi Ishenbay Qadirbekov hisobga olinmasa).

Qirgʻizistonning zamonaviy tarixida millat yetakchiligiga biror bir shama ham boʻlmagan.
Ulugʻbek Akbarov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Markaziy Osiyodagi prezidentlar qanday titullarga ega?