10:23 / 04.03.2020
3 856

Afg‘onistondagi urush AQSHga qanchaga tushdi?

Afg‘onistondagi urush AQSHga qanchaga tushdi?
AQSHning Afg‘onistonga bosqini 2001 yil 7 oktabrda boshlangan edi./GETTY IMAGES
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati va Tolibon harakati o‘rtasida Afg‘onistondagi qurolli ziddiyatga chek qo‘yishga qaratilgan muzokaralar ko‘p oylar davom etdi va nihoyat 2020 yilning 29 fevralida Qatar poytaxti Dohada o‘zaro kelishuv imzolandi: “AQSH va uning NATOdagi sheriklari 135 kun ichida Afg‘onistondagi harbiy kontingentini 8,6 ming kishigacha qisqartiradi. Agar Tolibon kelishuv shartlariga rioya qilsa, 14 oy ichida barcha qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqib ketiladi”.

Donald Tramp o‘zining maqsadi Amerika askarlarini uyga qaytarish va AQSH tarixidagi eng uzoq davom etgan urushga nuqta qo‘yish ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Maqsadimiz – Amerika tarixida eng uzoq davom etgan urushga chek qo‘yish va qo‘shinlarimizni uyga qaytarishdir.
Donald Tramp, AQSH prezidenti


Bu urush Amerika uchun amalda qanchaga tushdi? Qancha harbiy jo‘natildi?
AQSH o‘z kuchlarini Afg‘onistonga 2001 yil 7 oktabrda kirita boshladi. Amerikaning maqsadi “2001 yil 11 sentabr portlashlarini uyushtirgan terrorchi Usama bin Ladin va “Al-Qoida”ning boshqa rahbarlariga boshpana bergan” toliblarni hokimiyatdan quvish edi.

Afg‘onistondagi AQSH askarlari soni oshib borganidek bu yerda toliblarga qarshi urushish va mamlakatni tiklash uchun xarajatlar ham ortib bordi.

2002-2019 yillar Afg‘onistonga jo‘natilgan AQSH askarlari soni
2010-2012 yillarga kelib AQSH Afg‘onistonda 100 mingdan ortiq askarini ushlab turar, hukumat bergan ma’lumotga ko‘ra bu urush Amerikaga har yili 100 milliard dollarga tushayotgan edi.

AQSH armiyasi Afg‘onistondagi ziddiyatda bevosita qatnashish miqyosini qisqartirib, asosiy diqqatini afg‘on armiyasini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishga qaratgach, urush xarajatlari sezilarli ravishda qisqardi.

2016-2018 yillarda AQSH Afg‘onistonda har yili 40 milliard dollardan sarfladi, 2019 yil sentabriga kelib esa bu xarajat 38 millard dollarga tushdi.

2001-2019 yillar davomida AQSH Afg‘onistondagi urush uchun sarflagan pullar miqdori (milliard dollar hisobida)
AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonga bostirib kirgan 2001 yil 7 oktabrdan 2019 yil sentabrigacha o‘tgan 18 yil davomida bu urushga jami 778 milliard dollar sarflangan.

Bundan tashqari, AQSH Davlat Departamenti, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi va boshqa rasmiy tashkilotlar birgalikda Afg‘onistonni tiklash uchun 44 millard dollar xarajat qilgan.

Shunday qilib, AQSH 2001 yildan buyon Afg‘oniston uchun sarflagan xarajatlari miqdori 822 milliard dollarni tashkil qilgan. Ammo buning ichiga Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar uchun baza sifatida foydalanilgan Pokistonga ajratilgan harbiy yordam xarajatlari kirmaydi.

Ayni paytda, Braun universiteti olimlari olib borgan mustaqil tadqiqot xulosasida Afg‘onistondagi urush xarajatlari haqidagi rasmiy raqamlar o‘ta kamaytirib ko‘rsatilgani aytiladi.

Tadqiqotchilarning urg‘ulashicha, AQSH Kongressi Afg‘oniston va Pokistonga 1 trillion dollargacha yordam ajratishni ma’qullagan.

2019 yilda mudofaa uchun eng ko‘p pul sarflagan davlatlar (milliard dollar hisobida). AQSHning mudofaa budjeti o‘zidan keyin turuvchi birinchi o‘nta davlatning jami sarf-xarajatidan ko‘proqdir.
Braun universitetidagi “Urush narxi” loyihasi direktori Neta Kroufordning aytishicha, bunga boshqa turdagi xarajatlar, masalan, harbiy nafaqalar va urush qatnashchilariga ko‘rsatilgan tibbiy yordam xarajatlari, harbiy ehtiyoj uchun boshqa vazirliklarga ajratilgan xarajatlar, urush uchun olingan qarzlarning foizlari kirmaydi.

Bularning hammasini hisobga olganda, AQSHning Afg‘onistondagi urushi xarajatlari 2 trillion dollarga yaqinlashib qoladi.

Pullar nimaga sarflangan?
Pulning asosiy qismi isyonchilarga qarshi amaliyotlar o‘tkazish va harbiylarning ta’minoti, tibbiy yordam va nafaqalar uchun ajratilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Afg‘onistonni tiklash uchun 137 milliard dollar sarflagan. Bu 17 yil davomidagi jami xarajatlarning qariyb 16%ini tashkil etadi.

Bu mablag‘ning yarmidan ortig‘i – 86 milliard dollar Afg‘oniston milliy armiyasi, politsiyasi va boshqa xavfsizlik kuchlarini tuzish uchun sarflangan.

Mablag‘ning qolgan qismi davlat boshqaruvi va infratuzilmalarni mustahkamlash, iqtisodiy va insonparvarlik yordami sifatida hamda giyohvandlik moddalariga qarshi kurashga ketgan.

Afg‘on harbiy xizmatchilari bu urushda o‘ta og‘ir yo‘qotishlarga uchradi./GETTY IMAGES
2002 yildan 2019 yilning sentabr oyigacha AQSH kuniga 1,5 million dollarni giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarishga qarshi kurash uchun sarflagan, bunga jami 9 milliard dollar ketgan. Ayni paytda, BMT ma’lumotlariga ko‘ra afyun ko‘knori (opium) ekiladigan maydonlar miqdori 2017 yilda o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichiga yetgan (sarflangan pullar teskari natija bergan).

2017 yili Afg‘onistondagi qayta tiklash ishlariga mas’ul bo‘lgan Amerika nazorat tashkiloti so‘nggi 11 yil (2005-2016) davomida firibgarlik, kamomad va o‘g‘rilik oqibatida 15,5 milliard dollar yo‘qolgani haqida bayonot bergandi.

Ehtimol, bu raqamlar umumiy yo‘qotishning bir qismigina bo‘lishi mumkin. Tashkilotdagilarning hisob-kitoblariga ko‘ra AQSH ajratgan pullar ba’zi holatlarda ziddiyatlarning yanada keskinlashishi, korrupsiyaning kuchayishi va isyonchilarni qo‘llab-quvvatlash oshishiga ham olib kelgan.

2001-2019 yillar davomida AQSH harbiy kuchlari Afg‘onistonda 2 300 dan ortiq odamini yo‘qotgan, taxminan 20 660 askar jarohatlangan./GETTY IMAGES
Insoniy yo‘qotishlar
2001-2019 yillar davomida AQSH harbiy kuchlari Afg‘onistonda 2 300 dan ortiq odamini yo‘qotgan, taxminan 20 660 askar jarohatlangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil dekabriga kelib, Afg‘onistonda 13 mingga yaqin AQSH askari qolmoqda. Bundan tashqari, yana 11 ming nafar AQSH fuqarosi mutaxassis sifatida Afg‘onistonda xizmat qiladi.

Biroq afg‘on harbiy xizmatchilari va tinch aholi o‘rtasidagi yo‘qotishlar taqqoslab bo‘lmas darajada yuqori.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani o‘tgan yili bergan bayonotida 2014 yilda o‘zi davlat rahbarligiga kelganidan buyon 45 mingdan ortiq afg‘on harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini bildirgan edi.

Afg‘onistondagi tinch fuqarolar orasidagi yo‘qotishlar. Kobuldagi BMT vakolatxonasi ma’lumotlariga asosan.
O‘shanda prezidentning bunday oshkora bayonoti g‘ayrioddiy hol bo‘lgan, chunki AQSH va Afg‘oniston hukumatlari bu kabi ma’lumotlarni odatda tarqatishmaydi.
Mahalliy axborot agentliklari xabarlariga ko‘ra so‘nggi yillarda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari juda katta yo‘qotishlarga uchragan, ba’zida kuniga 30-40 kishi halok bo‘lgan.

BMTning Afg‘onistondagi vakolatxonasi 2009 yildan beri ayni yo‘nalishda tizimli ravishda hisob-kitob olib boradi. Undagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi o‘n yildan ortiqroq muddat davomida tinch fuqarolardan 100 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan, yoki jarohatlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistondagi urush AQSHga qanchaga tushdi?