
Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilishi O‘zbekiston axborot maydonida biror muhokama keltirib chiqarganini ko‘rmadim. Bu, menimcha, g‘alati.
Bizda tashqi siyosat bo‘yicha ekspertlar yo‘qligi tayin, lekin Rossiya,
- birinchidan, dunyoning eng yirik davlatlaridan va eng muhim siyosiy aktorlaridan biri;
- ikkinchidan, Rossiya bilan bizni bog‘lab turuvchi ko‘p rishtalar bor: sobiq SSSR, postkolonial aloqalar, migrantlar, yaqin siyosiy va iqtisodiy aloqalar, qolaversa, O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shildi. Bu qadar yaqin hamkorning ichki hayotida ro‘y berayotgan jiddiy o‘zgarish bizga ham ta’sir qiladi.
Eng qizig‘i, O‘zbekistonda rusparastlik – keng tarqalgan hodisa. Nafaqat aholi, ziyolilar, davlat xodimlari orasida ham. Rossiyadagi ijobiy o‘zgarishlarni-yu SSSRda gugurt bir tiyin bo‘lganini zo‘r berib maqtaydiganlar nega Kreml diktaturani va millatchilikni qonuniylashtirayotganini “ko‘rmay qoldi”? Qani ularning ovozlari?
Men siyosiy sharhlovchi emasman, siyosatni zo‘r tushunmayman ham. Lekin yangi konstitutsiya loyihasida yuzada turgan muammolar borki, buni ko‘rish uchun mantiqiy analizning o‘zi yetarli.
Ming yillik tarix bilan birlashtirilgan Rossiya Federatsiyasi, bizga ideallarini va Xudoga ishonchni, shuningdek, Rossiya davlatchiligi rivojining merosiyligini yetkazgan ajdodlar xotirasini saqlagan holda, tarixan shakllangan davlatchilik yaxlitligini tan oladi.
Bu preambulani siyosiy tildan odam tiliga tarjima qilsak, bu yerda,
- birinchidan, “Qrim bizniki”, ya’ni davlatning joriy birligini shubha ostiga olish mumkin emas, deyilyapti;
- ikkinchidan, ming yillik tarix, ya’ni Kiyev Rusi Rossiya davlatining boshlanmasi deb e’lon qilinmoqda;
- uchinchidan, hokimiyat va davlatchilik muqaddaslashtirilmoqda (buning uchun Xudoga ishonch ittifoqqa chaqirilmoqda), muqaddaslik esa tanqidga qarshi eng yaxshi immunitetdir. Endi konstitutsiyada aks etgan bu rasmiy qarashga biroz zid keladigan nuqtai nazarni bemalol qatag‘on qilish mumkin bo‘ladi.
Rossiya Federatsiyasining butun hududida davlat tili davlat hosil qiluvchi xalq tili o‘laroq rus tilidir.
Ruslar davlat hosil qiluvchi xalq deb e’lon qilinishi boshqa xalqlarning ahamiyatini keskin tushirib yuboradi. Ular avtomatik holda etnik ozchilikka, “mehmon”ga aylanadi. Ya’ni rus millatchiligi konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yiladi. Bu nafaqat fuqarolar, balki muhojirlar hayotida ham aks etishi mumkin.
Xullas, Putinning Rossiya imperiyasi, SSSR, G‘alaba, rus millatchiligi, pravoslaviye, Nikolay II va Stalin kultlari qorishmasidan iborat gibrid ideologiyasi yangi konstitutsiya loyihasida o‘z aksini topmoqda. Bu hujjatning qabul qilinishi yirik geosiyosiy faktorning ichki hayotida va tashqi siyosatida tub o‘zgarishlar yasashi mumkin.
SSSRning yaxshi jihatlari, yutuqlari ham ko‘p, lekin bunga qanday insoniy va intellektual qurbonlar evaziga erishilganini unutmaslik kerak. SSSR nostalgiyasiga tushib qolgan Rossiya va postsovet respublikalari shubhali harakatlar qilyapti: sovet o‘tmishiga ishqibozlik diktaturaga ishqibozlikka aylanmoqda. Gugurt bir tiyin bo‘lgan zamonlarga qaytilmasin ishqilib. Gugurt bir tiyin bo‘lgan joyda odamning ham qadri unchalik yuqori bo‘lmaydi.
Eldar Asanov,
jurnalist
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! jurnalist
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar