
Foto: AFP
Dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari 2,4 millionga yaqinlashdi, 163 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, sog‘ayib shifoxonadan javob berilganlar soni 613 mingdan ko‘proq. Italiya va Germaniyada yangi zararlanish holatlari va o‘lim holatlari o‘sishi sezilarli darajada sekinlashdi,
Ispaniyada bolalarning ko‘chaga chiqishiga taqiqlar bekor qilina boshladi, Rossiyada esa kunlik zararlanganlar soni ikki barobar oshdi - mamlakatda virus yuqtirganlar soni 42 mingdan oshdi va Rossiya endi bu borada yuqori o‘nlikka kirib oldi.
Shifoxonalardagi bemorlar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda AQSH yetakchilik qilmoqda, zararlanish holatlarining eng ko‘p qismi Nyu-York shtatiga to‘g‘ri keladi. AQSHda pandemiya boshlanganidan buyon 748 mingdan ortiq kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan (240 mingdan ortig‘i Nyu-York shtatida), 40 mingga yaqin kishi koronavirus qurboniga aylangan.
BBC rus xizmati koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni keltiradi.
Rossiyada 19 aprel kuni 6060 kishida virus aniqlandi va jami zararlanish holatlari soni 42 853taga yetdi. Bemorlarning 361 nafari vafot etgan, 3291 kishi sog‘aygan. Zararlanganlarning yarmidan ko‘prog‘i Moskvada qayd etilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin yakshanba kuni dindorlarni Pasxa bayrami bilan tabrikladi va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat to‘liqligicha davlat nazoratida ekaniga ishonch bildirdi. Prezident pandemiyaga qarshi kurash qo‘shimcha resurslar va zaxiralarni talab etishini qayd etgan. «Bizda yetarli zaxiralar bor. Ulardan foydalanamiz», degan u.
Italiya hukumati yakshanba kuni o‘tgan bir kunda 433 kishi vafot etganini ma’lum qildi - bu so‘nggi haftadagi eng past kunlik ko‘rsatkichdir.
Ispaniyada ham koronavirus bemorlari orasida o‘limlar soni kamaymoqda, yakshanba kuni bu yerda 410 bemor vafoti haqida ma’lum qilindi. Bir kun oldin Ispaniya shifoxonalarida koronavirus tashxisi qo‘yilgan 482 kishi olamdan o‘tgandi, mart oyi oxirida kunlik o‘limlar soni 900dan oshgandi.
Ispaniya koronavirus qurbonlari soni 20 mingdan oshgan uchinchi mamlakatdir, bundan yuqoriroq ko‘rsatkichlar AQSH va Italiyada qayd etilgan. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches shu kunlarda karantin choralari 9 mayga qadar uzaytirilgani haqida e’lon qildi, lekin mamlakatda karantin choralari hafta boshidan buyon yumshatib kelinmoqda. Hafta boshida kataloniyaliklar hukumati Madridning qaroriga bo‘ysunishdan bosh tortgandi.
Ispaniyaning boshqa hududlarida qator toifadagi ishchilar ishga qaytgan, turli zavodlar va korxonalar xodimlari sanitar normalariga rioya qilgan holda faoliyatini tiklagan. Hukumat bosqichma-bosqich karantin choralarini yumshatib borishni rejalashtirgan. Yakshanba kuni Sanches hukumat 14 martdan buyon uydan chiqarilmayotgan bolalar uchun taqiqlarning bir qismi bekor qilinishi haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, bolalar 27 apreldan ko‘chaga chiqishlari mumkin.
«May oyida yangi normalar bo‘yicha harakatlana boshlaymiz», degan Sanches.
Avstraliya hukumati Uhanda 19-nCoV koronavirusi paydo bo‘lishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Avvalroq Amerika nashrlarida razvedka manbalariga asoslangan holda virus Uhan virusologiya instituti laboratoriyasida yaratilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatdi. AQSH prezidenti Donald Tramp ham bu talqinni rad etmadi va amerikaliklar tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi.
Tramp shu hafta boshida JSSTni pandemiya haqidagi faktlarni yashirishda ayblab, ushbu tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishga farmoyish bergandi.

Foto: Reuters
Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Maris Peyn ham JSST Xitoyda tekshiruv o‘tkazmasligi kerak degan fikrda.
«Biz mustaqil tekshiruv natijasida aniqlanadigan tafsilotlarni - virusning kelib chiqishi, unga qarshi kurash usullari va boshqa ma’lumotlarni bilishimiz kerak», degan u.
Peynning hisoblashicha, manfaatdor davlatlar tekshiruvning yangi mexanizmi hamda Xitoy bilan ishlaydigan shaffof tashkilot tashkil etishi kerak.
Sidney instituti tahlilchisi Louli Richard Makgregorning hisoblashicha, Xitoy hukumati xorijlik ekspertlarni tekshiruvlar uchun mamlakatga kiritishi dargumon. «Ammo ular o‘zlari nimanidir qilishlari mumkin», deya qo‘shimcha qilgan u.
AQSH prezidenti Donald Tramp karantin choralarini bekor qilish haqida gapirishda davom etmoqda. Shanba kungi brifingda u mamlakatning bir qancha shaharlarida karantinni bekor qilish talabi bilan uyushtirilgan namoyishlarni qo‘llab-quvvatladi.
Hafta boshida Tramp o‘z qarori bilan istalgan shtatdagi karantin choralarini bekor qilishi mumkinligi haqida gapirgan va o‘zini «mutlaq vakolatli prezident» deb atagandi. Ammo uni ko‘plab shtatlar gubernatorlari, xususan Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo qattiq tanqid qilib chiqdi.

Foto: Getty images
Britaniyada Oksford universitetining vaksinologiya professori, virusga qashi vaksina izlayotganlar guruhini boshqarayotgan Sara Gilbert olimlar dorini klinik sinovdan o‘tkazish arafasida turgani haqida gapirdi.
«Biz so‘nggi xavfsizlik sinovlari yakunlanishi va so‘nggi ruxsatni kutmoqdamiz», degan u. Bu vaksinaning klinik sinovi keyingi hafta boshlanadi, ammo bu ish berishiga kafolat yo‘q. Agar u samarali bo‘lgan taqdirda ham vaksinani keng miqyosda ishlab chiqarish va aholini ommaviy ravishda emlash uchun ko‘p vaqt talab etiladi.
Universitet rahbari Adrian Hill yangi vaksinaning muvafaqqiyatli bo‘lishi ehtimoli 80 foiz atrofida deb baholamoqda. Uning aytishicha, ushbu vaksina Buyuk Britaniya (3ta), Yevropa (2ta), Hindiston (1ta) va Xitoyda(1ta) joylashgan jami 7ta tashkilotlar tomonidan hamkorlikda ishlab chiqariladi.
Britaniyada virus qurbonlari soni 16 mingdan, zararlanish holatlari soni 120 mingdan oshgan. Angliya bosh shifokori o‘rinbosari Jenni Harris hukumat vaziyat ayrim jabhalarda yaxshilana boshlaganini bildirgan, ammo hali koronavirus avj olishining eng yuqori darajasi o‘tmagani aytilmoqda.
Germaniyada koronavirusdan zararlanish holatlari va o‘lim holatlari keskin pasaygan. So‘nggi bir kunda 2458ta yangi zararlanish holati va 184 o‘lim qayd etildi. So‘nggi bir kundagi o‘lim soni ikki barobar pasaygan - shanba kuni hukumat 300dan ortiq qurbon haqida xabar bergandi. Mart oyi oxirida kunlik zararlanish holatlari soni 7 mingga yaqinlashgandi. Germaniyadagi o‘lim darajasi pastligi mamlakat hukumati aholini ommaviy ravishda test qilgani bilan izohlanmoqda.
Saudiya Arabistoni ulamolari kengashi butun dunyodagi musulmonlarni Ramazon oyida uyda qolishga chaqirdi. Kengash - mamlakatdagi oliy diniy tuzilma bo‘lib, uning a’zolari podshoh tomonidan tayinlanadi. Bu yil Ramazon oyi mamlakatda 23 apreldan boshlanishi kutilmoqda.
Koronavirus avj olishining eng yuqori darajasi avvalroq o‘tib bo‘lgan Singapurda yangi zararlanish holatlari yana o‘sa boshladi. So‘nggi bir haftada zararlanganlar soni 160 foizga o‘sdi, yakshanba kuni hukumat mehnat muhojirlari orasida mingga yaqin kishida virus aniqlangani haqida ma’lum qildi.
Yakshanba kuni Tehron shahar kengashi rahbari rasmiy statistika haqqoniyligiga shubha bildirdi. Eron sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda 82 211 zararlanish holatini tasdiqlagan. «Parlament tadqiqot markazi o‘lchovlari va ekspertlarning hisoblashicha, koronavirusdan zararlangan odamlar soni rasmiy raqamlardagidan ko‘proq», - degan Tehron shahar kengashi raisi Muhsin Hoshimiy.
Bu vaqtda Hollivud aktyori Mett Deymon Irlandiyadagi Dalki qishlog‘idan chiqib ketolmayapti.
Ridli Skottning «So‘nggi duel» filmida suratga tushish uchun Irlandiyaga kelgan Deymon Dublin atrofidagi hududda qolib ketdi.
2011 yilda Kolumbiya universiteti bilan hamkorlikda ishlangan «Contagion» («Infeksiya») filmida bosh rolni ijro etgan aktyor yaqinda tvitterda virusdan qanday ehtiyot bo‘lish bo‘yicha tavsiyalari bilan o‘rtoqlashgandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar