
Yaqinda Xitoyning sohu.com saytida chop etilgan “Nima uchun Qozog‘iston Xitoyga qaytishga intilmoqda?” sarlavhali maqola cho‘g‘i bosilmasdan, ushbu mamlakatning boshqa bir toutiao.com saytida Qirg‘iziston tarixan Xitoyga tegishli ekanligi bong urilgan material chiqib turibdi.
Uning sarlavhasi ham o‘ziga xos: “Qirg‘iziston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng, nega Xitoy tarkibiga qaytmadi?”
Unda Xan dinastiyasi paytida Qirg‘iziston ming yillar davomida Xitoy hududi tarkibida bo‘lgani, biroq Rossiya imperiyasi bu yerlarni egallab olishning uddasini chiqqani haqida yoziladi.
“1864 yilda Rossiya imperiyasi bu paytga kelib o‘z ta’siri va qudratini yo‘qotgan imperator Sinni imperiyaning shimoli-g‘arbiy hududlaridan voz kechishga majbur qildi. Umuman olganda, Xitoy o‘shanda 510 ming kilometr kvadrat maydonidan ayrildi. Va butun Qirg‘iziston ushbu yo‘qotilgan hudud tarkibida edi. Aslida Qirg‘iziston xuddi Mo‘g‘iliston kabi qadimdan Xitoy yerlari hisoblangan”, — deb yozilgan maqolada.
Materialda, shuningdek, barcha qirg‘izlar ularning yerlari Xitoy tarkibida bo‘lgan paytda boy bo‘lishgani aytib o‘tilgan.
“Bugun bu dunyodagi eng kambag‘al davlatdir. Mamlakat YAIM aholi jon boshiga 1000 dollardan ham kamdir”, — deyiladi maqolada.
Xitoyning tuotiao.com nashri ofisi Pekinda joylashgan. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy hukumati bilan hamkorlik qiladi. O‘quvchilari soni taxminan 750 mln kishini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus pandemiyasi paytida Qirg‘iziston prezidenti Xitoyga undan olgan qarzlarini to‘lashni kechiktirib berishlarini so‘rab murojaat etgandi.
Gap shundaki, XXR bilan chegaradosh bo‘lgan Qirg‘iziston chinlarning “Eksimbank”idan 1,8 mlrd AQSH dollari miqdorida qarz olgan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 43 foizidan ziyoddir.
AQSHning Center for Global Development tahlil markazining qayd etishicha, kredit qarzlari hajmlari tufayli Qirg‘iziston Xitoy oldida “moliyaviy jihatdan qaram”dir. Ulardan biri Bishkek IESni modernizatsiya qilish uchun olingan 386 mln. dollarlik kreditdir. Ushbu loyihani amalga oshirishda esa korrupsiya holatlari aniqlanib, yuqori lavozimlarda ishlagan bir qator sobiq mansabdorlar aybdor deb topilgan. Qirg‘iziston Xitoyga bu borada 492,4 mln AQSH dollari qaytarib berishi kerak.
Qirg‘iziston hukumati va “Eksimbank” o‘rtasida tuzilgan shartnoma kelishuviga muvofiq, agar mamlakat foizlar yoki kreditni yopa olmasa, Xitoy xalqaro arbitraj orqali istagan aktivini talab qilishi mumkin.
Bitimga ko‘ra, kredit bo‘yicha barcha bahsli vaziyatlar Gonkong xalqaro arbitraj markazida hal etiladi. Ushbu markaz esa Xitoyda joylashgan.
O‘ylashimizcha, yuqoridagi maqola Qozog‘iston va Qirg‘iziston elitalari munosabati yoki reaksiyasini tekshirib olish uchun sinov tariqasida yumalatilgan “axborot zoldiri”dir. Xitoyda esa tartib o‘ta qat’iy tarzda o‘rnatilganini yaxshi bilamiz. Shunday ekan u yerda birorta maqola, boz ustiga, u xalqaro munosabatlarga bag‘ishlangan bo‘lsa, o‘z-o‘zida paydo bo‘lmaydi.
O‘tgan oylar davomida biz harbiycha safarbarlik sharofati bilan XXR infeksiyani yengishning uddasidan chiqqaniga guvoh bo‘ldik. Mamlakatda bunday modelning samaralarini tushunishdi. Endi Xitoy xalqaro siyosatda ham xuddi shu jihatlarini namoyon etsa, ajab emas.
platforma.uz telegram kanalidan olindi “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar