
Britaniya hukumati Xitoydan London markazida qurilishi rejalashtirilgan yangi elchixonaning baʼzi rejalarini nega yashirgani bo‘yicha izoh so‘radi. Uy-joy va jamoat ishlari vaziri, ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Anjela Reyner Xitoy tomoniga bu haqda rasmiy maktub yubordi va 20-avgustgacha javob berishni talab qildi.
Xitoy 2018-yilda 255 million funtga sobiq Royal Mint Court hududini sotib olgan. Agar loyiha tasdiqlansa, bu Yevropadagi eng yirik Xitoy elchixonasi bo‘ladi. U yerda madaniyat markazi va 200 nafar xodim uchun turar joylar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Biroq ayrim rasmiy chizmalar qoralangan va maxfiy xonalar haqida ma’lumot yo‘q.
Yangi elchixona Londonning moliyaviy markaziga juda yaqin joylashgan. Bu esa josuslik va xavfsizlik borasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqargan. Mahalliy aholi esa elchixona qurilishi norozilik namoyishlari va tartibsizliklarga sabab bo‘lishidan cho‘chimoqda.
Shuningdek, inson huquqlari faollari, xususan, Gonkong, Tibet va Shinjon vakillari bu binodan siyosiy bosim va ta’qiblar uchun foydalanilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Xitoy elchixonasi esa bu bino ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini aytmoqda.
Hozircha yakuniy qaror 9-sentabrga qadar qabul qilinishi kutilmoqda. Britaniya hukumati esa rejalarga ayrim o‘zgartirishlar kiritilsa, loyihani tasdiqlashi mumkinligini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar