Yevropa futbolida ko‘plab yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan, klublarga yangi ruh bag‘ishlay olgan tajribali murabbiy Xosep Gvardiolaning shaxsiy hayotida keskin burilish ro‘y berdi. Angliyaning eng nufuzli jamoalaridan biri – “Manchester Siti” bosh murabbiyi bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan ispaniyalik mutaxassis o‘zining o‘ttiz yillik oilaviy hayotini asrab qolishga har qancha harakat qilmasin, oxiri buning iloji bo‘lmadi, deb xabar berdi La Gazzetta dello Sport.
Nashrning yozishicha, Pep Gvardiola va uning rafiqasi Kristina Serra o‘rtasidagi munosabatlar endi yakuniga yetadi. Ular aslida 2024 yilning so‘nggi oylarida ajralish haqida qaror qabul qilishgan, ammo orada bir necha oy davomida o‘zaro tushunish va yarashishga urinishgan. Turli ehtiyojlar, tuyg‘ular va kechmish xotiralar sabab ular yana bir imkoniyat berishga qaror qilishgandi.
Afsuski, bu urinish ham samara bermadi. Munosabatlarni tiklash uchun qilingan oxirgi sa’y-harakatlar ham natija bermadi. Manbalarga ko‘ra, Pep va Serraning munosabatlariga nima nuqta qo‘yganini aniq aytish mushkul, biroq ularning orasidagi tuyg‘ular soni kamaygani, o‘zaro iliqlik so‘ngani va shaxsiy qiziqishlar farq qilib ketgani kabi omillar asosiy sabab sifatida tilga olinmoqda.
Shu bilan birga, juftlik geografik jihatdan ham uzoqda yashaydi. Gvardiola “Manchester Siti”da ishlab, asosan Manchesterda bo‘lsa, Serra esa o‘z hayotini Barselona va London shaharlari orasida o‘tkazadi. Ular faqatgina ta’tillar va bayram kunlarida qisqa muddatga birga bo‘lish imkoniga ega bo‘lishgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ajralish rasmiylashtirish jarayoni boshlangan va tez orada yakunlanishi kutilmoqda. Bu voqea Pep Gvardiolaning shaxsiy hayotidagi eng katta o‘zgarishlardan biri sifatida qayd etilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, o‘tgan mavsumning ilk yarmida “Manchester Siti”ning natijalari ham ancha zaif bo‘lgandi. Ko‘plab sport tahlilchilari bu pasayishni aynan Gvardiolaning shaxsiy hayotidagi notinchliklar bilan bog‘lashgandi. Ularning fikricha, murabbiyning ruhiy holati jamoaning maydondagi o‘yiniga ham ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Pep Gvardiolaning kasbiy yutuqlari qanchalik buyuk bo‘lmasin, shaxsiy hayotdagi muammolar har qanday insonga ta’sir qilishi turgan gap. Ushbu voqea uning kelgusidagi qarorlari va ruhiy holatiga qanday ta’sir qilishi hozircha noaniq. Biroq bir narsa aniq: Gvardiola bu sinovdan ham o‘ziga xos saboq oladi va hayotida yangi sahifani ochishi mumkin.
Gvardiola o‘ttiz yillik turmushini saqlab qololmadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar