13:45 / 24.06.2020
2 400

«Atamboyev ishi». Sobiq prezidentni nega qamashdi?

«Atamboyev ishi». Sobiq prezidentni nega qamashdi?
Foto: Mixail Metsel/TASS
Yozuvchi, tadbirkor va prezident

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev jinoyatchi Aziz Batukayevni pora evaziga qamoqdan chiqargan deb topilib, 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilindi. Undan davlat mukofotlari ham olib qo‘yiladi. Doim demokratiyani qo‘llab-quvvatlashini aytgan va muddati tugagach postini tark etgan Atambayev nega prezidentlikdan so‘ng hurmat-izzat bilan siyosat olamida yurmay qamalib ketdi?

Atamboyev 1956 yil 17 sentabrda Frunze oblasti Voroshilov rayoni Arashon ovulida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Moskvadagi Sergo Orjonikidze nomidagi Boshqaruv universitetiga o‘qishga kirib, uni muhandis-iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. Qirg‘izistonga qaytgan Atamboyev aloqa vazirligida ish boshlaydi.

1983 yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilinadi va Qirg‘iziston Oliy Sovetida muharrir va referant sifatida ish boshlaydi. 1987 yil Frunze (hozirgi Bishkek) shahridagi Birinchi may rayoni rayispolkomiga o‘rinbosar etib tayinlanadi. 1989 yilda o‘z vazifasidan ketadi va tadbirkorlikni boshlaydi. Shu tariqa, 2004 yilgacha turli kompaniyalarda muvaffaqiyat bilan ishlagan Atamboyev Qirg‘izistonning eng boy 100 odami safiga kiradi.

Atamboyev siyosatga 1995 yilda yilda Qirg‘iziston parlamenti Jo‘qorg‘u Keneshiga deputat etib saylanib, kirib keladi. 2000 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘yib, 3-o‘rinni egallaydi.

2005 yilda «Lola inqilobi» amalga oshirilgach, Qirg‘izistonda mamlakat rahbari almashadi va Atamboyev avvaliga sanoat vaziri, so‘ng savdo va sayyohlik vaziri bo‘lib ishlaydi. Bu orada 2007 yil 30 martdan 2007 yil 28 noyabrgacha mamlakat bosh vaziri sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. 2010 yilda ro‘y bergan namoyishlardan keyin qisqa muddat muvaqqat hukumatda iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari vazifasida ishlaydi.

2010 yilda u yana mamlakat bosh vaziri bo‘lish uchun o‘z nomzodini qo‘yadi, ammo parlament tasdig‘idan o‘ta olmaydi. O‘sha yili dekabr oyiga kelib bosh vazir o‘rinbosari bo‘ladi. 2011 yilda Atamboyev Qirg‘iziston prezidenti saylovida uchinchi marta o‘z nomzodini qo‘yadi va saylovning birinchi turidayoq mutlaq ko‘pchilikning ovozini olib, Qirg‘iziston prezidenti etib saylanadi. U vaqtda Qirg‘izistonda prezidentik muddati 6 yil etib belgilangan va bir kishi mamlakatni faqat bir muddat boshqarishi haqida qonun qabul qilingan edi.

Shunga ko‘ra, Atamboyev ham Qirg‘izistonni rosa 6 yil boshqardi va 2017 yilda yangi saylangan prezident Sooronbay Jeenbekovga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi. Shu tariqa, Atamboyev Markaziy Osiyo prezidentlari orasida o‘z lavozimini belgilangan muddatgacha boshqarib tark etgan ilk rahbarga aylanadi.

Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston qahramoni va yana ko‘plab orden va medallariga sazovor bo‘lgan. Cud undan unvon va medallarini olib qo‘ydi.

U prezidentlikdan ketgach yangi prezidentni ayrim masalalarda tanqid qila boshlaydi. Shundan so‘ng Atamboyev va unga yaqin odamlar birin-ketin mahkamaga jalb qilinadi. Jumladan, sobiq bosh vazirlar Sapar Isakov va Jantoro Satibaldiyev (ikkisi ham hibsda), sobiq bosh prokuror Aida Salyanova (salomatligi va farzandining yagona boquvchisi bo‘lgani uchun uy qamog‘iga hukm qilingan), sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Dinara Saginbayeva, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Shamil Ataxanov va boshqalarga nisbatan jinoiy ishlar ochiladi.

Bosh vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari Asqarbek Shadiyev Nyu-Yorkka qochib ketgani uchun sirtdan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. 2019 yil iyun oyiga kelib Qirg‘iziston parlamenti sobiq prezidentga qarshi ayblovlarni ilgari suradi. O‘tgan yil 13 iyunda mamlakat parlamenti qoshida maxsus komissiya tuziladi va uning taqdimnomasi bilan parlament sobiq prezidentni daxlsizlikdan mahrum qilish hamda unga to‘qqizta punkt bo‘yicha ayblov e’lon qilish haqida qaror qabul qiladi.

Atamboyev Rossiya fuqarolariga, jumladan uyushgan jinoiy guruh a’zolariga mukofot qurollari taqdim etish, Chuy viloyatida uy qurish uchun yer uchastkasini noqonuniy egallash ishlariga aloqador deb aytiladi. Bundan tashqari, maxsus komissiya Atamboyevni «jinoiy avtoritet» Aziz Batukayevning qonunga zid ravishda ozod etilishi, Issiqko‘l va Chuy viloyatlarida yerlarning noqonuniy o‘zlashtirilishi, daromadlarni yashirish, Bishkek IES modernizatsiyasi bo‘yicha korrupsiya ishi va unga noqonuniy tarzda ko‘mir yetkazib berilishi ishlariga aloqador deb topadi.

Shundan so‘ng voqealar ancha tezlashib ketadi. Avvaliga Atamboyev daxlsizlik huquqidan mahrum qilinadi. So‘ng sobiq prezidentga qarshi jinoiy ish ochiladi. Atamboyevning tarafdorlari Bishkekda namoyishga chiqishadi, uning o‘zi esa Chuy viloyati Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida himoyalanadi. Sobiq prezidentning tarafdorlari uni himoya qilish maqsadida uning qarorgoh atrofida yig‘ila boshlaydi. Atamboyevning o‘zi ham agar uni qo‘lga olishga harakat qilishsa, qarshilik ko‘rsatishini va o‘qotar qurol bilan bo‘lsa ham o‘zini himoya qilishini bildiradi.

2019 yil 9 iyulda sobiq prezident Ichki ishlar vazirligi bosh tergov boshqarmasiga so‘roqqa chaqiriladi. Ammo sobiq prezident Ichki ishlar vazirligi bosh tergov boshqarmasiga so‘roqqa bormasligini ma’lum qiladi. Bosh tergov boshqarmasi uni yana bir marta so‘roqqa chaqiradi, Atamboyev yana rad etadi. O‘shanda bosh tergov boshqarmasi uni jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning Qirg‘iziston hibsxonasidan noqonuniy tarzda qo‘yib yuborilishi bo‘yicha so‘roq qilmoqchi bo‘lgan.

Aziz Batukayev kim edi?

Aziz Batukayev
Foto: RFE/RL

Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan chechen millatiga mansub Aziz Batukayev 2004 yilda bir qator jinoyatlarda ayblanib 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. 2006 yil OAVda Batukayev qamoq muddatini o‘tayotgan umumiy koloniya hududida joylashgan alohida hovlida giyohvand o‘simliklar o‘stirib, u yerda o‘z xotini bilan yashab yurgani tasvirlangan fotosuratlar tarqaladi. O‘shanda Qirg‘iziston huquqni muhofaza qilish xodimlari Batukayev yashab turgan uyga kirishganda u yerda giyohvand moddalar, o‘qotar qurollar, Checheniston bayrog‘i va Aslan Masxadov hamda Shomil Basayevning portretini topishadi. Shundan so‘ng Batukayevga yangi ayblovlar bo‘yicha jinoiy ish ochiladi va u 16 yil-u 8 oy qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Oradan bir necha yil o‘tib Atamboyev prezident bo‘lib turgan 2013 yilda Batukayev shubhali tarzda ozod qilinadi va Bishkek shahridan uchib ketadi. O‘sha paytda Batukayevni muddatidan avval ozod qilish uchun uning sog‘ligi yomonlashgani asos qilinadi. Unga oqqon kasaliga chalinganlik tashxisi qo‘yilgandi. Keyinchalik uning tibbiy varaqasi soxtalashtirilgani oshkor bo‘ladi.

2013 yilda Qirg‘iziston parlamenti qoshida Batukayevning ozod qilinishi qonuniyligini tekshirish uchun maxsus komissiya tuziladi. Batukayevga tegishli bo‘lgan tibbiy ma’lumotlar tekshiriladi, vrachlar so‘roq qilinadi. O‘sha paytda Batukayevning shubhali tarzda ozod qilinishi haqidagi ishning bir uchi prezident Atamboyevgacha yetib keladi. Ammo Atamboyev amaldagi prezident bo‘lgani uchun o‘sha paytda uni so‘roqqa chaqirib bo‘lmas edi.

2013 yilda nihoyat Qirg‘iziston bosh prokuraturasi Batukayevning ozod qilinishi bo‘yicha jinoiy ish ochib, ishga daxldor barchani so‘roq qila boshlaydi. 2014 yilda Norin tuman sudi Batukayevning ozod qilinishi noqonuniy bo‘lgani haqida qaror chiqaradi. Ammo ish bo‘yicha hech kimga tayinli hukm chiqarilmaydi. Ish to‘xtatib qo‘yiladi.

2019 yilga kelib Qirg‘iziston bosh prokurori Batukayev ishi bo‘yicha surishtiruvlar qayta boshlanganini ma’lum qiladi va bu ishning tepasida sobiq prezident Atamboyev turgani ma’lum qilinadi.

Keyinchalik tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, Batukayevni ozod qilish taklifi Checheniston rahbari Ramzan Qodirovdan chiqqan va u Batukayevning o‘rniga Qirg‘iziston tomoniga 2010 yilda taxtdan ag‘darilgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning o‘g‘li Maksim Bakiyevni ushlab berishni va’da bergan. Ammo Maksim Bakiyev Belarusdan BAAga o‘tib ketadi va bu ish amalga oshmaydi.

Ramzan Qodirov Batukayevni Chechenistonda jazoga tortmoqchi bo‘ladi. Fakt shuki, Qirg‘iziston qamoqxonasidan ozod qilingan Batukayev 2014 yilda Checheniston huquqni muhofaza qiluvchi organlari qo‘liga tushadi va o‘sha yerda yana qamoqqa tiqiladi. O‘shanda Norin tuman sudi Batukayevni ozod qilish haqidagi qarorni noqonuniy deb topgani uchun u Qirg‘izistonda qidiruvda edi. Ammo Rossiya tomoni rasmiy Bishkekning Batukayevni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini rad etadi.

Keyinchalik Batukayev qamoqdan qochadi va 2016 yil Chelyabinskda qo‘lga tushib 17 yilga qamaladi. Batukayevning Qirg‘iziston qamoqxonasidan ozod qilinganidan keyingi sarguzashtlari shu bilan yakuniga yetadi. Ammo uning aks-sadosi Qirg‘izistonda haligacha tinmayapti.

Atamboyevning hibsga olinishi

Foto: REUTERS/Vladimir Pirogov
Atamboyev Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi bosh tergov boshqarmasining so‘roqqa chaqirish haqidagi so‘rovini rad etgach, Ichki ishlar vaziri o‘rinosari polkovnik Mirlan Kanimetov boshchiligidagi tergov guruhi sobiq prezidentning qarorgohiga keladi, ammo ularni ichkariga kiritishmaydi. Atamboyevning maslahatchisi Kunduz Jodubayeva chiqib sobiq prezident tergovga bormasligini ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng sobiq prezidentning yuristi Sergey Sleseryov Atamboyev Aziz Batukayevning noqonuniy ravishda ozod qilinishi bo‘yicha ish yuzasidan tergovchilar savollariga OAV orqali javob berishga tayyor ekanini bildirdi: «Almazbek Sharshenovich yozma ko‘rinishda taqdim etilgan savollarga javob berishga tayyor. Bu Atamboyevning ochiq xabarnomasi doirasidagi javoblar bo‘ladi, ammo so‘roq shaklida emas, ya’ni qonunni buzmagan holda», deyiladi advokat bayonotida.

O‘shanda prezident Sooronbay Jeenbekov Atamboyevning so‘roqqa chaqirilishi borasida fikr bildirgan. «Men xalq prezidenti bo‘lishga va’da berganman. Maqsadim prezidentlik faoliyatini yakunlaganimdan so‘ng sof vijdon bilan xalq ichida bo‘lish. Odamlar yodida yaxshi ishlarim bilan qolishni istayman. Men uchun xalqim, davlatim manfaatlari qimmatli. Atamboyev bilan bo‘layotgan voqealar, jumladan, uning guvoh sifatida tergovga chaqirilishi qonuniy holat. Huquqiy davlatda qonunchilik doirasida harakat qilinadi», deydi u.

Shundan so‘ng Atamboyevni kuch bilan qo‘lga olish operatsiyasi boshlanadi. Uning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohiga maxsus texnikalar va vertolyotda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiylar jo‘natiladi. Ular qarorgoh oldida to‘plangan Atamboyevning tarafdorlari qarshiligiga duch keladi. Harbiylar o‘ziga qarshilik qilgan odamlarga qarshi rezina o‘qlar va shovqinli granatalardan foydalanadi. Ammo birinchi kungi shturm muvaffaqiyatsiz chiqadi.

Bu orada Atamboyev o‘ziga tegishli ekani aytiladigan «Aprel» telekanali orqali xalqqa murojaat bilan chiqadi: «Sizlarga alam bilan murojaat qilaman. Bugun hukumat kuchlari noqonuniy ravishda, Konstitutsiyani buzgan holda, meni qo‘lga olish uchun, Atamboyevning og‘zini yopish uchun, qurol bilan keldi va o‘z xalqini o‘qqa tutdi. Avvaliga rezinali o‘qlar bilan, oxirida haqiqiy o‘qlar bilan. Bu sharmandali va alamli. Atamboyev terrorchi emas, uning atrofida yig‘ilgan insonlar ham terrorchilar emas».

O‘shanda u Batukayev ishi bo‘yicha xat orqali javob berishga tayyorligini aytib, hukumatdan maxsus kuchlarni qarorgohidan olib ketishni talab qiladi: «Men bir necha marta aytganman, Batukayev ishi bo‘yicha xat ko‘rinishida javob berishga tayyorman. Rasman javob berishni, buni gazetalarda e’lon qilishni taklif qilganman. Hukumat esa Atamboyevning og‘zini yopish uchun o‘z xalqini o‘qqa tutishdan qaytmadi. Bu sharmandalik. Hukumatga yana bir bor aytaman: To‘xtating! Kuchishlatar tuzilmalarga yana bir bor aytaman: o‘z xalqingizni otmang. Buyruq berganlar qochmoqda, siz esa qolayapsiz. Axir siz bir oilaga emas, xalqqa qasamyod qilgansiz», degan u va o‘z tarafdorlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan.

O‘shanda 7 avgust kuni Atamboyevni qo‘lga olish uchun o‘tkazilgan birinchi amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Har qancha g‘alati tuyulmasin, maxsus kuchlar (maxsus topshiriqli bo‘linmalar – mamlakatning eng sara harbiylari) sobiq prezidentni qo‘lga olishni uddalay olmaydi. Birinchidan, Atamboyevning tarafdorlari maxsus kuchlarga faol qarshilik ko‘rsatadi. Ikkinchidan, Atamboyevning qarorgohida harbiy kiyimdagi qo‘riqchilar ham bor edi.

Garchi daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan odamning uyi strategik ob’ekt hisoblanmasa-da, uni Atamboyevga sodiq harbiylar va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yigitlar qo‘riqlayotgan edi. Ular Bishkekdan kelgan maxsus kuchlarga qarshi birinchi to‘qnashuvda turib bera olishadi.

Ertasi kuni, 8 avgustda Atamboyevning qarorgohini shturm bilan egallash va sobiq prezidentni qo‘lga olish ishlariga shaxsan Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Kashkar Junushaliyev boshchilik qiladi. Operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Minglab askarlar ishtirok etgan operatsiyada Atamboyevni qo‘riqlab turgan kuchlar yengiladi va uning o‘zi qo‘lga olinadi.

O‘shanda Atamboyev Bishkekka olib ketilganidan so‘ng uning vakillari Atamboyevning o‘zi taslim bo‘lganini aytib chiqishadi. Bu gapda jon bor edi. Internetda qarorgoh atrofida janglar davom etayotgan paytda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanov (keyinchalik u ham ishdan olingan) sobiq prezident bilan uning taslim bo‘lishi uchun muzokara o‘tkazayotgani tasvirlangan kadrlar paydo bo‘ladi. Shu tariqa sobiq prezident qo‘lga olinadi.

Atamboyev Moskvaga nega borgan edi?
Almazbek Atamboyev o‘ziga qarshi ayblovlar jiddiylashganidan so‘ng, ya’ni uni ayblanuvchi sifatida tergovga chaqirishganida kutilmaganda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga boradi. Aslida sobiq prezidentning boshqa mamlakat amaldagi prezidenti bilan uchrashuvida ajablanarli hech narsa yo‘q, ammo bu uchrashuv Atamboyevdan daxlsizlik huquqi olib tashlanganidan so‘ng amalga oshirilgani qiziq holat bo‘lgandi. Bundan tashqari, mamlakatda o‘z mamlakatida aylanib turgan sobiq prezidentning mintaqadagi eng yirik davlat rahbari bilan uchrashishi ko‘pchilikda turli savollarni keltirib chiqaradi.

O‘shanda ko‘pchilik «Atamboyev Moskvaga qochib ketdi» deb o‘yladi. Ammo voqealar rivoji unday bo‘lib chiqmadi va Putin bilan uchashuvdan keyin Atamboyev Qirg‘izistonga qaytib keladi. O‘shanda Atamboyevga Rossiyada yoki unga qo‘shni Belorussiyaga o‘tib qolib ketish va shu tariqa jazolanishdan qutulib qolish imkoniyati bor edi. Ammo aftidan unda qochish rejasi bo‘lmagan. Yoki Putin uning fikrini o‘zgartirdimi, bu noma’lumligicha qoldi.

Atamboyev bilan o‘zaro uchrashuv yakunida Putin Qirg‘izistonga siyosiy barqarorlik zarurligi va «barcha fuqarolar amaldagi prezident atrofida birlashib, unga davlatni rivojlantirish»da yordam berishi kerakligini aytgandi. Ko‘pchilik Putinning ana shu gaplarini «Rossiya prezidentining Atamboyevga siyosiy boshpana berish niyati bo‘lmagan» degan xulosa kelishiga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, Qirg‘izistonga qaytgan Atamboyev Moskva safari haqida «Men u bilan sobiq prezident sifatida uchrashdim. Vladimir Putin – mening yaqin do‘stim. U meni taklif etib samolyot jo‘natdi, men qanday buni rad qilishim mumkin? Bu mamlakat ichki ishlariga aralashish emas. U qayg‘urayapti, men ham qayg‘urayapman», deydi.

Putinning yordami haqida esa Atamboyev shunday degandi: «Putin bilan yuzma-yuz uchrashuv bo‘ldi. Lekin men undan hech qanday kafolat so‘raganim yo‘q. Hech qachon so‘ramayman ham. Faqat Allohdan so‘rayman», degan edi.

Atamboyev o‘z qarorgohida qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng unga davlat to‘ntarishiga urinish aybi ham qo‘yiladi. Shu tariqa qo‘yilgan ayblar soni bir nechtaga oshadi. Uzoq davom etgan tergovdan so‘ng Atamboyevni ishi sudga oshiriladi va 2020 yil 23 iyunda unga hukm o‘qildi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidentiga prokuror 15 yil qamoq jazosi berishni so‘ragan edi. Sudya esa 11 yil-u 2 oy qamoq jazosi tayinladi va undan barcha davlat mukofotlari olib qo‘yildi. Atamboyev nafaqat sudda, balki tergov jarayonlarida ham o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan. Shu tariqa bir yil davom etgan «Atamboyev ishi» Qirg‘iziston sobiq prezidentining uzoq muddatli qamoq jazosi olishi bilan yakuniga yetdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Atamboyev ishi». Sobiq prezidentni nega qamashdi?