Tibbiyot olamida yangi tarixiy yutuq qayd etildi. 67 yoshli amerikalik bemor Tim Endryusga genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqadan olingan buyrak ko‘chirib o‘tkazildi va u bu organ bilan olti oydan ortiq vaqt yashab kelmoqda. Bu holat cho‘chqa a’zolarini insonga ko‘chirish — ksenotransplantatsiya sohasida mutlaq rekord sifatida qayd etildi. Bu haqda nufuzli Nature jurnali ma’lumot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Endryu terminal buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib kelgan va ikki yildan ko‘proq vaqt davomida dializga muhtoj bo‘lgan. Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan amaliyotdan so‘ng u dializsiz hayot kechirmoqda. Mutahassislar bu natijani ksenotransplantatsiyaning eng katta yutuqlaridan biri sifatida baholashmoqda.
Endryu Massachusets shtati, Kembrij shahridagi eGenesis biotexnologik kompaniyasi tomonidan tayyorlangan genetik jihatdan modifikatsiya qilingan cho‘chqa buyragini olgan uch bemordan biri edi. Uning buyragida bir nechta o‘zgartirishlar amalga oshirilgan:
– rad etish xavfini kamaytirish uchun ayrim antigenlar olib tashlangan;
– inson genlaridan yettitasi qo‘shilgan, bu yallig‘lanish va qon ketish ehtimolini pasaytiradi;
– shuningdek, cho‘chqa genomida mavjud retroviruslar faolsizlantirilgan.
Avstraliya universiteti transplantatsiya bo‘yicha mutaxassisi Ueyn Xotorn bu haqda shunday dedi:
“Olti oy — bu aql bovar qilmaydigan natija. Aynan dastlabki olti oy bemor uchun eng xavfli davr hisoblanadi. Bu vaqt mobaynida qator asoratlar, jumladan, kamqonlik yoki immun tizimining organni rad etishi kuzatilishi mumkin. Shu bois olti oylik belgi — muvaffaqiyatdan darak. Agar bemor bir yildan ortiq umr ko‘rsa, bu tibbiyotda yangi bosqich bo‘ladi”.
Ilgari ham shunga o‘xshash tajriba amalga oshirilgan edi. 53 yoshli amerikalik Tovana Luniga cho‘chqa buyragi ko‘chirib o‘tkazilgan va u to‘rt oy-yu to‘qqiz kun yashagan. Biroq keyinroq organ rad etilgani sababli olib tashlandi. Tim Endryusning holati esa ancha muvaffaqiyatli kechmoqda.
Tibbiy ekspertlar ta’kidlashicha, ksenotransplantatsiya kelajakda millionlab insonlarning hayotini saqlab qolishi mumkin. Chunki hozirda dunyo bo‘ylab organ transplantatsiyasiga muhtoj bemorlar soni juda katta, lekin donor organlar yetarli emas. Cho‘chqa a’zolaridan foydalanish esa inson salomatligini saqlashda yangi yo‘nalish ochishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!