14:44 / 01.01.2021
2 390

Boshqa o‘lkalarda Yangi yil qanday kutib olinadi?

Boshqa o‘lkalarda Yangi yil qanday kutib olinadi?
Foto: «Goodfon.ru»
Har bir yurt, elat o‘z tarixi, an’anayu urf-odatlariga ega. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Yangi yilni boshqa davlatlar turlicha nishonlashadi. Quyida biri ikkinchisini takrorlamaydigan, Yangi yilni o‘ziga xos qarshi oladigan bir nechta mamlakatlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Xitoy bu kunni fevralda qarshi oladi
Xitoy Yangi yili – ko‘klam bayrami. Uning kirishini Oy fazasiga qarab belgilashadi. Har bir yil 12 jonivordan biriga bag‘ishlanadi.

Liboslar rang-barang, ko‘cha va uylar bezatilgan, shovqin-suronli bo‘lishi shart. Petardalar gumburlashi, baland tovushli paqildog‘u mushakbozliklar – bularning bari yovuz ruhlarni qo‘rqitib haydaydi hamda baxt qushini chorlaydi. Uylar saranjom-sarishta qilinadi, baxt-saodat uchun joy bo‘shatiladi. To‘kin dasturxon atrofida hatto boshqa shaharlarda o‘qiydigan yoki ishlaydiganlar ham albatta jam bo‘lishadi.

Yaponiyada bir oy nishonlanadi
Yaponiyada Yangi yilni Grigorian taqvimiga ko‘ra nishonlashadi. Bayram 25 dekabrda boshlanib, o‘ziyam bir oy davom etadi. Yaponlar xonadonini bambuk, olxo‘ri va archa shoxlaridan yasalgan bezaklar bilan bezashadi. Bu eson-omonlik, mo‘l-ko‘lchilik hamda sevgi-muhabbat ramzi sanaladi.

Yangi yil arafasida yaponlar albatta ibodatxonalarni ziyorat qilishadi hamda iqbol, sog‘lik tilashadi. Kechasi esa bir-birlarini oq va pushti rangli guruchli kulchalar bilan siylashadi. Bu ranglar ularga omad keltirishiga ishonishadi.

Tailandda 13 aprel kuni...
Tailand Yangi yili – Songkran qadimgi hind astrologik taqvimiga ko‘ra yil almashinuvini hamda yomg‘irlar mavsumi boshlanganini anglatadi.

Tailandliklar budda rohiblarini bayramona taomlar bilan mehmon qilishadi. Budda haykallarini atirgul va yasmin gulbarglari bilan yuvishadi. Bu kunlarda odamning quruq qolishi amrimahol: tog‘ora, shlanglardan o‘tkinchilarga suv sepishadi, oq loy, talk surtishadi. Bu tozalanish, yangilanish va yil bo‘yi yig‘ilib qolgan salbiy xususiyatlardan xalos bo‘lish ramzi hisoblanadi.

Birmaliklarda ham aprelda
Birma (Myanma)da Yangi yil taxminan 12 – 17 aprelda kirib keladi. Bayram Tinjan deb ataladi. Shovqin-suron va xursandchilik qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Negaki shu yo‘l bilangina yomg‘ir xudosi e’tiborini jalb qilish mumkin. Ko‘chalarda chinakam toshqin hosil qilishadi: yo‘lovchilarni chelagu rezina ichaklar bilan suvga bo‘ktirishadi.

Yoshlar keksa avlodga hurmat bajo keltirishadi: qariyalarning boshini loviya va po‘stloqdan tayyorlangan shampun bilan yuvib qo‘yishadi. Shuningdek, qurib qolayotgan suv havzasidan baliqni qutqarib, katta ko‘lga qo‘yib yuborish ham yaxshi alomat sanaladi. «Meni 10 marta qo‘yib yuborishlari uchun men 1 marta qo‘yib yuboryapman», deya ichlarida niyat qilishadi.

Hindistonda qayta-qayta nishonlanadi
Hindistonda Yangi yil dunyoning har qanday mamlakatidan ko‘ra ko‘proq qarshi olinadi. An’anaviy hind yili – Gudi-padva martda qarshilanadi. Bir qancha shtatlarda u yerda yashovchi xalqlar Yangi yilni an’anaviy taqvimga ko‘ra bayram qilishadi.

Eng yorqin bayramlardan biri – Bengaliya Yangi yili, Xoli. Bo‘yoqlar festivali ko‘klam boshlarida bo‘lib o‘tadi. Birinchi kuni Xolika ma’budasining tulumini yoqib, chorva mollarini alanga ustidan haydashadi va ko‘mir ustida yurishadi. Keyin esa vaqtichog‘lik qilishadi, bir-biriga rang-barang bo‘yoqlarni sepishadi.

11 sentabr tantanasi
11 sentabrda yomg‘irlar mavsumi tugaganda Efiopiyada Yangi yil – Enkutatashni qarshi olishadi. Efiopiyaliklar evkalipt, archadan katta gulxanlar yoqishadi. Addis-Abeba (poytaxt) bosh maydonida to‘plangan shaharliklar asosiy gulxanning uchi qaysi tomonga qulashini kuzatib turishadi. Gulxanning tepa qismi qulab tushgan tomonda kelayotgan yil mo‘l-ko‘l hosil berishini anglatadi.

Bayram chog‘i milliy liboslar kiyilib, mehmondorchilik qilinadi. Yorqin kiyingan bolalarga shoxchalardan yasalgan gullar berishadi, qo‘shnilarnikiga chiqishadi. Pul mukofoti evaziga qizlar ashula aytishadi, o‘g‘il bolalar rasm chizib berishadi.

U yerda ko‘prikdan sakrashadi!
Yangi yilda italiyaliklar derazadan keraksiz lash-lush va eski-tuski buyumlarini uloqtirishadi. Aytishlaricha, qancha ko‘p eski narsalar tashlansa, Yangi yilda shuncha ko‘p baxt-saodatga erisharkanlar. Italiyada Yangi yil kirib kelishini 1 yanvarga o‘tar kechasi kutib olishadi. Odamlar transport harakati cheklangan, rang-barang bezatilgan ko‘chalarga chiqishadi hamda maydonlarda mushakbozlik qilishadi.

Rimda bayram kechasi ko‘prikdan Tibr daryosiga sakrash baxt belgisi hisoblanadi.

Shotlandiyada qachon?
Samayn qadimgi kelt bayrami bo‘lib, hosil yig‘ib tugatilgani va Yangi yil boshlanganini anglatadi.

Olov, sham, gulxan bayramda albatta bo‘lishi shart. Gulxanlar orasidan chorva mollarini haydashadi hamda odamlar olov ustidan sakrashadi. Bu qadimiy marosim olov bilan tozalanish deyiladi. Kelt xalqlarida: Shotlandiya, Irlandiya va Men orolida 31 oktabrdan 1 noyabrga o‘tar kechasi hozir ham Yangi yil hisoblanadi.

Eskichasiga nishonlanadigan joy ham mavjud
Pembrukshir, Gvaun vodiysida jin ko‘chali va qaysar odamlar yashaydigan kichik bir qishloqcha bor. Butun Buyuk Britaniya Grigorian taqvimiga o‘tganiga ancha bo‘ldi, biroq bu qishloqcha aholisi haligacha Yangi yilni eskichasiga qarshi olishadi.

Gvaun vodiysida Yangi yil 13 yanvar kuni kirib keladi. Bolalar bu bayramda valliy tilida eski qo‘shiqlarni kuylashadi hamda sovg‘a-salom va shirinlik so‘rab qo‘shnilarnikiga chiqishadi.

Feruza tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Boshqa o‘lkalarda Yangi yil qanday kutib olinadi?